O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Mamlakatimiz qurilish sohasi xodimlariga

2017-08-11 | Siyosat

Qadrli vatandoshlar! 

Muhtaram do‘stlar! 

Avvalo, siz, azizlarni – usta binokorlar, me’mor va loyihachilarni, pudratchi tashkilotlar vakillari hamda faxriylarni, ushbu tizimga daxldor barcha yurtdoshlarimizni mamlakatimizda ilk bor nishonlanayotgan qutlug‘ sana – Qurilish sohasi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, barchangizga chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman. 

G‘oyat mas’uliyatli va sharafli kasb bo‘lgan quruvchilik haqida gap ketganda, avvalo sizlarning fidokorona mehnatingiz bilan bunyod etilgan ulkan korxona va inshootlar, shinam uy-joylar, uzog‘imizni yaqin qiladigan ravon yo‘l va ko‘priklar, ta’lim-tarbiya, tibbiyot, madaniyat va sport maskanlari, obod shahar va qishloqlar ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. 

Bir so‘z bilan aytganda, bugungi go‘zal va farovon hayotimizni, mamlakatimizning kelgusi taraqqiyotini qurilish sohasidan, sizdek olijanob kasb egalari mehnatidan ayri holda tasavvur etolmaymiz. 

Aziz do‘stlar! 

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlar qatori qurilish sohasi ham juda katta va sharafli rivojlanish yo‘lini bosib o‘tganini ko‘plab misollarda ko‘rish mumkin. 

Amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida mustahkam huquqiy-me’yoriy, moddiy-texnik bazaga, ulkan kadrlar salohiyatiga ega bo‘lgan mazkur ko‘p tarmoqli soha taraqqiyotimiz lokomotivlaridan biriga aylandi, deb aytishga bugun barcha asoslarimiz bor. 

Hozirgi kunda mamlakatimizda 24 mingga yaqin qurilish-pudrat va 950 tadan ziyod loyiha tashkilotlari, qurilish materiallari ishlab chiqaradigan 8 mingta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda turli millatga mansub ming-minglab malakali ishchilar, muhandis-texnik xodimlar, mutaxassislar jonbozlik ko‘rsatib mehnat qilmoqda. 

Keyingi o‘n yilning o‘zida qurilish sohasida investitsiya loyihalari doirasida 196 trillion 6 milliard so‘mlik kapital qo‘yilmalar o‘zlashtirilgani, markazlashtirilgan moliyaviy manbalar hisobidan 20 mingdan ziyod obyekt, jumladan, 7 ming 440 ta umumta’lim maktabi, 1 ming 824 ta kasb-hunar kolleji va akademik litsey, 1 ming 951 ta bolalar sporti inshooti, 949 ta shifoxona va 3 ming 708 ta ichimlik suvi obyekti barpo etilgani, chet el kreditlari evaziga 40 milliard 3 million dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirilgani sizlarning bunyodkorlik mehnatingiz jamiyatimizga qanday katta naf keltirayotganini yaqqol ko‘rsatib turibdi. 

Bugungi kunda shahar va qishloqlarimizda aholini zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlash borasida olib borayotgan keng ko‘lamli ishlarimizning ahamiyatini xalqimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi. Bu yo‘nalishda qabul qilgan muhim dasturlarimiz aynan sizlarning mehnatingiz, mahoratingiz tufayli o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilmoqda va buni yurtimizdagi ko‘plab xonadon egalari chuqur minnatdorlik bilan e’tirof etishmoqda. 

So‘nggi o‘n yilda 1 ming 308 ta qishloq massivida namunaviy loyihalar asosida 69 ming 557 ta har tomonlama qulay uy-joylar barpo etilib, 83 ming 500 oilaning yashash sharoiti tubdan yaxshilandi. 

Biz xalqimiz, ayniqsa, aholining kam ta’minlangan qatlamlari, yosh oilalar uchun qulaylik yaratish maqsadida arzon va shinam uy-joylar qurish dasturini amalga oshirmoqdamiz. Hozirgi kunda barcha viloyatlarimiz markazlarida 191 ta, Toshkent shahrining Sergeli tumanida 102 ta, qishloq joylarda esa 15 mingta ana shunday uy-joylar jadal sur’atlar bilan barpo etilmoqda. 

