O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
OAV haqidagi qonunlarga qat’iy rioya qilish ta’minlanadi
2017-08-10 | Jamiyat
Milliy matbuot markazida bosma va elektron ommaviy axborot vositalarining bugungi faoliyati va istiqboldagi vazifalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan ro‘yxatga olinib, davlat reyestriga kiritilgan ommaviy axborot vositalarining umumiy soni 1 ming 564 tani tashkil etadi. Bular 694 gazeta, 330 jurnal, 14 axborotnoma-byulleten, 4 axborot agentligi, 68 televideniye, 37 radiostansiya, 418 veb-saytdir. Ular 7 tilda va siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy, sport kabi 20 dan ortiq yo‘nalishda faoliyat olib bormoqda.
Davriy nashrlarning soni, matbaa sifati, materiallarining saviyasi, mazmun-mohiyatida sodir bo‘lgan ijobiy o‘zgarishlarni inkor etmagan holda, ularni hozirgi kun talabiga to‘la javob beradi, aholining davr bilan birga o‘sib borayotgan talabi, didi, ma’naviy ehtiyojini to‘la qondiradi, deb bo‘lmaydi. Ayrim xususiy gazeta-jurnallarda chop etilayotgan materiallarning g‘oyaviy-badiiy saviyasi past. Misol uchun, “Kelinchak”, “Humo” jurnallari, “Otdoxnem!” gazetasi o‘z sahifalarida asosan G‘arb san’atkorlarining "ishqiy hayoti"ni muntazam yoritmoqda, oilaviy qo‘nimsizlik, er-xotinning bir-biriga xiyonati, nikohsiz turmush singari illatlarni oddiy hol sifatida yozmoqda. Odamlarni shu kabi “sahnalar” bilan o‘ziga jalb qilishga urinayotgan "tadbirkor ijodkor"larga agentlik tomonidan bir necha marotaba ogohlantirish xatlari kiritilsa-da, ular o‘z faoliyatiga tanqidiy yondashib, xulosa chiqarish, tahririyatlar ishiga ma’naviy yetuk, boy hayotiy va kasb tajribasiga ega ijodkorlarni jalb qilish o‘rniga yot salbiy holatlarni targ‘ib etmoqda.
Agentlikdan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, qonunbuzarlik holatlariga bepisandlik bilan qarayotgan nashrlardan biri “Oltin asr” jurnalidir. Ushbu jurnal mualliflik huquqi me’yorlariga rioya qilmaslik, o‘zbek tili qoidalarini qo‘pol ravishda buzish bo‘yicha “rekordchi” nashrlardan biri. Xususan, nashrning 1-sonida o‘ndan ortiq material O‘zbekiston Milliy axborot agentligidan ko‘chirilganu asl manbasi ko‘rsatilmagan. O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Prezidentimiz farmon, qarorlarining nomi va normalarini buzib ko‘rsatish holatlari bo‘yicha ham “etakchi” bo‘lgan bu nashr sahifalarida sanoqsiz imloviy va uslubiy xatolarga yo‘l qo‘yilgan. Jurnal respublika miqyosidagi nashr hisoblanadi. Ammo unda chop etilayotgan qator maqolalarda material qaysi tuman yoki viloyatga mansubligi qayd etilmagan, mahalla yoki maktab nomi ko‘rsatilgan, xolos.
Ta’kidlanishicha, Surxondaryo viloyatidagi “Denov-ATR”, Buxoro viloyatidagi “G‘ijduvon-TV”, Jizzax viloyatidagi “Jizzax TV2” telekanallari, Andijon viloyatidagi “Diydor FM” radiokanali, “Taraqqiyot” telekanali sohaga oid qator me’yoriy hujjatlarning tegishli moddalarini doimiy ravishda buzib kelgan.
Qonunbuzilishlarga chek qo‘yish maqsadida 2017-yilning o‘tgan yetti oyi davomida agentlik tomonidan ommaviy axborot vositalariga 100 dan ortiq, nashriyot va matbaa korxonalariga 70 ga yaqin ta’sir choralari qo‘llanildi. Afsuski, qonunbuzilishlar yuzasidan tahririyatlar va muassislarga nisbatan qo‘llanilayotgan ta’sir choralaridan tegishli xulosa chiqarmaslik, ularga yaratib berilayotgan imkoniyat va erkinlikni suiiste’mol qilish oqibatida ko‘plab taqdimnoma va ko‘rsatmalar qog‘ozda qolib ketmoqda, natijada tahririyatlar faoliyatidagi xato va kamchiliklar takror sodir etilishi aniqlanmoqda.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston ijodkor ziyolilari bilan uchrashuvidagi ma’ruzasida ham bugungi kunda yengil-elpi kitoblar, sayoz, oldi-qochdi gazeta-jurnallar, tele-radiostansiyalar ko‘payib borayotgani keskin tanqid qilindi, – deydi O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori Laziz Tangriyev. – Bundan har birimiz tegishli va zarur xulosalarni chiqarib olishimiz shart. Bugungi kunda yurtimiz, xalqimiz oldida ommaviy axborot vositalarining sha’ni va qadrini, jurnalist, ziyoli degan sharafli nomni oqlash, unga munosib bo‘lish har bir ijodkorning yuksak mas’uliyati va vijdon ishi bo‘lmog‘i lozim.
Shu bois sohadagi kamchilik va salbiy holatlarga jamoatchilik e’tiborini qaratish, ayrim tahririyatlar faoliyatida yo‘l qo‘yilayotgan qonunbuzarlik holatlarining oldini olish maqsadida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi ommaviy axborot vositalari faoliyatida aniqlangan salbiy holatlar haqida o‘z saytida materiallar e’lon qilib, ularni keltirib chiqargan omillarni jiddiy tanqidiy tahlil etib, bartaraf etish yuzasidan taklif va tavsiyalar, amaliy yo‘riq va ko‘rsatmalar berib borishni yo‘lga qo‘ydi. Kelgusida agentlikda tashkil etilajak maxsus studiya orqali onlayn tarzda OAVning kunlik tahlili natijalarini berib borish ham rejalashtirilgan.
Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.