O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adabiyot va san’at, madaniyatni rivojlantirish – xalqimiz ma’naviy olamini yuksaltirishning mustahkam poydevoridir
2017-08-04 | Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvdagi ma’ruzasi
Assalomu alaykum, aziz do‘stlar, qadrli ustozlar!
Muhtaram vatandoshlar!
Bugun mana shu muhtasham saroyda siz, azizlar bilan – milliy madaniyatimizning ko‘zga ko‘ringan namoyandalari, atoqli shoir va adiblarimiz, teatr, kino, musiqa san’ati sohasining taniqli hamda yosh vakillari bilan, san’atshunos olimlar, jurnalistlar bilan uchrashib turganimdan benihoya xursandman.
Fursatdan foydalanib, sizlarga, sizlar orqali o‘zining yorqin iste’dodi, bilim va mahorati, fidokorona mehnati bilan jamiyatimizning ma’naviy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan barcha ijodkor ziyolilarimizga yuksak hurmat va ehtiromimni bildirib, samimiy tilaklarimni izhor etaman.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Inson qalbini, uning dardu tashvishlarini, xalqning orzu-intilishlari, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini betakror so‘z, ohang va ranglarda tarannum etishni o‘z hayotining ma’no-mazmuni deb biladigan siz, muhtaram ijod ahlining mehnati naqadar mashaqqatli, mas’uliyatli va sharafli ekanini barchamiz yaxshi bilamiz.
Men sizlarning ko‘pchiligingizni uzoq yillardan buyon yaqindan taniyman, asarlaringizni o‘qiganman, sizlar yaratgan kuy-qo‘shiqlarni, kartinalar, film va spektakllarni doimo katta qiziqish bilan tinglab, tomosha qilib kelaman.
Bir so‘z bilan aytganda, adabiyot va san’atning chinakam muxlisi bo‘lish nasib etganidan baxtiyorman.
Jizzax va Samarqand viloyatlarida hokim bo‘lib ishlaganimda ham, Toshkentdagi faoliyatim davomida ham siz, muhtaram ijodkorlar bilan katta-katta tadbirlar, bayram va marosimlarda ko‘p-ko‘p uchrashganimiz, suhbatlashganimizni, kerak bo‘lganida, ijodiy bahslar ham qilganimizni, birgalikda amalga oshirgan ishlarimizni men doimo minnatdorlik bilan eslayman.
Demoqchimanki, biz hammamiz bir-birimizni yaxshi bilamiz, mashhur bir qo‘shiqda aytilganidek, “o‘rtada begona yo‘q”.
Shu sababli ham bugungi uchrashuvimizni, agar sizlar rozi bo‘lsalaringiz, mana shunday samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tkazsak, madaniyatimiz va san’atimizning rivojlanish jarayonlarini xolisona va tanqidiy baholab, bu borada o‘z yechimini kutayotgan dolzarb muammolar va ularni bartaraf etish haqida atroflicha fikrlashib, bamaslahat bir qarorga kelsak, ayni muddao bo‘lardi.
Aziz do‘stlar!
Barchangiz yaxshi xabardorsiz, mamlakatimizda mustaqillik yillarida Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimov rahbarligida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar milliy davlatchilik va suverenitetni mustahkamlash, tinchlik va osoyishtalikni, sarhadlarimiz daxlsizligini, jamiyatda qonun ustuvorligini, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash yo‘lida muhim poydevor bo‘ldi. Xalqimizning munosib hayot kechirishi, fuqarolarimizning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratdi.
Ayni vaqtda, bugungi globallashuv davrida jahon miqyosida chuqur moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davom etayotgan, raqobat tobora kuchayib borayotgan keskin bir sharoitda biz mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘lini har tomonlama tahlil qilib, davlatimizni barqaror va jadal sur’atlar bilan rivojlantirish, olib borilayotgan islohotlar samarasini yanada oshirish maqsadida, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini ishlab chiqdik.
Ushbu Strategiyada davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini isloh qilish, iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish kabi masalalar taraqqiyotimizning asosiy yo‘nalishlari sifatida belgilab olindi.
Mana shu Strategiyaga muvofiq, barcha soha va tarmoqlar qatori madaniyat va san’at, adabiyot, ommaviy axborot vositalari ravnaqini yangi bosqichga ko‘tarishni biz o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. Bu borada olib borilayotgan amaliy harakatlar sizlarga yaxshi ma’lum, deb o‘ylayman.
Shu haqda qisqacha to‘xtalib o‘tishga ruxsat bergaysiz.
Biz hozirgi vaqtda yirik bir loyiha – O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazini tashkil etish bo‘yicha katta ishlarni boshlab yubordik.
Bu markaz avvalo xalqimizning yaratuvchilik dahosi bilan bunyod etilgan noyob merosni har tomonlama chuqur o‘rganish, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyati haqida yaxlit tasavvur uyg‘otish, xalqaro miqyosda dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqotni yo‘lga qo‘yish, bugungi murakkab davrda islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yosh avlodni gumanistik g‘oyalar, milliy g‘urur va iftixor ruhida tarbiyalashdek ezgu maqsadlarni ko‘zda tutadi.
Shuningdek, Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy- tadqiqot markazi barpo etilayotganidan ham xabardorsiz, albatta.
Bundan tashqari, yaqinda “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildik. Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi, Fanlar akademiyasi qoshida O‘zbekistonning yangi tarixi markazi tuzildi.
Biz ana shunday markazlar faoliyatini samarali tashkil etishda siz, azizlar o‘z iste’dodingiz, bilim va tajribangiz bilan yaqindan yordam berasiz, deb ishonamiz.
Ma’naviy hayotimizni yanada rivojlantirish maqsadida keyingi paytda bir qancha muhim hujjatlar, jumladan, kitobxonlik madaniyatini oshirish, madaniyat va san’at sohasini takomillashtirish, hududlarda ulug‘ san’atkorlarimiz nomi bilan ataladigan ijodiy maktab va markazlar tashkil etish to‘g‘risidagi qaror va farmoyishlar ham qabul qilindi.
Bu haqda gapirganda, Toshkent shahrida Adiblar xiyoboni bunyod etilayotgani, u yerda adabiyotimizning buyuk namoyandalariga bag‘ishlab yodgorlik majmualari o‘rnatilayotgani, shuningdek, Namangan viloyatida ulkan ma’rifatparvar Ibrat domla, Jizzax shahrida atoqli ijodkorlar Hamid Olimjon, Zulfiya va Sharof Rashidov, Xorazm viloyatida otashnafas hofiz Komiljon Otaniyozov, Nukus shahrida O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Ibroyim Yusupov, Farg‘ona, Qashqadaryo va Andijon viloyatlarida Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf xotiralarini abadiylashtirish ishlari olib borilayotganini qayd etish lozim.
Bu ishlarning mantiqiy davomi sifatida yosh shoir va adiblar, aktyor, rassom va qo‘shiqchilar, jurnalistlarning iste’dodini yuzaga chiqarish, ularga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish borasida ham qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Birgina misol. 2010-yildan buyon Yozuvchilar uyushmasining “Ijod” fondi tomonidan “Birinchi kitobim” seriyasida 1 milliard 300 million so‘m mablag‘ sarflanib, 73 nomda, jami 1 million 220 ming nusxada yosh ijodkorlarning kitoblari nashr etildi va ular respublikamizning barcha ta’lim muassasalariga bepul yetkazib berilmoqda.
Biz mana shu o‘ta muhim yo‘nalishdagi ishlarimizni bundan keyin ham qat’iyat va izchillik bilan davom ettiramiz – men bu haqda keyinroq batafsil gapiraman. Nega deganda, adabiyot va san’atga, madaniyatga e’tibor – bu avvalo xalqimizga e’tibor, kelajagimizga e’tibor ekanini, buyuk shoirimiz Cho‘lpon aytganidek, adabiyot, madaniyat yashasa, millat yashashi mumkinligini unutishga bizning aslo haqqimiz yo‘q.
Lekin tabiiy bir savol tug‘iladi. Mamlakatimizda olib borilayotgan bugungi keng ko‘lamli islohotlar, yangilanish va o‘zgarishlar jarayonida ijodkor ziyolilarimizning o‘rni va hissasi qanday bo‘lmoqda?
Albatta, biz xalqimizning ma’naviy kamol topishida madaniyat namoyandalarining ulkan xizmatlari borligini doimo minnatdorlik bilan e’tirof etamiz. Yuksak ideallar yo‘lida fidoyilik ko‘rsatib yashash, o‘zligimizni anglash, g‘urur va iftixor, milliy manfaatlarimizni himoya qilish uchun bel bog‘lab maydonga chiqish – siz, ijod ahliga xos ezgu fazilat ekanini hammamiz yaxshi bilamiz va buni yuksak qadrlaymiz.
Lekin, qo‘limizni ko‘ksimizga qo‘yib xolisona aytaylik: ijodkor ziyolilarimizning bugungi faoliyati jamiyatimizni, eng avvalo, el-yurt taqdiri uchun doimo kuyunib, yonib yashaydigan, bedor qalb egalari bo‘lgan sizlarning o‘zingizni qoniqtiradimi?
O‘ylaymanki, hozirgi kunda madaniyat va san’at ahlida faollik, yangi-yangi ijodiy g‘oya va tashabbuslar bilan yashash, izlanish ruhi yetishmayotganini o‘zlaringiz ham his qilib turibsiz.
Yurtimizdagi bugungi ijodiy muhitni kuzatsak, u qandaydir turg‘unlikka tushib, bir joyda depsinib turganday, ko‘pchilik ijodkorlarimiz o‘z tashvish va muammolari bilan o‘ralashib qolganday taassurot qoldiradi. Holbuki, madaniyat va san’at arboblari hamisha jamiyatning eng oldingi saflarida bo‘lishi, o‘z asarlari, faol grajdanlik pozitsiyasi bilan odamlarni ezgu maqsad va marralar sari boshlashi, ilhomlantirishi kerak emasmi?
Azal-azaldan xalq ijod ahliga juda katta hurmat va ishonch bilan qarashi sizlarga yaxshi ma’lum. Ruscha ibora bilan aytganda, ularga “vlastiteli dum”, ya’ni “jamiyat tafakkurining egalari” degan yuksak baho berib kelinishi albatta bejiz emas. Chunki, sizlarga Yaratganning o‘zi shunday noyob iste’dod va salohiyat ato etganki, bunday xususiyat, bunday fazilat har kimga ham nasib etmaydi.
