O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tanqidiy tahlil–samarali natija
2017-08-08 | Jamiyat
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashining plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezidentimizning “Parlamentimiz haqiqiy demokratiya maktabiga aylanishi, islohotlarning tashabbuskori va asosiy ijrochisi bo‘lishi kerak” nomli ma’ruzacidan kelib chiqib, partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari oldida turgan ustuvor vazifalar, ularni amalga oshirish mexanizmlari belgilab olindi. Partiyaning tuman va shahar kengashlari rahbarlari bilan joylardagi haqiqiy holat yuzasidan ochiq fikr almashildi.
Plenumda partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari, markaziy kengashi a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar kengashlari rahbarlari, partiya faollari qatnashdi.
Partiya markaziy kengashi raisi H.Ketmonov va boshqalar Prezidentimiz tomonidan siyosiy partiyalarning faoliyatiga nisbatan bildirilgan tanqidiy fikrlardan zarur xulosalar chiqarish lozimligini, partiya faoliyatida qator muammo va kamchiliklar borligini ta’kidladi. Partiya saylovoldi dasturidagi va’dalarni bajarish, partiya elektorati bo‘lgan pensionerlarning hayot darajasini yaxshilash, nogironlarning talab va ehtiyojlari, qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, “Muruvvat”, “Saxovat”, “Mehribonlik” uylari faoliyatini yanada sifatli tashkil etish, pensionerlarni dori-darmon bilan ta’minlash bo‘yicha kutilgan natijalarga erishilmagan.
Mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar ko‘rish hamda dolzarb ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy masalalar bo‘yicha partiyaning pozitsiyasini muntazam ravishda bildirib borish eng muhim vazifalardan ekanligi qayd etildi. Qonun hujjatlarini joylarga yetkazish va ijrosini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish, muayyan qonunning ijro etilishini nazoratga olish amaliyotini hamda partiyaning aholi bilan tizimli muloqotini yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Plenumda barcha darajadagi partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalariga alohida vazifalar belgilandi. Mahalliy kengashlardagi partiya guruhlarining faoliyatini tubdan takomillashtirish, samaradorligini oshirish maqsadida xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi guruhlarining ijrochi kotiblari lavozimlari joriy etildi. Ijrochi kotiblar “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlash bo‘yicha mahalliy kengashlar hamda partiya guruhlari tomonidan ishlab chiqilgan ish rejalar ijrosini muntazam monitoring qilib boradi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan yig‘ilishda partiya a’zolari mavjud kamchiliklar va ularni bartaraf etish borasida fikr-mulohazalar bildirdi.