O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni yanada takomillashtirish to‘g‘risida
2017-08-11 | Hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari, noshirlik va matbaa faoliyatini rivojlantirish, so‘z va axborot erkinligini ta’minlash borasida 10 dan ziyod qonun va 150 dan ortiq qonunosti hujjatlari qabul qilinib, sohada mustahkam huquqiy baza yaratildi.
Bugungi kunda yurtimizda 1991-yilga nisbatan ommaviy axborot vositalari qariyb 4-martaga, nashriyotlar 13 karra va matbaa korxonalari 12 barobarga ko‘payib, ularning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati sezilarli darajada yaxshilandi.
Ayni vaqtda ommaviy axborot vositalari va nashriyotlar faoliyatini muvofiqlashtirish, bu tarmoqda miqdor ko‘rsatkichlarini sifat ko‘rsatkichlariga aylantirish, mamlakatimiz milliy media maydonida sog‘lom raqobat muhiti, zamonaviy axborot xizmatlari bozorini shakllantirish, joylarda faoliyat ko‘rsatayotgan ommaviy axborot vositalarining moddiy-texnika bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash masalalari dolzarbligicha qolmoqda.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, matbuot va axborot sohasida davlat siyosatini amalga oshirish va sohaga oid masalalarni hal etish vakolati berilgan O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi o‘ziga yuklatilgan vazifalarni to‘liq va samarali amalga oshirmayotgani bois bozor munosabatlari sharoitida ommaviy axborot vositalariga uslubiy yordam ko‘rsatish, ularning ishini prinsipial jihatdan kuzatish, baholash, tahlil qilib borish, zarur hollarda qo‘llab-quvvatlash yoki iqtisodiy, huquqiy choralarni qo‘llash kabi amaliy mexanizmlarning ta’siri deyarli sezilmayapti.
Buning oqibatida ommaviy axborot vositalari va nashriyotlar tomonidan o‘zining nizom talablariga to‘g‘ri kelmaydigan, milliy qadriyatlarimizga zid, g‘oyaviy hamda matbaa sifati past mahsulotlar ishlab chiqarish holatlariga yo‘l qo‘yilmoqda.
Ommaviy axborot vositalari va matbaa korxonalarini ro‘yxatga olish, noshirlik faoliyatini litsenziyalash hamda ularning faoliyatini monitoring qilish bo‘yicha tegishli talab va normativlar axborot bozorining bugungi holatidan kelib chiqqan holda ishlab chiqilmagan.
Bunday holatlarga nisbatan tegishli choralarni qo‘llash masalasida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining roli va ta’siri deyarli sezilmayapti.
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi faoliyatini tubdan takomillashtirish, ommaviy axborot vositalari, noshirlik va matbaachilikni yanada rivojlantirish, zamonaviy axborot bozorini shakllantirish hamda axborot-kutubxona faoliyati borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida:
1. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik deb yuritiladi) ommaviy axborot vositalari, axborot almashish, matbuot, noshirlik, matbaachilik, axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi etib belgilansin.
2. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilansin:
ommaviy axborot vositalari faoliyatiga doir qonunchilik ijrosini ta’minlash;
ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaachilik va axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirish;
ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaachilik va axborot-kutubxona faoliyatida qonun hujjatlari, davlat va tarmoq standartlariga rioya etilishi, so‘z va axborot erkinligi kafolatlariga rioya etilishi borasida monitoring va nazoratni amalga oshirish;
axborot xavfsizligini ta’minlash, axborot sohasidagi xuruj va tahdidlarning oldini olishga qaratilgan choralarni amalga oshirishda ishtirok etish;
kitob targ‘iboti orqali xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, kitobxonlik an’analarini keng targ‘ib qilish, elektron va audio kitoblar yaratish, kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish;
ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan nashrlarning chop etilishi bo‘yicha maqsadli dasturlarni tayyorlash va ijrosini tashkillashtirish;
xorijda o‘zbek tili va adabiyotini keng targ‘ib qilish, nashriyotlarga kitob mahsulotlarining xalqaro kitob bozorida o‘z mavqei va salmog‘iga ega bo‘lishida ko‘maklashish;
mamlakatimiz fuqarolari va yuridik shaxslarining axborotlarni tayyorlash, tarqatish, ulardan foydalanish sohasidagi huquq va manfaatlarini himoya qilishda qatnashish;
mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, ommaviy axborot vositalari uchun media bozorida teng sharoitlar yaratish bo‘yicha zarur tadbirlar ishlab chiqish;
noshirlik va matbaachilik yo‘nalishidagi texnik-texnologik bazani rivojlantirish, ularni zamonaviy jihatdan yangilash, standartlashtirish hamda sertifikatlashtirish, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaachilik va axborot-kutubxona faoliyati sohasida milliy va xalqaro tanlovlar, ko‘rgazma-yarmarka va boshqa ommaviy tadbirlarni tashkil etish;
matbuot va axborot, noshirlik, matbaachilik, axborot-kutubxona faoliyati sohalarida tegishli mintaqaviy, xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish.
3. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, Xalq ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasarrufidagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasini Agentlik tarkibiga o‘tkazish;
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi muassisligidagi “Tong yulduzi” va “Klass!” gazetalari hamda “Gulxan” va “G‘uncha” jurnallarini O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tasarrufiga to‘liq o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda Agentlik faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini tayyorlab, belgilangan tartibda kiritsin.
5. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni takomillashtirish to‘g‘risida” 2002-yil 3-iyuldagi PF-3103-sonli Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.M.Sultonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 11-avgust
* * *
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda matbuot va ommaviy axborot vositalarini liberallashtirish va rivojlantirish, so‘z erkinligini ta’minlashga qaratilgan, demokratik talab va standartlarga to‘la javob beradigan 10 ga yaqin qonun hujjatlari qabul qilinib, bu borada mustahkam huquqiy baza yaratilgan.
Hozirgi kunda yurtimizda 1500 dan ziyod ommaviy axborot vositasi faoliyat ko‘rsatayotgani, ularning safiga yaqinda qo‘shilgan, kechayu kunduz uzluksiz faoliyat olib borayotgan “O`zbekiston-24” telekanali ham milliy axborot makonida o‘z munosib o‘rni va o‘z tomoshabinlarini topib borayotgani, Internet – global tarmoqda Uz domenli veb-saytlar, axborot portallari soni 400 dan oshib ketganini alohida ta’kidlash zarur.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yaqinda mamlakatimiz ijodkor ziyolilari bilan bo‘lgan uchrashuvda adabiyot, san’at, madaniyat sohasini yanada rivojlantirish, bu borada ish samaradorligini oshirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekaniga alohida e’tibor qaratib, shu yo‘nalishda qator farmon va qarorlar loyihasi tayyorlanayotgani haqida to‘xtalib o‘tgan edi. Ana shunday muhim hujjatlardan biri – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoniga imzo chekilgani mazkur yig‘ilishda aytilgan maqsad va vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha ishlar qat’iy izchillik asosida olib borilayotganini ko‘rsatadi.
Ma’lumki, har qanday davlatda demokratik, huquqiy, insonparvar jamiyat barpo etish ko‘p jihatdan ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaa faoliyatining darajasiga bog‘liq. Bu borada mustaqillik yillarida O‘zbekistonda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, so‘z va axborot erkinligining ta’minlangani, ijodkorlarning erkin fikr yuritish imkoniyatiga ega bo‘lgani sohada islohotlarni amalga oshirishga sharoit yaratdi. O‘tgan yillar davomida sohaning moddiy-texnik asosi mustahkamlandi, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor berildi.
Shu bilan birga, keyingi paytda bu borada qator kamchilik va muammolar mavjudligi ham sezila boshladi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, bugungi kunda faoliyat olib borayotgan ommaviy axborot vositalari mamlakatimiz fuqarolari ma’naviy olamini yuksaltirish, ularda tevarak-atrofda yuz berayotgan voqea-hodisalarni to‘g‘ri tahlil qila olish va xolisona xulosa chiqarish ko‘nikmalarini shakllantirishda hamma vaqt ham faollik ko‘rsata olmayapti. Ayniqsa, xususiy ommaviy axborot vositalari, nashriyotlarning faoliyati nochor ahvolda, ular xalqimizning yuksak ma’naviy-estetik ehtiyojlari darajasida ish yurita olmayapti.