Adabiyot va san’atning naqadar qudratli kuchga ega ekani haqida sizdek zukko insonlar huzurida so‘z yuritishga, ochig‘ini aytsam, men biroz tortinaman. Lekin mana shunday buyuk, ilohiy kuchdan biz mamlakatimiz, el-yurtimiz ravnaqi yo‘lida oqilona va samarali foydalanyapmizmi? Yoki ulug‘ adibimiz Abdulla Qahhor aytganidek, atomning kuchini o‘tin yorishga sarflayapmizmi?
Albatta, san’atkorlarimiz o‘rtasida xalqimiz oldidagi ma’naviy va ijtimoiy burchini, farzandlik qarzini chuqur anglab, o‘zini ayamasdan mehnat qilayotgan, jamiyatimizning oldingi saflarida bo‘lib kelayotgan insonlar oz emas.
Zamon bilan hamnafas ijod qilib, boshqalarga o‘rnak va namuna ko‘rsatayotgan fidoyi, faol ziyolilarimizning aksariyat qismini bugungi davramizda ko‘rish shaxsan menga katta xursandchilik bag‘ishlaydi. Ularning ijodiy izlanish va yutuqlari, xususan, O‘zbekistonning bugungi hayotiga bag‘ishlangan sermazmun asarlari haqida uzoq gapirish mumkin va buning uchun biz ulardan minnatdormiz. Lekin, bunday asarlar asosan shoir yoki adib, rassom yoki rejissyor, bastakorning shaxsiy tashabbusi bilan yaratilayotgani sir emas. Ularning dunyoga kelishida ijodiy jarayonlarni muvofiqlashtirib, san’at ahlini har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, haqiqiy tayanch va suyanch bo‘lishi zarur bo‘lgan ijodiy uyushmalarimiz va davlat idoralarining o‘rni va ta’siri yetarlicha sezilmayapti. Ijodiy tashkilotlarimiz shiddat bilan o‘zgarayotgan zamonga hamqadam bo‘lib yashash, o‘z faoliyatini samarali tashkil etishda davr talablaridan orqada qolmoqda.
Aslida ular nafaqat bugungi kun, balki kelajakni ko‘zlab ish tutishi, shu asosda puxta o‘ylangan, mustahkam rejalarni tuzishi kerak emasmi? Deylik, 15-20-yildan keyin O‘zbekistonning madaniy rivojlanishi qanday kechadi, bugun biz yashayotgan Internet va yuksak texnologiyalar asrida adabiyot va san’at, madaniyatimizning o‘rni va ta’sirini nafaqat saqlab qolish, balki qanday qilib uni kuchaytirish mumkin, degan to‘g‘ri va odilona savollar barchamizni, birinchi navbatda, xalqimizning eng ilg‘or vakillari bo‘lgan ijod ahlini o‘ylantirishi zarur emasmi?
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, ijodiy uyushmalarning bugungi faoliyatida tadbirbozlik, shunchaki xo‘jako‘rsinga ishlash, sustkashlik va loqaydlik kayfiyatlari tobora yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Ijodiy tashkilotlar rahbarlarining aksariyati faqat yuqoridan buyruq kutib ishlashga o‘rganib qolgani, ularning faoliyatida umumiy maqsad uchun jon kuydirish, tashabbus va tashkilotchilik sezilmayotgani albatta achinarli hol.
Men bugungi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida ijodiy tashkilotlarimizning Nizomlari bilan tanishib chiqdim. Qarang, bugun biz qo‘yayotgan savollar, dolzarb vazifalarni amalga oshirish aslida bu tuzilmalarning Nizomlarida aniq belgilab qo‘yilgan ekan. Demak, ijodiy tashkilotlarimiz o‘z faoliyatining poydevorini tashkil etadigan asosiy hujjat – Nizom talablariga amal qilmayapti, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Misol uchun, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Bastakorlar uyushmasi kabi tashkilotlarda ana shu talablarga e’tibor qilmaslik, xususan, syezd va saylovlarni o‘z vaqtida o‘tkazmaslik holatlari ham shundan dalolat beradi.
Bastakorlar uyushmasining qurultoyi 1995-yildan so‘ng – oradan o‘n yilga yaqin vaqt o‘tib, nihoyat 2014-yilda, shunda ham yuqori tashkilotlarning talabi bilan o‘tkazilganini qanday baholash mumkin? Holbuki, bugungi kunda barcha davlat va nodavlat tashkilotlar uchun xalq bilan doimiy muloqot qilish, xalq oldida hisobot berish eng asosiy talab sifatida qo‘yilmoqda.
Yoki biz bir paytlar katta umid bilan tashkil etgan Badiiy akademiya faoliyatini oladigan bo‘lsak, bu yerda 2003-yildan buyon saylov o‘tkazilmaganini qanday izohlash mumkin? Hozirgi vaqtda akademiyada 10 ta haqiqiy a’zolik o‘rni bo‘shab qolgani holda, nega yangi saylov o‘tkazilmayotganini tushunish qiyin.
Bu albatta mazkur uyushmalarda mas’uliyat tuyg‘usi, ishchanlik va ijodiy muhit yo‘qolib borayotganining natijasidir.
Ayni paytda, adabiy-badiiy jarayonlarda ko‘zga tashlanayotgan salbiy tendensiyalar, xususan, madaniyat sohasida tijoratlashuv, shaxsiy manfaatning birinchi o‘ringa chiqayotgani, g‘oyaviy-badiiy jihatdan sayoz asarlarning bozori chaqqon bo‘lib borayotgani tashvish uyg‘otmasdan qolmaydi. Afsuski, ijodiy uyushmalar tomonidan bunday holatlarga prinsipial baho berilmayapti, ularni bartaraf etish bo‘yicha har tomonlama asoslangan amaliy takliflar o‘rtaga qo‘yilmayapti.
Nima uchun madaniy hayotimizda tanqidiy ruh sezilmaydi? Sog‘lom tanqid, bahs va tortishuv bo‘lmagan joyda chinakam ijod bo‘lishi mumkinmi o‘zi? Bu borada Madaniyat vazirligi, “O‘zbekkino” agentligi, Bastakorlar uyushmasi, “O‘zbekkonsert” va boshqa ijodiy tashkilotlar qoshidagi badiiy kengashlarning faoliyati deyarli sezilmayapti.
Yaratilayotgan asarlar, film va spektakllar, ko‘rgazma va konsert dasturlariga prinsipial va malakali baho berish, matbuotda xolis va haqqoniy retsenziyalar, xulosalar bildirish tobora kamyob hodisaga aylanib bormoqda.
Yana bir tashvishli holat – ijodiy uyushmalar o‘rtasida hamkorlik aloqalari yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Badiiy akademiya, Bastakorlar, Yozuvchilar, Jurnalistlar, Kino arboblari uyushmalari va boshqa tashkilotlarning o‘zaro ijodiy munosabatlari deyarli to‘xtab qolgan, ularning har biri o‘z yog‘iga o‘zi qovrilib yotibdi. Vaholanki, ushbu tuzilmalar faoliyatida birgalikda hal etilishi lozim bo‘lgan ko‘plab ijodiy va ijtimoiy muammolar to‘planib qolgan.
Bu haqda gapirganda, avvalambor, adabiyot va san’at, madaniyat, ommaviy axborot vositalari faoliyati bo‘yicha mavjud huquqiy-normativ bazani takomillashtirish, sohaning moddiy-texnik salohiyatini mustahkamlash, ijod ahlining mashaqqatli mehnatini moddiy va ma’naviy jihatdan munosib rag‘batlantirish, kadrlar tayyorlash tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish va isloh qilish kabi bir-biridan muhim va dolzarb masalalar ijodiy uyushmalar e’tiboridan chetda qolib kelayotganini ta’kidlash lozim.
Bugungi kunda ziyolilar davrasida yengil-elpi kitoblar, sayoz, oldi-qochdi gazeta-jurnallar, tele-radio stansiyalar ko‘payib borayotgani to‘g‘risida haqli e’tirozlarni eshitish mumkin.
Hozirgi paytda yurtimizda turli mulk shakliga ega bo‘lgan 1513 ta ommaviy axborot vositasi, shuningdek, 122 ta nashriyot faoliyat olib bormoqda. Ammo ularning barchasi ham bizning milliy g‘oyamizni rivojlantirish, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qilyaptimi, degan savol ko‘ndalang turibdi. Xususiy nashriyotlarning ko‘pchiligi bir vaqtlar viloyatlarda ham nashriyotlar bo‘lsin, degan noto‘g‘ri yondashuv bilan tashkil etilgani, ularning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati nihoyatda nochor ekani kitob degan mo‘tabar tushunchaning qadrini tushirishga olib kelayotgani hech kimga sir emas. Lekin bu muammoni qonuniy asosda qanday hal qilish mumkinligi haqida amaliy takliflar deyarli uchramaydi.
Boshqalarga qanday, bilmadim-u, ammo mening nazarimda, bunday salbiy holatning bosh sababi mamlakatimiz axborot bozorining tartibga solinmagani bilan bog‘liq. Bu borada son emas, sifat va samara muhim. Mayli, nashriyotlar soni 122 ta bo‘lmasin, ozroq bo‘lsin, lekin talabga javob beradigan bo‘lsin.
Biz bugun kitobxonlik madaniyatini oshirish, ilmiy, badiiy, siyosiy adabiyotlarni ko‘paytirish masalasiga alohida e’tibor beryapmiz. Ammo bu ishlarni har tomonlama puxta o‘ylab amalga oshirishimiz, boshlagan olijanob harakatimizni obro‘sizlantirishga yo‘l qo‘ymasligimiz shart.
Afsuski, matbuot va axborot sohasida davlat siyosatini amalga oshirishda vakolatli va mas’ul organ vazifasini bajarishi kerak bo‘lgan O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bu borada faqat kuzatuvchi bo‘lib o‘tiribdi. Shuning uchun yaqinda Matbuot va axborot agentligiga yangi rahbar tayinlandi. Shu bilan birga, ushbu tashkilot faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha Prezident qarori tayyorlanmoqda.
