O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sayohatdan maqsad–ziyorat
2017-08-02 | Turizm
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Indoneziya va Malayziya davlatlaridagi tegishli idoralar hamkorligida ushbu mamlakatlar fuqarolarining charter parvozlar orqali yurtimizga sayohati amalga oshirildi.
Yurtimizga sayohatini ko‘hna va boqiy Buxoroning muqaddas qadamjolari, diqqatga sazovor maskanlari ziyorati bilan boshlagan mehmonlar 30-iyul – 1-avgust kunlari yer yuzining sayqali hisoblangan Samarqandda bo‘ldi.
Sayyohlar avvalo Payariq tumanidagi Imom Buxoriy majmuasini hayrat va hayajon bilan ziyorat qildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi tomonidan ushbu majmuaning o‘tmishi va bugungi kuni, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida bu yerda amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik-obodonlashtirish ishlari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan majmua yaqinida Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy tadqiqotlar markazi va hadisshunoslik maktabi qurilayotgani, bu yerda muqaddas dinimiz rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan allomalar merosini o‘rganish hamda keng targ‘ib etish ko‘zda tutilgani haqida so‘zlab berildi.
– O‘zbekistonni buyuk muhaddis Imom Buxoriy yurti sifatida bilamiz va bu maskanni ziyorat qilish har bir musulmonning orzusi hisoblanadi, – deydi indoneziyalik sayyoh Juriyanti xonim. – Bugun mening ana shu qutlug‘ niyatim amalga oshganidan baxtiyorman va buning uchun yaratganga shukronalar aytaman. Majmua juda go‘zal va betakror ekan. Ayniqsa, maqabara devorlariga Qur’oni karim oyatlari bitilib, o‘ziga xos manzaralar yaratilgani diqqatimni tortdi. Suratga tushib, internet orqali oila a’zolarimga yubordim. Ular suratlardan hayratga tushganini SMSda yozib yuborishdi. Farzandu nabiralar, qo‘ni-qo‘shnilar bizga ham ushbu maskanni ziyorat qilish nasib etsin, deb niyat qilishdi va kelgusida bu yerga oila a’zolarimiz bilan kelishni ko‘nglimizga tugib qo‘ydik. Registon majmuasi, Amir Temur maqbarasi ham bizda unutilmas taassurot qoldirdi. Shaharning ko‘rkam va ozodaligi, odamlarning samimiy va mehmondo‘stligi barchamizga manzur bo‘ldi.
Sayyohlar Bibixonim masjidi, Shohi Zinda yodgorlik majmui, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va boshqa tarixiy obidalar, muzeylar, shahardagi bog‘ va xiyobonlarda bo‘ldi, milliy hunarmandlik mahsulotlari ko‘rgazmalari bilan tanishdi. Samarqandlik san’atkorlar va badiiy jamoalar tomonidan madaniy dasturlar namoyish etildi.
– Sayyohlik sohasida faoliyat ko‘rsatganim sababli O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar, yurtingizning bu boradagi imkoniyatlari bilan qiziqdim, – deydi indoneziyalik Tinni Prajogi xonim. – Turistik obyektlarning nihoyatda ko‘pligi e’tiborimni tortdi. Men bu darajada deb o‘ylamagan ekanman. Ayniqsa, muqaddas islom dini g‘oyalarini o‘rganib, keng targ‘ib etgan allomalar nomi bilan bog‘liq ziyoratgohlar juda ko‘p ekan. Buxoro va Samarqandda bir nechta shunday maskanlarni ziyorat qildik. Zamonaviy turizm infratuzilmasi haqida gapirganda, yuqori sifatli servis xizmat ko‘rsatishga jiddiy e’tibor qaratilayotganiga guvoh bo‘ldim. Poytaxt va tarixiy shaharlar o‘rtasida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilganining o‘zi bu sohadagi katta qadamdir. Turistik firma va kompaniyalarga davlat tomonidan berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar esa tizim rivojiga xizmat qiladi.
Sayyohlar qadimiy va hamisha navqiron Samarqanddan unutilmas taassurotlar bilan navbatdagi manzil – Toshkent tomon yo‘l oldi.