O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Investitsiyalar hajmi oshmoqda
2017-08-08 | Iqtisodiyot
Milliy matbuot markazida "O‘zeltexsanoat" aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
"O‘zeltexsanoat" aksiyadorlik kompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari Mansur Hoshimov va boshqalar O‘zbekiston dunyo elektrotexnika sohasida o‘zining munosib mavqeiga ega ekani, mamlakatimizda kabel, sim, elektrotexnika, maishiy texnika va sohaga oid boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish uchun yetarlicha imkoniyatlar yaratilganini ta’kidladi. Bugungi kunda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tayyorlagan mahsulotlarning qariyb 60 foizi eksportga chiqarilmoqda.
Kompaniya tizimidagi 50 dan ortiq korxona kabel, sim, elektrotexnika, maishiy texnika mahsulotlari ishlab chiqarmoqda va texnik xizmat ko‘rsatmoqda.
– O‘tgan yillarda elektrotexnika sohasida 120 dan ortiq investitsiya loyihasi amalga oshirildi, – deydi kompaniya boshqarma boshlig‘i Abdurashid Mirjalilov. – Buning samarasida korxonalar Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy, AQSh, Turkiya kabi davlatlarda ishlab chiqarilgan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi. Bu esa jahon andozalariga mos mahsulotlar ishlab chiqarishda qo‘l kelmoqda.
Kompaniyada asosiy e’tibor yuqori qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishda innovatsion texnikalarni keng joriy etish, tarmoq uchun yosh mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish maqsadida zamonaviy ilmiy va institutsional bazalar yaratishga qaratilgan.
Elektrotexnika sanoati korxonalari faoliyatini yanada kuchaytirishda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 13-fevraldagi «2017-2021-yillarda elektrotexnika sanoatini boshqarishni yanada takomillashtirish, jadal rivojlantirish va diversifikatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori muhim dasturilamal bo‘layotir.
Amalga oshirilayotgan loyihalarda har bir hudud alohida e’tiborga olingan. Misol uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 18, Qashqadaryo viloyatida 8, Andijon viloyatida 3, Toshkent viloyatida 5 loyiha amalga oshirilishi kutilmoqda. 2021-yilga borib elektrotexnika sanoatida mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 2,5, eksport salohiyati qariyb ikki barobarga oshadi. Shuningdek, yangi turdagi tayyor va butlovchi qismlarni o‘zlashtirish evaziga importni qisqartirish, ish o‘rinlariga talab yuqori bo‘lgan hududlarda aholi bandligini ko‘proq ta’minlashga erishiladi.
Matbuot anjumanida tizimdagi bir nechta yirik korxonaning ishlab chiqarish salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.