Qadrli do‘stlar!
Hammangiz guvohsiz, bugungi kunda O‘zbekiston ulkan qurilish va bunyodkorlik maydoniga aylanmoqda. Zamonaviy korxona va inshootlar, avtomobil va neft zavodlari, to‘qimachilik kombinatlari, erkin iqtisodiy zonalar barpo etilyapti. Yangi-yangi konlar ishga tushirilmoqda, mintaqa va hududlarimizda avtomobil va temir yo‘llari, suv omborlari, muhtasham ko‘priklar, aholi uchun arzon uy-joylar, ko‘plab ilm-fan, tibbiyot, madaniyat va sport markazlari qurilmoqda, minglab gektar maydonlarda katta-katta bog‘-rog‘lar yaratilmoqda.
Eng muhimi, murakkab va og‘ir, chuqur bilim va tajribani talab qiladigan sharoitlarda, kechani kecha, kunduzni kunduz demasdan, mana shunday katta loyihalarni kim amalga oshiryapti, kim bu ishlarni qilyapti? O‘zimizning odamlar, o‘zimizning yigit-qizlarimiz. Ana shu qora ko‘zlarning mehnati va jasorati, Vatanga fidoyiligi har qanday e’tirof va tahsinga loyiq emasmi?
Bunday bunyodkorlik ishlari, men o‘ylaymanki, har qanday ijodkor uchun ilhom manbai bo‘lib, yangi asarlar uchun mavzu bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Zamonamizning haqiqiy qahramonlari bo‘lgan mana shunday quruvchi va muhandislar, dala zahmatkashlari haqida, jonkuyar muallim va shifokorlarimiz, jasur harbiylarimiz, navqiron yoshlarimiz erishayotgan yutuq va marralar haqida sizlar yozmasangiz, Vatanimiz tarixining badiiy solnomasini sizlar yaratmasangiz, kim yaratadi? Agar biz iste’dod va mahoratimizni shu muqaddas zamin, shu olijanob xalqimiz uchun safarbar etmasak, hazrat Navoiy aytmoqchi, bu hunarni asrab nima qilamiz, qayerga opketamiz uni?
Necha yillardan beri masala qo‘yamiz – zamonaviy qahramon obrazini yarataylik, deb. Lekin birorta jiddiy natijaga erisha oldikmi?
Albatta, bu borada qandaydir intilish va harakatlar ko‘zga tashlanayotganini, badiiy va publitsistik asarlar, pyesa va kinolentalar paydo bo‘layotganini inkor etib bo‘lmaydi. Ammo ularning ko‘pchiligi yurakdan chiqmagan, zo‘rma-zo‘raki urinishlar bo‘lib, hali madaniy hayotimizda voqea bo‘ladigan yetuk va mukammal asarlar yaratilgani yo‘q, desak, bu ham haqiqat bo‘ladi.
Ochig‘ini aytganda, ba’zi ijodkorlarga bu masala biroz g‘alati tuyulishi, ular buyurtma bilan yaxshi asar, to‘laqonli obraz yaratib bo‘lmaydi, degan fikrni bildirishi ham mumkin. Lekin men o‘ylaymanki, san’atkor – agar u haqiqiy iste’dod egasi bo‘lsa – ijtimoiy buyurtma asosida ham yetuk asar yaratishga qodir bo‘ladi. G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Turob To‘la, Jumaniyoz Jabborov va boshqa atoqli shoirlarimiz ijodidan bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin. “Alisher Navoiy”, “Tohir va Zuhra”, “Abu Rayhon Beruniy”, “Mahallada duv-duv gap”, “Yor-yor” kabi mashhur filmlarimiz ham o‘z vaqtida davlat buyurtmasi bilan yaratilgani sizlarga yaxshi ma’lum.
Yoki O‘zbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhordek talabchan adib ham bir paytlar Mirzacho‘lga borib, ikki-uch oy chaylada yashab, buyurtma bilan “Shohi so‘zana” degan go‘zal asar yozganini, u dunyoning ko‘plab mamlakatlarida sahnaga qo‘yilib, shuhrat qozonganini hammamiz bilamiz.
Bugungi imkoniyatdan foydalanib, siz, azizlarga bir taklif bilan murojaat qilmoqchiman. Eng iste’dodli va mas’uliyatli yozuvchilarimiz, kino, teatr, musiqa va tasviriy san’at arboblariga ijtimoiy buyurtma berish masalasini tizimli asosda yo‘lga qo‘ysak, ularni yurtimizning turli hududlariga ijodiy safarlarga yuborib, yangi asarlar yaratishga rag‘batlantirsak, nima deysizlar?
Masalan, taniqli shoirlarimiz Anvar Obidjon Farg‘ona vodiysida, Mahmud Toir Toshkent viloyatida, Sirojiddin Sayyid Surxon vohasida bo‘layotgan bugungi ulkan o‘zgarishlar haqida yangi asarlar yozib bersa, qanday yaxshi bo‘lardi.
Yoki hurmatli shoiramiz Halima Xudoyberdiyeva bugungi yosh o‘zbek qizlari hayoti, ularning orzu-intilishlari haqida bir asar – mayli, bu doston bo‘ladimi, drama yoki ssenariy bo‘ladimi – yozib bersalar, ayni muddao bo‘lardi. Mana shunday asarlarni biz Oydin Hojiyeva, Enaxon Siddiqova, Sharifa Salimova, Xosiyat Bobomurodova, Farida Bo‘tayeva, Gulaysha Yesemuratova, Zulfiya Mo‘minova, Zulfiya Qurolboy qizi va boshqa faol ijodkor ayollarimizdan ham kutib qolamiz.
Mana shu davrada o‘tirgan, joylarda bizni eshitayotgan barcha ijodkor do‘stlarimizning ham ijodiy rejalari bo‘lsa, biz ijodiy uyushmalarimiz orqali bunday takliflarni ko‘rib chiqishga tayyormiz. Agar Abdulla Qahhor chaylada yashab asar yozgan bo‘lsa, biz sizlar uchun barcha sharoitlarni yaratib, kerak bo‘lsa, gonorarini oldindan, 5-10 hissa qilib to‘lab berishga ham tayyormiz.
Shu o‘rinda meni ko‘pdan buyon o‘ylantirib kelayotgan yana bir masala bo‘yicha sizlar bilan fikrlashmoqchiman.
Barchamiz, ayniqsa, bu yerda yig‘ilgan ijodkor ziyolilarimiz, bizning qanday buyuk va shonli o‘tmishimiz, qanday ulug‘ ajdodlarimiz borligini yaxshi bilamiz va bu bilan hamisha faxrlanamiz. Misol uchun, bironta jangda yengilmagan buyuk sarkarda Sohibqiron Amir Temurni olamizmi, algebra faniga asos solgan Al-Xorazmiyni olamizmi, Kolumbdan 500-yil oldin Amerikani kashf etgan Beruniy bobomizni olamizmi, o‘rta asrlarda tibbiyot fanining poydevorini yaratgan Ibn Sinoni olamizmi, astronomiya sohasida beqiyos kashfiyotlar qilgan Mirzo Ulug‘bekni olamizmi – jahon sivilizatsiyasi va madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgan bunday ulug‘ ajdodlarimizning har biri haqida soatlab gapirishimiz mumkin.
Lekin, xolisona aytganda, keyingi paytda ana shunday ulug‘ zotlar, ular qatorida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Mo‘in Nasafiy kabi aziz-avliyolarimiz, Alisher Navoiy, Bobur kabi shoir va mutafakkirlarimiz xotirasini kino ekranlarida aks ettirish uchun biron-bir arziydigan ish qildikmi? Tan olish kerakki, yo‘q.
Bu mavzularda bundan qirq-ellik yil oldin ustoz kino ijodkorlarimiz tomonidan ba’zi bir asarlar yaratilgan bo‘lib, ular hozirga qadar ekranlardan tushmay kelmoqda. Mustabid tuzumning og‘ir sharoitida shunday kinofilmlar yaratganlari uchun ulardan albatta minnatdormiz. Lekin bu asarlar o‘z davrining mafkurasi bilan sug‘orilgani, ularning ayrimlarida tarixiy haqiqat buzilganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Albatta, yaqin o‘tmishimizda ham taniqli rejissyorlarimiz tomonidan bu borada ba’zi bir harakatlar bo‘lganini e’tirof etish lozim. Masalan, atoqli adiblarimiz Oybek hamda Pirimqul Qodirovning romanlari asosida taniqli telerejissyor Maqsud Yunusov “Alisher Navoiy” va “Bobur” videofilmlarini yaratganini, ularda mashhur aktyorlarimiz mahorat ko‘rsatganini yaxshi bilamiz. Ammo bu filmlarni suratga olishda moddiy-moliyaviy va texnik imkoniyatlar nihoyatda cheklangani yaqqol sezilib turadi. Keyinchalik “O‘zbekfilm” studiyasi “Buyuk Amir Temur” badiiy filmini yaratdi. Lekin, ming afsuski, bu asar kutilgan natijani bermadi, uni “Mana bizning Sohibqiron bobomiz!” deb faxrlanib, ko‘z-ko‘z qilib ko‘rsatishning imkoni bo‘lmadi.
Ijodkorlarimiz tarixiy mavzuga qo‘l urar ekanlar, ko‘lamni kengroq olishga, marrani baland qo‘yishga alohida e’tibor qaratishlarini istardik. Chet ellarda Spartak, Gannibal, Aleksandr Makedonskiy, Napoleon, Leonardo da Vinchi, Betxoven, Lev Tolstoy kabi buyuk shaxslar haqida tarixiy va badiiy jihatdan mukammal qanday yetuk asarlar yaratilgan!
Holbuki, bizning ulug‘ bobolarimiz ham ulardan ziyod bo‘lsa ziyodki, lekin aslo kam emas. Agar biz ajdodlarimiz xotirasini ulug‘lamoqchi, shu asosda o‘zbek nomini, O‘zbekiston nomini butun dunyoga tarannum etmoqchi ekanmiz, bu ishni birinchi navbatda kino san’ati orqali amalga oshirishimiz kerak. Aynan kino san’ati orqali jahon ekranlarini zabt etishimiz, shu yo‘l bilan dunyo ahlining diqqat-e’tiborini qozonishimiz mumkin.