Uy-joylar, turli bino va inshootlar bilan birga hududlarimizda ijtimoiy infratuzilma obyektlari, ko‘cha va maydonlar, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ta’lim, tibbiyot muassasalari, bog‘ va xiyobonlar, favvoralar, bolalar maydonchalari, dam olish maskanlari qurilayotgani odamlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratmoqda. 

Sizlarga yaxshi ayon, yurtimiz qadim-qadimdan bunyodkorlik an’analari bilan dunyoga dong taratib kelgan. Ana shu bezavol an’analarni davom ettirish va zamonaviy me’morlik yutuqlari bilan uyg‘unlashtirish asosida o‘zbek qurilish maktabi bugungi kunda rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarilmoqda. 

Qadrli do‘stlar! 

Sizlarga ma’lumki, mamlakatimizda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida barcha sohalar kabi qurilish sohasida ham tub islohotlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi markaziy apparati hamda ushbu yo‘nalishdagi tashkilotlarning tarkibiy tuzilmasini takomillashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va faoliyat samaradorligini oshirish, ishchilar sonini optimallashtirish, tuman va shahar bosqichlarida shtatlarni ko‘paytirish singari keng ko‘lamli ishlarning barchasi, ishonchim komil, soha rivojida yangi ufq va istiqbollar ochib beradi. 

Ana shu maqsadlardan kelib chiqqan holda, yana bir muhim masala – sohada malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, o‘quv jarayonlarini qurilish va loyiha ishlari bilan chambarchas bog‘liq ravishda olib borishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu asosda Toshkent arxitektura-qurilish instituti hamda Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti, shuningdek, soha uchun kadrlar tayyorlaydigan bir qator kasb-hunar kollejlari Qo‘mita tasarrufiga o‘tkazildi. Shu bilan birga, Farg‘ona vodiysida qurilish sohasi uchun yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olib, Namangan muhandislik-qurilish instituti tashkil etildi. 

Shu bilan birga, bugun oldimizda qurilish sohasida hal qilinishi lozim bo‘lgan bir qator dolzarb masalalar turgani, ularga yechim topish, mavjud muammolarni o‘z vaqtida hal etish muhim hayotiy vazifalarimizdan biri ekanligini yaxshi anglashimiz zarur. 

Xususan, mamlakatimizda mustahkam poydevorga ega bo‘lgan va har tomonlama shakllangan zamonaviy qurilish industriyasini yaratish, tarmoqning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, jahon standartlariga javob beradigan raqobatbardosh qurilish materiallarini ishlab chiqarishni keng yo‘lga qo‘yish va bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni, metod va yondashuvlarni joriy etish, shaharsozlik borasida konstruktiv va arxitektura-rejalashtirish yechimlarini optimallashtirish, kapital qurilishdagi nomutanosiblik va muammolarga barham berish, samarasiz ishlayotgan loyiha institutlari faoliyatini tubdan qayta tashkil etish, zamonaviy ilm-fan, axborot texnologiyalari, arxitektura va dizayn yutuqlaridan oqilona foydalanish jarayonini jadallashtirish, kadrlar salohiyatini yuksaltirish kabi kechiktirib bo‘lmaydigan muhim masalalar bugun ushbu soha vakillarining va mutasaddi rahbarlarning ustuvor maqsadlaridan biriga aylanishi lozim. Buning uchun esa qurilish sohasida mehnat qilayotgan barcha xodimlardan chuqur bilim, yuqori kasbiy mahorat, izlanish, tashabbuskorlik va fidoyilik kabi fazilatlar talab etiladi. 

Bunday sa’y-harakatlar, albatta, o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatadi. Shundagina bunyodkorlik ishlarimizning sifati va samaradorligi ortib, jonajon Vatanimiz yanada go‘zal va obod bo‘ladi. 

Aziz va muhtaram quruvchilar, soha xodimlari! 

Sizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, olijanob faoliyatingizda va shaxsiy hayotingizda yutuq va omadlar, oilalaringizga baxtu saodat, fayzu baraka tilayman. 

Hech qachon charchamang, mashaqqatli va sharafli mehnatingizning rohatini ko‘ring, aziz do‘stlar! 
 

          Shavkat Mirziyoyev, 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Поделиться