O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Farg‘onada Vatanimiz mustaqilligining 26-yilligiga bag‘ishlab adabiyot kunlari bo‘lib o‘tdi

2017-08-10 | Jamiyat

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda taniqli shoir-yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar, yosh ijodkorlar ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov va boshqalar milliy adabiyotimizni rivojlantirish, uning ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilgan yozuvchi-shoirlarning ijodini o‘rganish, targ‘ib qilish, asarlarini nashr etishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 3-avgust kuni ijodkor ziyolilar vakillari bilan uchrashuvida milliy madaniyatimiz, adabiyot va san’atimizning rivojlanish jarayonlari xolisona, tanqidiy baholanib, bu borada yechimini kutayotgan dolzarb muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar belgilandi. 

Qo‘qon shahrida boshlangan adabiyot bayrami viloyat bo‘ylab katta shodiyonalarga ulanib ketdi. Qo‘qon shahar musiqali drama teatrida o‘tkazilgan “Amiriy va Qo‘qon adabiy muhiti” mavzusidagi ilmiy-amaliy anjumanda Qo‘qon adabiy muhitining shakllanishi, bu yerdan yetishib chiqqan adabiyot namoyandalari va ularning ijodi haqida so‘z yuritildi. Teatr ijodiy jamoasi tomonidan Amiriy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishi namoyish etildi. Ishtirokchilar Amiriy va Nodirabegim xoklari qo‘yilgan Dahmai shohon qadamjosini ziyorat qildi. Abdulla Qahhor hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjumanda adibning mahorat maktabi, asarlari va adabiyotimizdagi o‘rni haqida fikr almashildi. 

– Qo‘qon adabiy muhitida yetishib chiqqan ijodkorlar milliy adabiyotimiz rivojiga katta hissa qo‘shgan, – deydi O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo. – Bugun ham ularning munosib izdoshlari ko‘p. Prezidentimiz rahnamoligida ijod ahliga qaratilayotgan alohida e’tibor biz, ijodkorlarni istiqlol g‘oyalariga xizmat qiladigan sara asarlar yaratishga undamoqda. Farg‘onada bo‘lib o‘tayotgan adabiyot kunlari ham barchamizga yanada ilhom va kuch-quvvat bag‘ishlamoqda. 

Uchko‘prik tumanida milliy adabiyotimiz rivojiga munosib hissa qo‘shgan Haziniy, O‘zbekiston tumanida taniqli shoir Yo‘ldosh Sulaymon ijodiga bag‘ishlangan adabiy kecha bo‘lib o‘tdi. Ayniqsa, O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon ijodiga bag‘ishlangan anjuman adabiyot ixlosmandlarida katta taassurot qoldirdi. 

Uzoq yillar mobaynida mamlakatimizdagi bolalar nashriyotlari, bosma nashrlar, elektron ommaviy axborot vositalarida faoliyat ko‘rsatgan A.Obidjon serqirra ijodkor sifatida adabiyot muxlislari, xususan, yosh kitobxonlar qalbidan joy olgan. Uning she’r va hikoyalari bolalarga xos samimiyligi, tilining soddaligi, hayotiyligi va yumorga boyligi bilan har qanday kitobxonni o‘ziga jalb etadi. Barcha asarlari kattalarga hurmat, rostgo‘ylik, mehnatsevarlik, vatanparvarlik singari yuksak insoniy g‘oyalar bilan sug‘orilgan. 

Adabiyot bayramining yakuniy tadbiri Farg‘ona shahrida Islom Karimov nomidagi Teatr-konsert saroyida bo‘lib o‘tdi. Taniqli san’atkorlar va yosh ijrochilar ishtirokidagi konsert dasturi tadbirga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. 

Tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyev so‘zga chiqdi.

 

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA

Поделиться