Shundan kelib chiqqan holda, davlat buyurtmasi asosida buyuk tarixiy ajdodlarimiz haqida har tomonlama yetuk badiiy filmlar yaratish uchun maxsus ijodiy guruhlar tashkil etish, o‘ylaymanki, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Misol uchun, hurmatli adibimiz Muhammad Ali ko‘p yillardan buyon Amir Temur bobomiz haqida qancha-qancha kitoblar, romanlar yaratdi. Mana shu asarlar asosida kino rejissyorlarimiz, aytaylik, muhtaram Shuhrat Abbosov yoki Zulfiqor Musoqov, yuksak xalqaro mezonlarga javob beradigan filmni nima uchun yaratishi mumkin emas?
Yoki, masalan, atoqli rejissyorimiz Bahodir Yo‘ldoshev ham necha yillardan buyon Mirzo Ulug‘bek haqida mukammal bir asar yaratish orzusi bilan yurganini men yaxshi bilaman. Taniqli olim, Astronomiya institutining direktori Shuhrat Egamberdiyev ham Mirzo Ulug‘bekning o‘lmas merosini butun dunyoda targ‘ib qilib yuribdi. Ularning mana shunday sa’y-harakatlarini ro‘yobga chiqarish uchun zarur sharoit yaratib bersak, men o‘ylaymanki, jahon kino ekranlariga chiqa oladigan go‘zal bir badiiy film vujudga kelgan bo‘lardi.
Mana, bugun davramizda Rixsivoy Muhammadjonov, Hilol Nasimov, Yolqin To‘ychiyev kabi iste’dodli ssenarist va rejissyorlarimiz o‘tiribdi. Ayni vaqtda, Bahodir Odilov, Abduxalil Mengnorov, Ayub Shaxobiddinov, Mansur Abduxoliqov singari taniqli rejissyorlarimiz ham faol ijod qilyapti.
Men sezib turibman, bu gaplarni eshitib, ko‘pchilik ijodkorlarda “Ey, janob Prezident, siz aytayotgan takliflarni amalga oshirish uchun juda katta mablag‘ kerak, eng zamonaviy kino apparatlar, tarixiy liboslar kerak, qancha chet mamlakatlarda syomka ishlarini olib borish kerak, ming-minglab odamlarni bu jarayonlarga jalb etish kerak”, degan fikr tug‘ilishi tabiiy.
Bizning nafaqat tariximiz, balki bugungi va ertangi hayotimiz uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bu vazifani amalga oshirish uchun biz katta miqdordagi mablag‘larni, kerak bo‘lsa, erkin muomaladagi valyuta mablag‘larini ham topib berishga, kinochilarimizni chet davlatlarga ijodiy safarlarga yuborishga ham tayyormiz. Xudoga shukur, bugungi iqtisodiy ahvolimiz bunga imkon beradi.
Aziz do‘stlar, mening bu so‘zlarimni buyruq yoki topshiriq deb emas, iltimos deb, ijodga da’vat deb qabul qilishingizni istardim. Agarki, biron kishiga “davlat buyurtmasi” degan so‘z boshqacha tuyuladigan yoki malol keladigan bo‘lsa, marhamat, buni hozirgi moda bo‘lgan tilda “davlat granti” deb ataylik.
Muhtaram anjuman qatnashchilari!
Biz uchun hech qachon kun tartibidan tushmaydigan yana bir o‘ta muhim masala borki, unga alohida to‘xtalib o‘tishni zarur deb bilaman. U ham bo‘lsa, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimiz, farzandlarimiz tarbiyasi bilan bog‘liqdir.
Buyuk bobomiz Abdulla Avloniy aytganidek, bu masala biz uchun haqiqatan ham yo najot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidir va o‘z dolzarbligi va ahamiyatini hech qachon yo‘qotmaydigan, ta’bir joiz bo‘lsa, masalalarning masalasidir.
Shu ma’noda, bugungi kunda yurtimizda tobora keng tarqalib borayotgan “O‘z bolangni o‘zing asra!”degan da’vat faqat quruq shior bo‘lib qolmasdan, har bir ota-ona, har bir fuqaroning qalbiga, yuragiga chuqur kirib borishi, amaliy harakatga aylanishi uchun ijodiy tashkilotlarimiz ham o‘z mas’uliyatini jiddiy ravishda qayta ko‘rib chiqishlari davr talabiga aylanmoqda.
Biz bir narsani hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz zarur. Agar “ommaviy madaniyat” tahdidi faqat chetdan – G‘arbdan kirib keladi, desak, qattiq adashamiz. Bu balo, afsuski, o‘zimizdan, o‘z oramizdan ham chiqishi mumkin. Men bu gaplarni osmondan olib aytayotganim yo‘q. Yurtimizda nashr etilayotgan ayrim gazeta-jurnallar, kitoblarni, suratga olinayotgan ba’zi klip va kinolarni, efirga berilayotgan qo‘shiq va raqslarni kuzatib,sog‘lom fikrlaydigan har qanday odam shunday xulosaga kelishi tabiiy.
Eng yomoni, badiiy ijod sohasida jaholat ko‘rinishlari kuchayib bormoqda.
Biz “jaholat” deganda odatda diniy jaholat, aqidaparastlikni tushunamiz. Lekin bugungi hayotiy jarayonlar jaholat hamma sohada ham uchrashi, agar unga qarshi o‘z vaqtida kurash olib borilmasa, o‘ta og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Biz bugun jaholat degan baloga iqtisodiyot sohasida ham, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat tizimida ham, qo‘yingki, hayotimizning barcha jabhalarida duch kelyapmiz va bu illat qo‘l-oyog‘imizda bamisoli kishan bo‘lib turibdi. Bu kishandan xalos bo‘lmasdan turib, taraqqiyot va rivojlanish haqida hech qanday so‘z bo‘lishi mumkin emas.
Ayni vaqtda, madaniyat sohasida jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yoshlarimizni haqiqiy san’atni anglashga o‘rgatish, ularning estetik olamini sog‘lom asosda shakllantirish bo‘yicha oldimizda juda muhim vazifalar turibdi.
Shu nuqtai nazardan, kino sohasi faoliyatiga baho beradigan bo‘lsak, bu borada muayyan yutuqlar bilan birga, jiddiy nuqson va kamchiliklar ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ba’zi filmlarda mayda maqsadlar bilan yashaydigan, hayotga faqat iste’molchilik kayfiyati bilan qaraydigan kimsalar asosiy qahramon sifatida tasvirlanayotgani tashvish uyg‘otmasdan qo‘ymaydi. Eng yomoni, nomdor san’atkorlar, hatto “O‘zbekiston xalq artisti” degan yuksak unvonga sazovor bo‘lgan aktyorlar ham mana shunday kinolarda turli bachkana rollarni ijro etmoqda. Avval durustgina filmlar yaratgan rejissyorlar ham, sal o‘tmasdan, xom-xatala asarlar bilan tomoshabinlarning ixlosini qaytarmoqda.
Yaqinda “Toshkent haqiqati” gazetasida shu mavzudagi bir maqolani o‘qidim. Maqola muallifi ayrim kinolarimizning xorijiy filmlardan aynan ko‘chirib olingani, ya’ni adabiy o‘g‘rilik – plagiatga yo‘l qo‘yilayotgani haqidagi fikrlarni bayon etib, aniq misollarni keltiradi. Afsuski, bu milliy kinolarimizga nisbatan bildirilayotgan yagona tanqidiy fikr emas. Bunday maqolalarni matbuotda ko‘plab uchratish, bunday fikrlarni juda ko‘p odamlardan eshitish mumkin.
O‘zingiz ayting, ijodkorning sha’ni, g‘ururi, san’atga sadoqat degan tushunchalar qayoqda qoldi?
Vaholanki, hozirgi vaqtda biz kino sohasiga davlat byudjetidan har yili milliardlab so‘m mablag‘ ajratyapmiz. Birgina shu yilning o‘zida “O‘zbekkino” milliy agentligiga byudjetdan 12 milliard 400 million so‘m ajratiladi.
Yoki bo‘lmasa, respublikamizdagi mavjud 37 ta teatr faoliyatini ta’minlash uchun ham har yili katta miqdorda mablag‘lar yo‘naltiriladi. Bu yilning o‘zida ushbu maqsadda davlat byudjetidan 81 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan.
Albatta, davlatimiz, jamiyatimiz san’at rivoji uchun hech narsani ayamaydi. Lekin bu borada kutilgan natijaga erishilayaptimi? Bu savolga bugun ijobiy javob berish qiyin ekanini, o‘ylaymanki, hammamiz yaxshi bilamiz.
Aksariyat teatrlarimizning repertuarlari g‘oyaviy-badiiy jihatdan nochor, ulardan o‘rin olgan spektakllarda bugungi kun nafasi, odamlarni o‘ylantirayotgan, hayajonga solayotgan jiddiy ijtimoiy muammolar o‘z aksini topmayapti.
Afsuski, teatrlarimiz ko‘proq maishiy mavzulardagi yengil-elpi, bachkana asarlar, odamga na ma’naviy oziq, na estetik zavq beradigan tomoshalarni namoyish etishga o‘rganib qolgan.
Hurmatli teatr arboblarimiz o‘zlarining matbuot va televideniyedagi chiqishlarida ko‘pincha ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Teatr – ibratxonadir” degan hikmatli so‘zlarini keltirishni yaxshi ko‘radilar. Lekin mana shu dono so‘zlarni faqat og‘izda aytmasdan, o‘z faoliyatimizda ularga amal qilsak, ayni muddao bo‘lardi, deb o‘ylayman.
Men goh-gohida madaniyat sohasiga mas’ul bo‘lgan rahbarlarimizdan “Qachon endi, bir yaxshi spektakl yoki kinofilm yaratib, bizni taklif qilasizlar”, deb so‘rab turaman. Afsuski, shunda ular xijolat tortib, “Shavkat Miromonovich, hali sizga ko‘rsatadigan munosib asarlar yaratolganimiz yo‘q, bizga yana ozgina fursat bering”, deyishadi. Mayli, men tushunaman, bu ijodiy jarayon, lekin har qanday muddatning ham chegarasi bo‘lishi kerak-ku. O‘zingiz ayting, xalqimizga manzur bo‘ladigan film va spektakllar qachon yaratiladi?
