O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Muammoning yechimi sayyor qabulni kutayotgan edimi?
2017-08-22 | Jamiyat
Navoiy viloyati Zarafshon shahrida yashovchi Z.Normatovaning o‘g‘li Ozodjon Normatov Rossiya Federatsiyasidagi oliy ta’lim muassasalaridan birida tahsil oladi. O‘g‘lining xarajatlariga bank orqali pul o‘tkazish uchun har oy bankdan 50 dollar sotib olishiga yordam berish haqidagi so‘rovi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan hal etilmayotganini bildirib murojaat qildi. Masala mutasaddilar aralashuvi bilan ijobiy hal etiladigan bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri A.Azizov Navoiy viloyati aholisi bilan o‘tkazgan sayyor qabullarda bu kabi ko‘plab muammolarga yechim topildi.
Ikki kun davom etgan sayyor qabullarda 300 dan ortiq turli mazmundagi murojaatlar ko‘rib chiqildi. Murojaatlarning 125 tasi joyida hal etilib, qanoatlantirildi. 188 tasini to‘liq va qisqa muddatlarda ko‘rib chiqish bo‘yicha mas’ul rahbarlarga topshiriq berilib, nazoratga olindi.
Xalq bilan uchrashuvlarda Xatirchi va Navbahor tumanlarida faoliyat ko‘rsatayotgan tijorat banklarida fuqarolar murojaatlariga loqayd qarash holatlariga yo‘l qo‘yilayotgani ayon bo‘ldi. Jumladan, Xalq banki Xatirchi tumani filiali tomonidan Guliston va Chinobod mahallalarida yashovchi oliy o‘quv yurtlariga shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan 39 nafar yoshga ta’lim krediti ajratilishi masalasi paysalga solib kelingan. Sayyor qabulda murojaatlarning barchasi ijobiy hal etildi.
– Tuman hokimligiga savdo markazimizni kengaytirish uchun yer ajratish haqida bir necha bor murojaat qildim, lekin masala ijobiy hal etilmadi, – deydi karmanalik tadbirkor Kamol Ro‘ziyev. – Agar rejam amalga oshsa, yana besh nafar yosh doimiy ish bilan ta’minlanadi. Uchrashuv davomida tuman hokimligi va mutasaddi idoralarga qisqa muddatlarda bu masalani ijobiy hal etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Bundan juda xursand bo‘ldim.
Sayyor qabul davomidagi tahlillar shuni ko‘rsatadiki, mahalliy hokimliklar, mutasaddi idoralar, bandlikka ko‘maklashish markazlari tomonidan joylarda ishsiz fuqarolarni doimiy daromad manbai bilan ta’minlash masalasiga yetarlicha e’tibor qaratilmagan. Natijada fuqarolar joyida hal etilishi mumkin bo‘lgan kichik masalalar bo‘yicha ham yuqori tashkilotlarga murojaat qilishga majbur bo‘lmoqda.
Sayyor qabulda bildirilgan murojaatlarning 127 tasida ish bilan ta’minlash masalasi ko‘tarilgan. Ishsizlik muammosi, ayniqsa, Zarafshon shahri va Navbahor tumanida dolzarb ekani ma’lum bo‘ldi.
Vazir qabulida Navbahor tumanidan 1935-yilda tug‘ilgan fuqaro B.Qulmatov va uning turmush o‘rtog‘i bir necha yillardan buyon davolanish uchun ixtisoslashtirilgan shifoxona yoki sanatoriy-kurort muassasasiga imtiyozli shartlarda bepul yo‘llanma ololmayotgani masalasi muhokama etilib, joyida ijobiy yechim topdi.
Kishini hayratga soladigan jihati shuki, bildirilayotgan murojaatlarning ko‘pchiligi mahalliy idoralar tomonidan hal etilishi mumkin bo‘lgan masalalardir. Ammo negadir yillar davomida e’tibordan chetda qolib kelgan. Savol tug‘iladi: fuqaroning joyida hal etilishi mumkin bo‘lgan qonuniy manfaatini ta’minlash uchun ham sayyor qabullar tashkil etish kerakmi?