Xususiy mulk shaklidagi gazetalar, radiostansiyalar orqali e’lon qilinayotgan mazmunan sayoz, ijtimoiy ahamiyati past, “ommaviy madaniyat” ruhidagi materiallar, afsuski, vaqtida malakali bahosini olmayapti va ularga nisbatan tegishli qonuniy choralar qo‘llanmayapti. Ushbu o‘ta mas’uliyatli ishni bajarishga mas’ul bo‘lgan O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi o‘ziga yuklatilgan vazifalarni ado etishda sustkashlikka yo‘l qo‘ymoqda.
Prezident Farmoniga muvofiq Matbuot va axborot agentligi ommaviy axborot vositalari, axborot almashish, matbuot, noshirlik, matbaachilik, axborot-kutubxona faoliyati sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi etib belgilandi.
Farmonda ommaviy axborot vositalari faoliyatiga doir qonunchilik ijrosini ta’minlash, so‘z va axborot erkinligini kafolatlash, noshirlik, matbaachilik va axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirish, shuningdek, so‘z va matbuot erkinligi kafolatlariga rioya etilishi borasida monitoring va nazoratni amalga oshirish muhim vazifa sifatida belgilab qo‘yildi.
Ayni paytda ommaviy axborot vositalari, matbuot sohasi axborot xavfsizligini ta’minlash, axborot sohasidagi xuruj va tahdidlarning oldini olishga qaratilgan choralarni amalga oshirishda faol ishtirok etishi zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’lumki, bugungi kunda yurtimizda kitob mahsulotlarini nashr qilish va tarqatish tizimi samaradorligini oshirish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish kabi dolzarb vazifalarni amalga oshirish uchun mamlakatimizda 118 nashriyot, 1 ming 760 matbaa korxonasi, minglab ijodiy va texnik xodimlar faoliyat olib borayotganini, ularning sa’y-harakatlari bilan har yili 7 tilda 60 million nusxadan ortiq kitob chop etilayotganini qayd etish lozim.
Ushbu Farmonda kitob targ‘iboti orqali xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, kitobxonlik an’analarini keng targ‘ib qilish, elektron va audio kitoblar yaratish, kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan nashrlarning chop etilishi bo‘yicha maqsadli dasturlarni tayyorlash va ijrosini tashkillashtirish, shuningdek, xorijda o‘zbek tili va adabiyotini keng targ‘ib qilish, nashriyotlarga kitob mahsulotlarining xalqaro kitob bozorida o‘z mavqei va salmog‘iga ega bo‘lishida ko‘maklashish mazkur sohada bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Alohida e’tiborga loyiq masalalardan biri shundan iboratki, Farmonda mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, ommaviy axborot vositalari uchun media bozorida teng sharoitlar yaratish bo‘yicha muayyan tadbirlar ishlab chiqish, noshirlik va matbaachilik yo‘nalishidagi texnik-texnologik bazani rivojlantirish, ularni zamonaviy jihatdan yangilash, standartlashtirish hamda sertifikatlashtirish, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, sohada milliy va xalqaro tanlovlar, ko‘rgazma-yarmarka va boshqa ommaviy tadbirlarni tashkil etishga jiddiy e’tibor qaratildi.
Prezident Farmoniga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tarkibiga o‘tkazildi. Shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi va O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi muassisligidagi “Tong yulduzi” va “Klass!” gazetalari hamda “Gulxan” va “G‘uncha” jurnallari Xalq ta’limi vazirligi tasarrufiga to‘liq o‘tkazildi.
Muxtasar aytganda, ushbu Farmon, hech shubhasiz, mamlakatimizda matbuot va axborot sohasida olib borilayotgan davlat siyosatining samaradorligini oshirish, milliy media maydonida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ommaviy axborot vositalariga uslubiy yordam ko‘rsatishda beqiyos rol o‘ynaydi, fuqarolarimiz o‘rtasida mustahkam ma’naviy muhitni vujudga keltiradi, ularning ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qiladi.