Aziz do‘stlar!
Barchangiz yaxshi xabardorsiz, mamlakatimizda madaniyat tizimini rivojlantirish bo‘yicha ham katta ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘tgan qisqa davrda bu borada ikkita muhim hujjat – “Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmon, “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildik. Lekin, shunday bo‘lsa-da, bugungi kunda tizim faoliyatini qoniqarli baholay olmaymiz. Madaniyat vazirligi mutasaddilarida sustkashlik, o‘zibo‘larchilik, xotirjamlikka berilish kayfiyati davom etmoqda.
Vazirlik rahbariyatida barcha madaniyat va san’at tuzilmalari faoliyatini muvofiqlashtirib, ularga ilmiy-uslubiy yordam berish, bir so‘z bilan aytganda, madaniyat sohasida yagona davlat siyosatini olib borish salohiyati yetishmayapti.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, hozirgi vaqtda madaniyat va san’at muassasalarida mehnat qilayotgan kadrlarning 50 foizdan ziyodi oliy ma’lumotga ega emas. Buning asosiy sababi, institutlarni bitirib joylarga ishga borayotgan kadrlarga zarur sharoit yaratib berilmagan.
Bugungi kunda vazirlik tizimida 41 ta muzey va ularning 76 ta filiali faoliyat ko‘rsatmoqda. Ana shu muzeylarda, yordamchi fondlar bilan birga, 1 million 736 mingdan ziyod eksponat mavjud. Bu – juda katta boylik. Lekin bu boylikni asrab-avaylash, ularni ilmiy asosda o‘rganish, tashviqot qilish, kelajak avlodlarga yetkazish masalasida, afsuski, qator muammolar bor. Masalan, “Muzeylar to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan milliy muzey fondining davlat katalogini yaratish haqidagi talab 8-yildan buyon bajarilmayapti.
Yana bir muhim masala – eng ommaviy san’at bo‘lgan estrada san’atini rivojlantirish vazirlik e’tiboridan chetda qolmoqda.
Eng asosiy kamchilik – bu sohada ijod qilayotgan aksariyat ijrochilar faoliyatida talabchanlik va mas’uliyat, ijtimoiy jarayonlarga daxldorlik tuyg‘usi tobora pasayib bormoqda.
Men o‘z tajribamdan yaxshi bilaman, katta bayramlarimizni – bu Mustaqillik, Navro‘z yoki Konstitutsiya bayrami bo‘ladimi – ularni o‘tkazishda bizni eng qiynaydigan, xunobimizni chiqaradigan narsa – bu estrada dasturi ekanini hammangiz yaxshi bilasiz. Ming afsuski, mana shu holat hali ham barham topgani yo‘q.
Estrada san’atidagi kamchiliklarning asosiy sabablari hech kimga sir emas. Ko‘pchilik qo‘shiqchilar mas’uliyatni unutib, o‘z ustida ishlamay qo‘ygan, izlanish, mahoratini oshirish, yangi ijodiy g‘oyalar bilan yashash, san’at dunyosiga, muxlislarga hurmat kabi tushunchalar ularga begona bo‘lib qolgan, desak, qanchalik achchiq bo‘lmasin, bu ham haqiqat.
Shunday san’atkorlar ham borki, unvon olgunicha tinimsiz yelib-yuguradi, hol-joningizga qo‘ymaydi. Unvon oldimi, tamom, suvga tushgan toshdek jim bo‘lib ketadi. Ulardan unvonga yarasha, xalqning e’tiboriga yarasha ijod qani, deb so‘rash o‘rinlimi yoki yo‘qmi? Ijodkorning talabi bilan birga burchi ham bo‘lishi kerak emasmi?
Shu munosabat bilan musiqa san’ati sohasida faxriy unvonlar, avvalambor, “O‘zbekiston xalq artisti”, “O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi”, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist”, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” kabi mukofotlar bilan taqdirlash masalasini, bu borada qabul qilingan normativ-me’yoriy hujjatlarni tanqidiy nuqtai nazardan qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi, deb o‘ylayman.
Ko‘pchiligimiz yaxshi bilamiz, ilgari “Xalq artisti” degan unvon olish uchun san’atkor necha o‘n yillar samarali ijod qilishi talab etilardi. Masalan, mashhur hofiz Tavakkal Qodirov “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” unvonini olganidan keyin – shunga e’tibor bering – oradan 25-yil o‘tib, “O‘zbekiston xalq artisti” unvoni bilan taqdirlangan edi. Yaqin o‘tmishdan bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.
Shu ma’noda, unvon berishda san’atkorning faqat to‘rtta qo‘shig‘i emas, uning ijtimoiy faolligi, munosib shogirdlar tarbiyalagani, el-yurt o‘rtasidagi obro‘-e’tibori, eng muhimi, san’atga sadoqati ustuvor mezon sifatida belgilanishi shart. Boshqacha aytganda, biz bu yuksak unvonlarning nufuzi va obro‘sini saqlashimiz lozim.
Bizning xalqimiz – san’atsevar xalq, o‘zi sevgan, yoqtirgan ijrochilarni nafaqat televizor yoki sahnada, balki o‘zining yaxshi kunlarida, to‘y-hashamlarida ham ko‘rgisi keladi. Buni hammamiz to‘g‘ri tushunamiz. Ming afsuski, bugungi estrada xonandalarining aksariyati hali Yangiyo‘lga, hali Shovotga, hali Yangiqo‘rg‘onga, hali Chiroqchiga to‘yga qatnash bilan ovora. Boshqa biron masala bilan ishi yo‘q.
Albatta, san’atkorda ham oila, bola-chaqa bor, ularning ham hayotiy ehtiyojlari bor. Buniyam to‘g‘ri tushunamiz. Lekin ijodni pulga, mol-dunyoga almashtirgan odamdan san’at shafqatsiz o‘ch oladi. Oxir-oqibatda har qanday yorqin iste’dod ham so‘nib, el-yurt nazaridan qoladi.
Shu o‘rinda, yana bir masalaga sizlarning e’tiboringizni qaratmoqchiman. Gap san’atkor odobi, ularning yurish-turishi, kiyinish madaniyati, muomalasi bilan boshqalarga, eng avvalo, yoshlarimizga o‘rnak bo‘lishi zarurligi haqida bormoqda.
Xushovoz xonanda Sanobar Rahmonovaning bir paytlar kuylagan dilbar qo‘shiqlarini tomoshabinlar hozir ham sog‘inib eslaydilar. Bu san’atkor teleekranda ham, sahnada ham iboli, hayoli, haqiqiy o‘zbek qizining qiyofasini, chinakam obrazini yaratib, qancha-qancha qizlarimizga ibrat bo‘lgan edi.
Afsuski, bugun televideniye orqali berilayotgan ba’zi kliplarni oila, farzandlar davrasida tomosha qilib bo‘lmay qoldi. Har bir harakatida g‘arbga taqlid sezilib turadigan, ochiq-sochiq kiyingan yoshlarni ko‘rib, nahotki shular ham bizning farzandlarimiz, bizning millatimiz vakillari bo‘lsa, deb o‘ylab qolasan kishi.
Albatta, bunday muammolar san’atni muqaddas deb biladigan ustoz ijodkorlarimizni ham qiynayotgani tabiiy. Shundan kelib chiqqan holda, “O‘zbekkonsert” qoshida “O‘zbekiston xalq artistlari” klubini tashkil etsak, nima deysizlar?
Ushbu klub a’zolari muntazam yig‘ilishib, yurtimiz va jahon san’at olamida yuz berayotgan ijodiy jarayonlarni muhokama qilib borsa, yuqorida tilga olingan kamchilik va muammolarni yechish, yosh iste’dodlar tarbiyasi, madaniyatimizni ravnaq toptirish bo‘yicha yangi g‘oya, tashabbus va takliflar bildirib borsa, o‘ylaymanki, foydadan xoli bo‘lmasdi. Klubning eng faol a’zolari bo‘lgan Xalq artistlarini yil yakuni bo‘yicha e’tirof etib, rag‘batlantirib borishni ham yo‘lga qo‘yish lozim.
Sizlarga ma’lumki, sobiq ittifoq hududidagi boshqa davlatlardan farqli o‘laroq, faqat O‘zbekistonda estrada ijodkorlari aholiga madaniy xizmat ko‘rsatishdan topadigan daromadlari bo‘yicha soliq to‘lash majburiyatidan ozod qilingan. Aytaylik, xonandalarimiz o‘zining gastrol-konsert faoliyatini amalga oshirish uchun bir yilda bir marta belgilangan tartibda ma’lum miqdordagi mablag‘ni to‘lab, litsenziya oladi. Bo‘ldi. Boshqa soliq yo‘q. Aksariyat qo‘shiqchilar mana shu litsenziyaga to‘laydigan pulini bitta to‘yda topishi ham sir emas.
Shuning uchun ba’zan moliya va soliq idoralari tomonidan estrada xonandalarini, boshqa davlatlardagi kabi, daromad solig‘iga tortish bo‘yicha takliflar bildiriladi. Lekin biz azbaroyi san’atimiz, madaniyatimiz rivojini, xalqimizning ma’naviy saviyasini yuksaltirishni o‘ylab, bu takliflarga rozilik bermay kelayapmiz.
Hammangiz tushunasiz, salomga yarasha alik ham bo‘lishi kerak. Xalqimiz san’atkorlardan yaratilgan ana shunday imkoniyat va imtiyozlarga yarasha javob kutishga haqli, albatta.
Shu munosabat bilan bugun bir fikrni alohida ta’kidlab aytishni zarur, deb hisoblayman.
O‘zbekistonda adabiyot va san’at, madaniyat, ommaviy axborot vositalari, ma’naviyat va ma’rifat biznesga aylanmasligi shart va biz bunga hech qachon yo‘l qo‘ymaymiz.
Kimda-kim bu sohalarga faqat pul ishlash, faqat iqtisodiy foyda ko‘rish maqsadida kirayotgan bo‘lsa, ular, marhamat, tadbirkorlik, biznes sohasiga borsin. Mana, bu borada qancha-qancha imkoniyat va imtiyozlar yaratib beryapmiz – shu sohaga o‘tib ishlasin. Lekin ijodiy ishlarga aralashib, o‘zini ham, san’at degan muqaddas tushunchani ham beobro‘ qilmasin. Buni hech kim hech qachon unutishga haqqi yo‘q.
