O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kunini nishonlash to‘g‘risida
2017-08-08 | Hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Mamlakatimizda qurilish va bunyodkorlik ishlariga qaratilayotgan yuksak e’tibor natijasida sohada ulkan yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda. Shahar va qishloq aholi punktlarining me’moriy qiyofasini tubdan yangilash, ularni zamonaviy shaharsozlik talablari asosida rivojlantirish hamda aholining uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitini yaxshilashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida bugungi kunda mamlakatimiz ulkan qurilish-bunyodkorlik maydoniga aylandi.
Mazkur qurilish-bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish uchun respublikamizda 23,8 mingta pudrat tashkilotlari, 31 ta bosh loyiha instituti va 1000 ga yaqin loyiha tashkilotlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Mamlakatimizda qurilish sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha 3 ta arxitektura va qurilish instituti faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, 12 ta oliy ta’lim muassasasi hamda 390 ta kasb-hunar kollejida qurilish sohasi uchun mutaxassis kadrlar tayyorlanadi.
2017-yilda respublikamiz bo‘yicha barcha manbalar hisobidan jami 37,5 trillion so‘m hajmda qurilish ishlari bajarilib, o‘tgan yilga nisbatan 120,5 foizga o‘sish kuzatiladi. Natijada joriy yilda jami 15 mingta arzon namunaviy uylar, 191 ta arzon ko‘p qavatli uylar va 2,5 mingta ijtimoiy soha obyektlari foydalanishga topshiriladi.
Tasdiqlangan maqsadli dasturlar doirasida arzon namunaviy uy-joylar, ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy soha obyektlaridan tashqari, yirik inshootlar va infratuzilma obyektlari ham foydalanishga topshirilmoqda. Jumladan, so‘nggi yillarda Toshkent shahrida “Bunyodkor” stadioni, “Xayatt Rijensi” mehmonxonasi, “Inha” universiteti filiali, “Minor” masjidi, Farg‘ona shahrida san’at saroyi va futbol stadioni, Jizzax shahrida stadion va universal sport kompleksi, Urganch shahrida universal sport kompleksi va Navoiy davlat konchilik instituti bino-inshootlari zamonaviy shaharsozlik talablari asosida barpo etildi.
Qurilish sohasini jadal rivojlantirish, qurilishda yangi texnologiyalar va energiya tejamkor materiallarni qo‘llash, qurilish-pudrat va loyiha tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ular uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimini kuchaytirish soha rivojining yangi davrini boshlab berdi.
Sohada keng ko‘lamli islohotlarning amalga oshirilishi natijasida bugungi kunga kelib qurilish sohasi o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga ko‘tarildi.
Respublikada amalga oshirilayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlarini jadallashtirish, bugungi kunda sohada qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarni keng targ‘ib etish va sohada faoliyat olib borayotgan mutaxassislarni rag‘batlantirish maqsadida, shuningdek, sohada mehnat qilayotgan keng jamoatchilikning takliflarini inobatga olib:
1. 2017-yildan boshlab avgust oyining ikkinchi yakshanba kuni “O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni” deb e’lon qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimliklari, “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi, mutasaddi vazirlik, idora, xo‘jalik birlashmalari va tashkilotlar “O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni”ni sohaga mos tarzda va tantanali ravishda nishonlashni ta’minlasinlar.
3. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga “O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni”ni nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddat ichida “O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni”ni nishonlash bo‘yicha tegishli qonun loyihasini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.
5. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A.J.Ramatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 7-avgust