O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston iqtidorlarga boy mamlakat
2017-08-11 | Sport
2017-yil 11-13-avgust kunlari Toshkentda Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti kubogi uchun Osiyo mintaqasi musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Mazkur nufuzli musobaqa munosabati bilan mamlakatimizga tashrif buyurgan Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti Cho Chung Von O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashish men uchun katta sharaf.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Butunjahon taekvondo federatsiyasi o‘rtasidagi samarali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari va istiqboldagi rejalarni muhokama qildik.
O‘zbekistonda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor samarasida taekvondo ham jadal rivojlanmoqda. Mamlakatingizda yigirma mingdan ortiq o‘g‘il-qiz taekvondo bilan muntazam shug‘ullanayotgani ham bu sport turining naqadar ommalashganidan dalolat beradi. O‘zbekiston iqtidorli sportchilarga boy – ular so‘nggi yillarda yirik xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyat qozonmoqda.
Biz hamkorligimizni maxsus dasturlar asosida yangi bosqichga ko‘tarish, xususan, murabbiylar malakasini oshirish bo‘yicha aloqalarni yanada mustahkamlashga kelishib oldik. Bu O‘zbekiston taekvondochilarini 2020-yil Tokio (Yaponiya) shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlariga puxta tayyorlashda muhim omil bo‘ladi.
O‘zbekiston taekvondochilarining jahon va mintaqa chempionatlari, yirik musobaqalarda erishayotgan yuksak natijalari mamlakatingizda sport sohasida izchil islohotlar amalga oshirilayotgani, mahoratli sportchilarni tarbiyalash bo‘yicha mukammal tizim yaratilganidan dalolat beradi.