Muhtaram do‘stlar!
Bugungi imkoniyatdan foydalanib, yana bir muhim, ta’bir joiz bo‘lsa, nozik bir masala xususida sizlar bilan maslahatlashib olishni zarur deb bilaman.
Joylarda bo‘layotgan uchrashuv va muloqotlarda ko‘p-ko‘p odamlar menga aytayapti, Virtual qabulxonaga yozyapti, “To‘y-ma’rakalarimizni bir tartibga solib beringlar”, deb murojaat qilyapti. Haqiqatan ham, ayni shu masala necha yillar, hatto asrlardan beri kun tartibidan tushmasdan keladi. Jadid bobolarimiz ham to‘y-ma’rakalarimizdagi isrofgarchilik, dabdababozlik, maqtanchoqlik millatimizni ma’naviy tanazzulga yetaklaydigan illat ekani haqida qanday kuyunib o‘tganlarini yaxshi bilamiz.
Mana, o‘zinglar ko‘ryapsizlar, soppa-sog‘ yurgan ayrim odamlar ellikka kirmasdan turib to‘satdan insult bo‘lyapti, infarkt bo‘lyapti. Sababini surishtirsangiz, boshqalardan qolmaslikka tirishib, katta to‘y qilaman, deb qarzga botgan bo‘ladi. Hali qarzidan qutulmasdan, yana to‘y qilishi kerak. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, to‘y-hashamlar bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlar ming-minglab oilalarning nafaqat iqtisodiy ahvoliga, balki, butun hayotiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bugun hayotimizda ko‘payib borayotgan oilaviy mojarolar, urush-janjallar, ajralishlar, qudalar o‘rtasidagi sovuqchilik sabablari ham aksariyat hollarda xuddi shu narsaga borib taqaladi.
Eng yomoni, ayrim pul topib aql topmagan, ma’naviy saviyasi past kimsalar to‘y-hashamlar, ma’rakalarni o‘tkazish bo‘yicha musobaqa o‘ynab, turli-tuman yangi odatlarni o‘ylab topyapti. Bularni eshitib, ba’zan odam hayratdan yoqasini ushlab qoladi.
Mana, Toshkentdagi to‘ylarda “kelinnavkar” degan yana bir balo chiqibdi. Nima emish, endi kelinning ota-onasi qiziga qo‘shib uning o‘nlab dugonalarini ham bir xil kiyintirishi, yasantirishi kerak ekan. Bunday bemaza qiliqlar qayerdan chiqyapti? Yoshlarimiz kimdan o‘rganyapti buni?
Yaqinda o‘tgan “Kamolot” qurultoyida men yoshlarning og‘zini poyladim. Birorta yigit yoki qiz chiqib, “Ey, do‘stlar, tengdoshlar, biz uylanamiz, turmushga chiqamiz deb ota-onalarimizni nihoyatda qiynab qo‘ydik. Kelinglar endi, ularni bunday og‘ir tashvishga qo‘ymaylik, kelajagimizni, millatimizning sha’nini o‘ylab, to‘ylarimizni kamtarona, ixcham qilib o‘tkazaylik”, degan gaplarni aytarmikan, deb kutdim. Afsuski, ulardan bu masalada hech qanday fikr eshitmadim.
To‘y-ma’raka – bu faqat shaxsiy ish emas, balki ijtimoiy masala ekanini inobatga olgan holda, Bosh vazir A.Aripov, Bosh vazir o‘rinbosari T.Norboyevaga tegishli tashkilotlar bilan birgalikda oilaviy marosimlarni tartibga solish, ularni ixcham, isrofgarchilik va dabdabaga yo‘l qo‘ymasdan o‘tkazish bo‘yicha bir oy muddatda Prezident qarori loyihasini tayyorlash vazifasi topshiriladi.
Qadrli yurtdoshlar!
Albatta, adabiyot va san’at, madaniyat sohalarida yuzaga kelgan jiddiy muammo va kamchiliklarning obyektiv va subyektiv sabablari bor. Bularni barchamiz yaxshi tushunib turibmiz.
Bugun biz “ijodkorlarimiz ishlamayapti”, deb sizlardan, sizlar esa “davlat yordam bermayapti”, deb bizlardan gina qilib o‘tirishimizning mavridi emas. Kelinglar, bugun o‘z oldimizga “Kim aybdor?” deb emas, “Kim nima qilishi kerak?” degan savol qo‘yaylik.
Men bilaman, yuksak madaniyatli, kamtarin insonlar sifatida sizlar ish sharoitingiz yoki moddiy ahvolingiz haqida shikoyat qilmaysiz. Bugungi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida tegishli soha mutaxassislari bilan birgalikda sizlarni qiynayotgan muammolarni atroflicha o‘rganib chiqdik va ularning yechimlari bo‘yicha bir qancha qaror loyihalarini tayyorladik.
Ruxsatingiz bilan, ana shu hujjatlarning qisqacha mazmuni bilan sizlarni tanishtirib o‘tsam.
Birinchidan. Ma’naviy hayotimizni yangi, yuksak bosqichga ko‘tarish, avvalambor, Bastakorlar, Rassomlar, Teatr arboblari va Jurnalistlar ijodiy uyushmalarining ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni va nufuzini oshirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, mamlakatimiz ijodkor ziyolilarining salohiyatini ro‘yobga chiqarish, munosib ish va turmush sharoitini yaratib berishga xizmat qiladigan “Ilhom” jamoat fondini tashkil etish bo‘yicha qaror loyihasi tayyorlanganini ma’lum qilmoqchiman.
Ushbu fondni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat tomonidan 20 milliard so‘m miqdorda mablag‘ ajratiladi hamda u 2022-yilga qadar barcha soliq va majburiy to‘lovlardan ozod qilinadi.
Ikkinchidan. Sizlarga ma’lumki, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashkil topganiga 70-yil to‘lganiga qaramasdan, hozirgacha o‘z binosiga ega bo‘lmasdan, ijara binolarda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. Shuni hisobga olib, Adiblar xiyoboni hududida Uyushma uchun alohida bino qurilyapti. Nasib qilsa, mustaqilligimizning 26-yillik bayrami arafasida uni yozuvchilarimiz ixtiyoriga topshiramiz. Ushbu yangi binoda “Ijod” jamoat fondi, shuningdek “Sharq yulduzi”, “Zvezda Vostoka”, “Yoshlik” jurnallari ham joylashadi.
Shuningdek, bu hududda Yozuvchilar uyushmasi a’zolari uchun imtiyozli ipoteka krediti asosida 2 ta ko‘p qavatli uy barpo etish, shu tariqa ushbu hududni tom ma’noda adiblar maskaniga aylantirish ko‘zda tutilmoqda.
Yaqin kelgusida Zomin va Parkent tumanlarining so‘lim va xushmanzara, ilhombaxsh hududlarida ijodkor ziyolilarimiz uchun zamonaviy ijod uylari – kottejlar qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu kottejlar ijodiy ish uchun ma’lum muddatga ijaraga beriladi. Ularga yo‘llanma bilan boradigan adib va san’atkorlarimiz ham ijod qiladi, ham yoshlarga mahorat sirlaridan saboq beradi, deb umid qilamiz.
Ma’lumki, bir vaqtlar O‘zbekiston Milliy universiteti qoshida Oliy adabiyot kursi tashkil etilgan edi. Hozirgi vaqtda uning faoliyati nima uchundir to‘xtab qolgan. Sababini surishtirsak, ushbu kurs bitiruvchilariga tegishli davlat guvohnomasini berish masalasida muammo bo‘lgan ekan. Men o‘ylaymanki, bu kurs yosh iste’dod egalarini tarbiyalab voyaga yetkazishda juda muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda bu masalani o‘rganib, tegishli taklif kiritishini so‘rayman.
Iqtidorli yoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy kamoloti uchun barcha sharoitlarni yaratib berish ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘lishi kerak. Shu ma’noda, sizlar bilan yana bir taklifni o‘rtoqlashmoqchiman.
Esingizda bo‘lsa, ilgari yaxshi bir an’ana bor edi. Ya’ni, madaniyat va san’atning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha iste’dodli yoshlarning respublika miqyosidagi seminarlari o‘tkazilardi. Ana shu ezgu an’anani tiklab, adabiyot, teatr va kino, musiqa va tasviriy san’at, jurnalistika sohalariga kirib kelayotgan yosh iste’dod egalari uchun O‘zbekiston yosh ijodkorlarining seminarini tashkil etsak, nima deysizlar?
Bu ijodiy anjuman yoshlarimizni mahorat sirlariga oshno qilish bilan birga, ular o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini ham qaror toptirishga xizmat qilgan bo‘lardi.
Uchinchidan. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining to‘laqonli faoliyat yuritishini ta’minlaydigan moliyaviy mexanizm, oradan 20-yildan oshiq muddat o‘tgan bo‘lsa-da, hali-hanuz aniq belgilanmagan. Uyushmani alohida bino bilan ta’minlash masalasi ham necha yillardan beri yechilmay kelmoqda. Shuning uchun O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini kuchaytirish bo‘yicha qaror loyihasi ustida ish olib borilmoqda.
Ushbu qarorda Uyushmaning moliyaviy manbalarini aniqlash, viloyat bo‘limlarining moddiy-texnik bazasini kuchaytirish, Uyushma xodimlarining mehnat sharoitlarini yaxshilash kabi masalalar ham o‘z amaliy ifodasini topadi. Yozuvchilar uyushmasi yil oxiriga qadar yangi binoga ko‘chib o‘tishi munosabati bilan uning Islom Karimov ko‘chasi, 16-“A” uyda joylashgan idorasi Jurnalistlar ijodiy uyushmasiga berilishini sizlarga ma’lum qilmoqchiman.
To‘rtinchidan. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha ham Prezident qarori tayyorlanmoqda. Unga ko‘ra, Badiiy akademiya a’zolarining ijtimoiy ta’minot sharoitlari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi a’zolarining ijtimoiy ta’minot sharoitlariga tenglashtirilmoqda. Qaror loyihasida yana bir muhim masala, ya’ni rassom va haykaltaroshlar tomonidan yaratilgan asarlarni davlat muzeylariga sotib olish uchun Madaniyat vazirligiga har yili 2 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratish belgilangan.
Beshinchidan. Bugun biz Bastakorlar uyushmasining faoliyatini tanqid qildik. Lekin ko‘p yillar davomida bu Uyushmani o‘z holiga tashlab qo‘yganimiz, uning ahvolidan xabar olmaganimiz – buyam haqiqat. Shundan kelib chiqqan holda, Bastakorlar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kompozitor va bastakorlarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadini ko‘zda tutadigan Prezident qarori loyihasi tayyorlandi.
Oltinchidan. “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” ham Prezident qarori loyihasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, “O‘zbekfilm”, “Qoraqalpoqfilm” va Ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar kinostudiyalarini ta’mirlash, ularning moddiy-texnik bazasini kuchaytirish, eng zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlash, yangi kinoteatrlar qurish ko‘zda tutilmoqda.
“O‘zbekkino” milliy agentligi uchun davlat buyurtmasiga asosan ishlab chiqariladigan badiiy filmlar sonini 2018-yilda 20 ta, 2020-yilda 30 taga, multiplikatsion filmlar sonini esa 2018-yilda 15 ta, 2022-yildan boshlab 50 taga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, Agentlik huzurida Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamg‘armasi tuzilishi belgilangan.
Ettinchidan. 2002-yilda tashkil etilgan O‘zbekiston davlat konservatoriyasining bugungi faoliyati, jumladan, qabul kvotalari, o‘quv dasturlari va qo‘llanmalari, professor-o‘qituvchilarning ilmiy va ijodiy salohiyati, moddiy-texnik bazasi, yotoqxonalarning ahvoli talabga javob bermay qolgani bu yerda o‘tirgan aksariyat ijodkorlarimizga yaxshi ayon. Bugungi kunda bu yerda 700 nafar o‘rniga 1352 nafar talaba tahsil olayotgani ham albatta ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi.
Shularning barchasini hisobga olgan holda, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqildi. Qarorga ko‘ra, bu yerda o‘quv binolari yetishmay qolganini inobatga olib, uning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Mustaqillik prospektida joylashgan avvalgi binosini qaytarib berish ko‘zda tutilmoqda. Bu binoda faoliyat ko‘rsatayotgan V.Uspenskiy nomidagi akademik musiqa litseyi o‘quvchilari o‘zlarining oldingi binosida o‘qishni davom ettirishlari uchun imkoniyat yetarli.
Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarning eng yaxshi san’at kollejlari negizida O‘zbekiston davlat konservatoriyasining ijodiy tayanch markazlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Ayni vaqtda, konservatoriya faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun uning huzurida maxsus fond tuziladi. Bundan tashqari, sobiq Sverdlov konsert zalini ham kapital ta’mirlab, konservatoriya ixtiyoriga beramiz. Konservatoriya yonida unga yangi yotoqxona barpo etiladi. Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi mavjud zamonaviy sanatoriylardan biri konservatoriya va umuman, shu yo‘nalishdagi ta’lim muassasalari jamoalariga ajratiladi.
Musiqa san’ati sohasidagi ushbu yetakchi oliy o‘quv dargohining nufuzi va maqomini yanada oshirish maqsadida Madaniyat vaziri ayni vaqtda konservatoriya rektori vazifasini bajarishi ham qarorda belgilangan.
Sakkizinchidan. Sizlarga ma’lumki, butun dunyoda madaniyat vazirliklari shu mamlakatning yuzi hisoblanib, eng go‘zal, eng salobatli binolarda faoliyat olib boradi. Afsuski, bizning vazirligimiz hozirgi vaqtda noqulay bir sharoitda, asosan rasmiy idoralar joylashgan binoda ish olib bormoqda. Bu esa madaniy jamoatchiligimiz, ijod ahlining vazirlikka bemalol, erkin kirib-chiqishiga, bu yerda turli ijodiy tadbirlar o‘tkazishga to‘sqinlik qilmoqda. Shuning uchun poytaxtimizning Taras Shevchenko ko‘chasidagi 1-uyni – ilgari Tashqi savdo vazirligi joylashgan ko‘rkam, tarixiy binoni Madaniyat vazirligiga ajratish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
To‘qqizinchidan. Bugungi kunda adabiyot va san’at, umuman madaniyat sohalarida mavjud muammo va kamchiliklarning tub ildizlarini tahlil qilib ko‘radigan bo‘lsak, ularning aksariyati malakali kadrlar yetishmasligi bilan bog‘liq ekani ayon bo‘ladi.
Yuqorida madaniyat va san’at muassasalarida mehnat qilayotgan kadrlarning 50 foizdan ziyodi oliy ma’lumotga ega emasligini aytib o‘tdik. Ayni vaqtda, respublika teatrlarida 45 foiz ijodiy xodimlar tegishli oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan holda faoliyat yuritayotgani, tumanlarda joylashgan bolalar musiqa va san’at maktablarida ishlayotgan o‘qituvchilarning 72 foizi o‘rta maxsus ma’lumotga ega ekani ham barchamizda jiddiy tashvish uyg‘otadi.
Yaqinda Qo‘qon shahar musiqali drama teatriga borganimizda ham xuddi shunday ahvolga duch keldik. U yerda ishlayotgan jami 53 nafar ijodiy xodimning atigi 11 nafari oliy ma’lumotga ega, xolos. Qolgan 42 nafarini o‘rta maxsus va o‘rta ma’lumotga ega xodimlar tashkil etadi. Albatta, bu muassasalarda ishlayotgan yosh yigit va qizlar astoydil intilib harakat qilayotgan bo‘lsa-da, baribir ularning faoliyatida zarur bilim va malaka yetishmayotgani sezilib turibdi.
Shuning uchun ham avvalo madaniyat va san’at yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlari, litsey va kollejlar, musiqa va san’at maktablarining faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish zarur.
Mana, yurtimizda qancha bolalar musiqa va san’at maktablari bor, ayni vaqtda milliy adabiyotimiz va san’atimizning atoqli namoyandalari nomida yangi ijodiy markazlar tashkil qilyapmiz. Xo‘sh, ularda kimlar mehnat qilyapti? Yoshlarimizga ijod sirlarini kimlar qay darajada o‘rgatyapti? Taniqli san’atkorlarimiz, yozuvchi va shoirlarimizning bu maktablar bilan aloqasi qanday?
Xabaringiz bor, yaqinda yurtimizda atoqli san’atkor Komiljon Otaniyozovning 100-yillik yubileyi katta tantana bilan nishonlandi. Ushbu tadbirlarda bu yerda o‘tirgan ko‘pchilik ijodkorlarimiz ishtirok etdi. Qo‘shni respublikalardan – Qozog‘istondan, Tojikistondan mehmonlar keldi. Mashhur hofiz Jo‘rabek Murodovning samimiy so‘zlarini hammamiz hayajon bilan eshitdik.
Qarang, Komiljon Otaniyozovning nafaqat O‘zbekistonda, balki butun O‘rta Osiyo bo‘yicha qancha-qancha shogirdlari bor ekan. Shu gaplarni eshitganda, shaxsan men, buyuk hofizimizning qo‘shig‘idan ham shogirdi ko‘p ekan, deb o‘ylab qoldim.
Qani, ayting-chi, bugun qaysi Xalq artistimiz o‘zining shunday munosib shogirdlari borligi, shogirdparvarligi bilan maqtana oladi? Shu savollardan kelib chiqib, sizlarga bir taklif bilan murojaat qilmoqchiman. Respublikadagi har bir musiqa va san’at maktabiga, ijodiy markazlarga taniqli adabiyot, san’at va madaniyat namoyandalarini badiiy rahbar yoki direktor sifatida tayinlasak, ular uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib bersak, nima deysizlar?
Mana, davramizda G‘ulomjon Yoqubov, Farrux Zokirov, Ortiq Otajonov, Yulduz Usmonova, Mahmud Namozov, Zulayho Boyxonova, Ozodbek Nazarbekov, G‘afur va G‘ulom Eshjonovlar, Gulsanam Mamazoitova kabi Xalq artistlari o‘tiribdi. Sizlarning har biringiz bittadan san’at kolleji yoki musiqa maktabiga borib rahbarlik qilsangiz, men o‘ylaymanki, bundan san’atimiz faqat yutgan bo‘lar edi. Ayni vaqtda yuzlab shogirdlar yetishtirib, o‘zingizga haykal qo‘ygan bo‘lardingiz.
Masalan, O‘zbekiston xalq artisti Afzal Rafiqovni yosh diktorlar maktabiga rahbar qilib qo‘ysak, iqtidorli yoshlarimiz u kishidan juda ko‘p bilim va tajribalarni o‘rgangan bo‘lar edi.
Mashhur sozandamiz Abduhoshim Ismoilovning maqom ansambliga rahbarlik qilishi albatta yaxshi. Lekin u kishining ijodiy salohiyatidan yoshlar ham bahramand bo‘lsa, nur ustiga nur bo‘lardi. Men maqom yo‘nalishida yangi kollej yoki musiqa maktabi ochishni, unga Abduhoshim Ismoilovni rahbar qilib tayinlashni taklif qilaman.
Biz xalqimizning noyob merosi bo‘lgan maqom san’atini nafaqat yurtimizda, balki butun dunyo bo‘ylab keng targ‘ib qilish, kerak bo‘lsa, xalqaro miqyosda maqom tanlovlarini tashkil etish ustida ishlashimiz kerak.
Sizlarga ma’lum, hozirgi vaqtda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Nukus shahridagi filiali muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatyapti. Shu ijobiy tajribani davom ettirgan holda, Qo‘qon shahrida ham mazkur institutning filialini tashkil etyapmiz. Bu o‘quv yurti Farg‘ona vodiysi viloyatlari uchun yuqori malakali madaniyat xodimlarini tayyorlashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, Qo‘qon shahrida san’at ahli uchun yangi ko‘p qavatli turar joy binosi ham qurib foydalanishga topshiriladi.
Yuqorida zikr etilgan barcha masalalarni kompleks hal etish bo‘yicha Bosh vazir A.Aripov, Davlat maslahatchilari X.Sultonov, A.Yunusxo‘jayev, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.Majidov, xalq ta’limi vaziri U.Inoyatov, madaniyat vaziri M.Muratov, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi B.Zokirov bir oy muddatda tegishli takliflar kiritishlari zarur.
O‘ninchidan. Bugun ma’rifatli dunyoda shunday an’ana mavjudki, yirik kompaniyalar, banklar, firmalar madaniy tashkilotlarga homiylik qilishni o‘zlari uchun sharaf deb biladilar. Ba’zan, qani edi, bizda ham shunday homiylar ko‘paysa, deb orzu qilaman.
Ajdodlarimiz o‘z davrida yaratgan ilmiy va ijodiy maktablarning vujudga kelishida avvalo ana shunday ma’rifatparvar homiylarning hissasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etgani yaxshi ma’lum.
Shundan kelib chiqqan holda, yana bir taklifni o‘rtaga tashlamoqchiman. Yurtimizdagi yetakchi ijodiy tashkilotlarning “do‘stlari klublari”ni tashkil etsak, ularga yirik korxona, bank va kompaniyalarni homiy sifatida biriktirib qo‘ysak, shartnoma asosida ularning doimiy hamkorligini yo‘lga qo‘ysak, nima deysizlar?
Masalan, Milliy bank rahbari Suxrob Xolmurodov biz O‘zbekiston davlat konservatoriyasini otaliqqa olamiz, “Konservatoriyaning do‘stlari klubi”ni tuzib, unga rahbarlik qilamiz, degan tashabbus bilan chiqyapti.
Olmaliq kon-metallurgiya kompaniyasi rahbari, senator Aleksandr Farmonov esa “Biz O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining do‘stlari klubiga rahbarlik qilsak”, degan taklifni bildiryapti. Xalq banki “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining do‘stlari klubi”ga rahbarlik qilmoqchi.
Yaqinda faoliyati to‘xtab qolgan Teatr arboblari uyushmasini qayta tiklash to‘g‘risida takliflar bildirilmoqda. Bu uyushma faoliyatiga “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasining homiylik qilish haqidagi tashabbusini biz albatta qo‘llab-quvvatlaymiz. “O‘zoziqovqatsanoatxolding” xolding kompaniyasi Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambliga homiylik qilmoqchi.
“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati O‘zbek Milliy akademik drama teatri bilan yonma-yon joylashgan. Kompaniya rahbariyati “Qo‘shnimga yordam ko‘rsataman, Milliy teatrning do‘stlari klubiga rahbarlik qilaman”, deyapti. Rahmat ularga.
Shular qatorida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatriga – “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, O‘zbek davlat drama teatriga – O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatriga – “O‘zsanoatqurilishbank”, Respublika yosh tomoshabinlar teatriga – Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Respublika qo‘g‘irchoq teatriga – “O‘zeltexsanoat” kompaniyasi homiylik qilish istagini bildirmoqda.
O‘zbekiston davlat musiqali komediya (operetta) teatrini esa – “Kapitalbank”, O‘zbekiston akademik rus drama teatrini – “O‘zagrosug‘urta” kompaniyasi, O‘zbekiston yoshlar teatrini – “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati, Respublika satira teatrini – “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati, “Tomosha” bolalar teatr-studiyasini – “Aloqabank”, “Diydor” teatr-studiyasini – “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki otaliqqa olmoqchi.
Xuddi shu asosda Bastakorlar uyushmasiga – “Asaka bank”, Rassomlar uyushmasiga – “O‘zvinosanoatxolding” kompaniyasi, Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabiga – “Ipoteka bank”, Milliy rassomlik va dizayn institutiga – “O‘zdonmahsulot” kompaniyasi, “O‘zbekkino” milliy agentligiga – “O‘zavtosanoat” kompaniyasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga – Respublika tovar-xomashyo birjasi homiy bo‘lish tashabbusi bilan chiqmoqda.
Mamlakatimizdagi yetakchi muzeylarni, avvalo Adabiyot muzeyini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ishlarini tashkil etish bo‘yicha Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi raisi Botir Parpiyev amaliy takliflar bildirmoqda.
Ayni vaqtda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyat hokimliklari o‘z hududlaridagi teatrlarga homiylik qilib, ularning faoliyatini kuchaytirish uchun 1 milliard so‘mdan mablag‘ ajratish niyatida ekani barchamizni xursand qilmoqda.
“O‘tgan kunlar” filmida Yusufbek hoji aytganidek, qarang, bizning shunday ma’rifatparvar rahbarlarimiz bor ekan-u, biz bexabar yurgan ekanmiz. Kelinglar, barchamizning nomimizdan ularga rahmat aytib, ishlariga muvaffaqiyat tilaylik.
Men ishonaman, bu rahbarlarimiz ijodiy uyushmalarga nafaqat moddiy, balki eng avvalo, ma’naviy yordam beradilar. Ya’ni, oila a’zolari, mehnat jamoalari bilan birgalikda teatrlarga, kino va ko‘rgazma zallariga, konsertlarga borib, boshqalarga namuna ko‘rsatsalar, nur ustiga nur bo‘lardi.
Yana bir muhim masala – ijodiy sohalar, jumladan, ommaviy axborot vositalarini bugungi talablar asosida yanada rivojlantirish maqsadida soliq va majburiy to‘lovlar bo‘yicha belgilangan qo‘shimcha imtiyoz va preferensiyalar muddatini yana 5-yilga uzaytirish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.
Eng muhimi, badiiy ijodkorlar va ommaviy axborot vositalari xodimlariga to‘lanayotgan qalam haqi – gonorar miqdorini sezilarli darajada oshirishga doir qaror loyihasi ustida ham ish olib borilmoqda va u yaqin kunlarda qabul qilinadi.
Ta’kidlash joizki, mualliflik huquqini himoya qilish borasidagi ishlarimiz ham talabga javob bermaydi. Shu maqsadda Intellektual mulk agentligining faoliyatini tanqidiy ko‘z bilan qaytadan ko‘rib chiqish zarur.
Ijod ahlini qiynab kelayotgan muammolardan biri – bu uy-joy masalasi bilan bog‘liq. Mana shu dolzarb muammoni yechish uchun Toshkent va Nukus shaharlarida, barcha viloyatlar markazlarida imtiyozli kredit asosida “Ijodkorlar uylari” barpo etilib, bu uylardan adiblar, rassomlar, aktyor va rejissyorlar, kompozitorlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, ommaviy axborot vositalarining faol vakillariga, shu jumladan, iste’dodli yosh ijodkorlarga kvartiralar ajratiladi.
Ma’lumki, hozirgi vaqtda pensiya yoshidagi ijodkorlar eng kam ish haqining 2 barobaridan ko‘p miqdorda qalam haqi olgan taqdirda, ularning pensiyasidan 50 foiz mablag‘ni ushlab qoladigan tartib mavjud. Bir vaqtlar uzoqni ko‘zlamagan ba’zi mansabdorlar tomonidan joriy etilgan bu tartib ayni ijodiy kamolotga yetgan ijodkorlarimizning rag‘batini so‘ndirishga xizmat qilayotgani sir emas.
Shu munosabat bilan Bosh vazir A.Aripov, Davlat maslahatchisi O.Murodov, Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov, moliya vaziri B.Xo‘jayev, Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Parpiyevga bir oy muddatda ushbu masala bo‘yicha tegishli taklif tayyorlash vazifasi topshiriladi.
Muhtaram do‘stlar!
Biz jamiyatimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni izchil davom ettiramiz.
Ayni paytda shu maqsadni o‘zida ifoda etgan “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida” qaror loyihasi tayyorlanayotganini sizlarga ma’lum qilmoqchiman.
Hammangizga ma’lum, matbaa korxonalari uchun zarur qog‘oz va bo‘yoq mahsulotlari chetdan valyuta evaziga olib kelinayotgani kitob, gazeta va jurnallar narxining qimmatlashishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bois, biz respublikamizda zamonaviy qog‘oz sanoatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha faol ish olib boryapmiz. Bu borada yaqinda Xitoy davlatiga bo‘lgan safarimiz chog‘ida “Sin paper indastri” kompaniyasi va boshqa tashkilotlar bilan kelishuvga erishildi.
Vazirlar Mahkamasi (A.Ramatov), Tashqi savdo vazirligi (Sh.To‘laganov), Investitsiya davlat qo‘mitasi (A.Ahmadxodjayev) bu loyihani belgilangan muddatlarda bajarish choralarini ko‘rishi kerak.
Mana, aziz do‘stlar, ko‘rib turganingizdek, adabiyot va san’at, madaniyat sohasini zamon talablari asosida taraqqiy toptirish maqsadida qancha qarorlar, qancha loyihalar ishlab chiqilyapti. Bugungi uchrashuvda sizlar bildiradigan fikr-mulohazalar, taklif va tavsiyalar asosida, biz bu hujjatlarni yanada takomillashtirib, shundan keyin albatta qabul qilamiz.
Madaniy hayotimiz ravnaqi yo‘lida g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bu ishlarni amalga oshirish, ro‘yobga chiqarishda siz, muhtaram ijodkor ziyolilarimiz faol ishtirok etib, o‘z munosib hissangizni qo‘shasizlar, deb ishonaman.
Aziz vatandoshlar!
Millionlab odamlarning e’tiborida bo‘lgan, madaniyat, adabiyot va san’at degan muqaddas dargohga qadam qo‘ygan har bir ijodkor, hech shubhasiz, avvalo o‘z xalqining qalbiga quloq solib, uning dardiga darmon bo‘lishga intiladi. Sizlarning barchangizni men o‘z ijodiy faoliyati bilan mana shunday hayotiy e’tiqodga umrbod amal qilib kelayotgan fidoyi insonlar, deb bilaman.
Men shu o‘rinda avval bildirgan bir fikrimni yana takror aytmoqchiman. Bizning havas qilsa arziydigan buyuk tariximiz bor. Havas qilsa arziydigan ulug‘ ajdodlarimiz bor. Havas qilsa arziydigan beqiyos boyliklarimiz bor. Va men ishonaman, nasib etsa, havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz, buyuk adabiyotimiz va san’atimiz ham albatta bo‘ladi.
Shu ezgu maqsad yo‘lida barchangizga sihat-salomatlik, yangi ijodiy yutuqlar, oilaviy farovonlik, farzandlar kamolini ko‘rish baxti nasib etishini tilayman.
E’tiboringiz uchun rahmat.