O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Toshkent viloyatida sanoat ishlab chiqarish sohasi uchun muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

2017-07-31 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Ta’kidlab o‘tilsinki, so‘nggi yillarda Toshkent viloyatining ishlab chiqarish va sanoat tarmoqlarida chuqur tarkibiy o‘zgartirishlar, uni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. 

Investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida «Angren» erkin-iqtisodiy zonasi tashkil etildi. 

Yoqilg‘i-energetika, tog‘-kon, kimyo va boshqa tarmoqlarda zamonaviy yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni tashkil etish, mahalliy xomashyo asosida yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish davom ettirilmoqda. 

Sanoat ishlab chiqarish tarmoqlarining uzoq muddatli va barqaror rivojlanishi, yangi ishlab chiqarish vositalarini amalga tatbiq qilish, ularning mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirishdagi samaradorligini ta’minlash va yuqori oshirilgan qiymatdagi mahsulotlarni eksport qilish bo‘yicha belgilangan vazifalar ilg‘or xalqaro tajribalar asosida yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlashni talab etadi. 

Toshkent viloyatida sanoat ishlab chiqarish sohasi uchun yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini yanada rivojlantirish va takomillashtirish hamda oliy texnik ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida: 

1. Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali (keyingi o‘rinlarda – Filial deb ataladi) tashkil etilsin. 

2. Filialning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin: 

Toshkent viloyatida sanoat ishlab chiqarish sohasi uchun yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlash; 

fundamental va amaliy tadqiqotlar sohasidagi xalqaro yutuqlarni o‘rganish asosida foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash sohasidagi mahalliy ilmiy va intellektual salohiyatni rivojlantirish; 

foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha yangi ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqish, ularni respublikaning geologik va iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda amaliyotga tatbiq qilish; 

tog‘-kon ishlab chiqarish va qayta ishlash sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirish, ularni eng zamonaviy xalqaro fan va texnologiyalar yutuqlari asosida qayta tayyorlash; 

eng ilg‘or xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan keng hamkorlikni amalga oshirish. 

3. Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialining tarkibiy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziriga, zarur hollarda, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialining tasdiqlangan tarkibiy tuzilmasiga xodimlarning tasdiqlangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin. 

Filial Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining yuridik shaxs maqomidagi tarkibiy tuzilmasi hisoblanib, kunduzgi, maxsus sirtqi va kechki ta’lim shaklida kadrlar tayyorlashni amalga oshiradi. 

4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2017-yil 1-sentabrgacha: 

Filial Ustavi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini hamda uning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin; 

Filialni tanlov asosida yuqori malakali professor-o‘qituvchilar bilan, shu jumladan, faoliyati tugatilayotgan Navoiy davlat konchilik institutining Olmaliq fakulteti professor-o‘qituvchilari hisobidan ta’minlash choralarini ko‘rsin; 

Filialda o‘quv-metodik jarayonning tashkil etilishini ta’minlash, shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlash, uni o‘quv adabiyotlari, zamonaviy o‘quv laboratoriya jihozlari va komputer texnikasi bilan ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsin. 

5. Quyidagilar Filial faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin: 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari; 

xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatish, talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan tushumlar; 

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari va maqsadli badallari; 

xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari; 

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar. 

6. Belgilab qo‘yilsinki, 2017/2018 o‘quv yili uchun Filialning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul o‘qitish shakllari bo‘yicha quyidagicha: 

kunduzgi bo‘limga Navoiy davlat konchilik institutining Olmaliq fakultetiga 2017/2018 o‘quv yili uchun belgilangan kvota hisobidan; 

maxsus sirtqi va kechki bo‘limlarga 2-ilovaga muvofiq amalga oshiriladi. 

7. Belgilab qo‘yilsinki: 

2017/2018 o‘quv yilida Filialning maxsus sirtqi va kechki bo‘limiga maqsadli qabul o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga, kamida uch yillik amaliy ish stajiga ega bo‘lgan hamda “Olmaliq KMK” AJ, “Navoiy KMK” DK, “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJ, “O‘zbekko‘mir” AJ va O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining yo‘llanmasi berilgan kadrlar hisobidan suhbat asosida amalga oshiriladi; 

suhbat O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti va “Olmaliq KMK” AJ tomonidan tasdiqlanadigan Maxsus komissiya tomonidan o‘tkaziladi; 

maxsus sirtqi va kechki bo‘limlarga o‘qishga qabul qilinganda o‘qishni yakunlagandan so‘ng ko‘rsatilgan joyda majburiy ravishda besh yildan kam bo‘lmagan muddat ishlab berish sharti bilan tegishli tashkilot, Filial va talaba o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. 

O‘zbekiston Respublikasining ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga Filialda ta’lim olish uchun yo‘llanma beruvchi tashkilot va korxonalar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqi berilsin. 

8. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga “Olmaliq KMK” AJ, “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJ, “O‘zbekko‘mir” AJ, Toshkent viloyati hokimligi va boshqa manfaatdor davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda har yili yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni tahlil qilish va uning natijasi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga keyingi o‘quv yillarida Filialga ta’lim shakllari, yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha qabul qilinadigan talabalar soni bo‘yicha takliflar kiritish yuklatilsin. 

9. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Oliy ta’lim muassasalari maxsus sirtqi (sirtqi) va kechki bo‘limlari to‘g‘risida Nizomni ishlab chiqib, tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, “Navoiy KMK” DK, “Olmaliq KMK” AJ va Toshkent viloyati hokimligining: 

Navoiy davlat konchilik institutining Olmaliq fakulteti faoliyatini tugatish; 

fakultetning 2016/2017 o‘quv yili bakalavriati 1-3 kurs talabalari o‘qishini turdosh va mos yo‘nalishlar bo‘yicha Navoiy davlat konchilik institutiga yoki yangi tashkil qilinayotgan Filialga ko‘chirish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin. 

11. Belgilansinki, Navoiy davlat konchilik institutining Olmaliq fakulteti talabalari orasidan o‘qishni O‘zbekiston Respublikasining boshqa oliy ta’lim muassasalarida davom ettirishni istaganlar o‘qishini ko‘chirish O‘zbekiston Respublikasining ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi. 

Filialni saqlash xarajatlari 2017-yilda “Maorif” sohasi bo‘yicha tasdiqlangan byudjet parametrlari doirasida, 2018-yildan boshlab esa mazkur sohaga har yili ajratiladigan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi. 

12. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturining 2018-yilga va keyingi yillarga parametrlarini shakllantirishda Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali obyektlarini rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan mablag‘lar ajratilishini nazarda tutsin. 

13. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga: 

Filialga ikkita, shu jumladan, bitta xizmat va bitta navbatchi yengil avtotransport vositasini saqlashga limit ajratsin; 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Navoiy davlat konchilik institutining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2017-yil xarajatlar parametriga ushbu qaror asosida tegishli o‘zgartirishlar kiritsin. 

14. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Filialning buyurtmanomalari bo‘yicha Filial o‘quv jarayonida ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga davlat boji to‘lamasdan ko‘p marotabali kirish vizalarini rasmiylashtirish va uzaytirish, shuningdek, professor-o‘qituvchilar tarkibini vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazilishini va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish muddati uzaytirilishini ta’minlasin. 

15. Filialga o‘qituvchilik va ilmiy ish uchun shartnoma asosida taklif etiladigan xorijlik professor-o‘qituvchilarning yashashi va transport xarajatlari uchun to‘lovlarni O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tariflar bo‘yicha milliy valyutada to‘lashga ruxsat berilsin. 

16. Toshkent viloyati hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Olmaliq shahri, Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida joylashgan Navoiy davlat konchilik instituti qoshidagi Olmaliq akademik litseyining binolari va inshootlarini Filialga operativ boshqarish huquqi bilan bepul foydalanishga berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin. 

17. “Olmaliq KMK” AJga boshqa asosiy kadrlar buyurtmachilari bilan birgalikda Filialning moddiy-texnik va laboratoriya bazasini mustahkamlash, ta’lim jarayoniga chet ellik olimlar, o‘qituvchilar va mutaxassislarni jalb etishda ko‘maklashish tavsiya etilsin. 

18. Rossiyaning Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti «MISiS»ning Olmaliq filialini tashkil etish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mitasi tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Tashkiliy qo‘mita (Ibragimov G‘.I.) uch oy muddatda amalga oshirilgan ishlar natijasi asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga aniq takliflar kiritsin. 

19. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-iyundagi “Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3101-son qarorining 3-ilovasi matni 4-ilovaga muvofiq tahrirda bayon etilsin. 

20. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda: 

qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin; 

o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin. 

21. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin. 


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                       Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2017-yil 27-iyul

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 
“Toshkent viloyatida sanoat ishlab chiqarish sohasi uchun 
muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish 
chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga
 
SHARH


So‘nggi yillarda Toshkent viloyatining ishlab chiqarish va sanoat tarmoqlarida chuqur tarkibiy o‘zgartirishlar, uni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Yoqilg‘i-energetika, tog‘-kon, kimyo va boshqa tarmoqlarda zamonaviy yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni tashkil etish, mahalliy xomashyo asosida yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish ishlari izchil davom ettirilmoqda. 

Shu bilan birga, sanoat ishlab chiqarish tarmoqlarining uzoq muddatli va barqaror rivojlanishi, yangi ishlab chiqarish vositalarini amalga tatbiq qilish, ularning mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirishdagi samaradorligini ta’minlash va yuqori oshirilgan qiymatdagi mahsulotlarni eksport qilish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalar ilg‘or xalqaro tajribalar asosida yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlashni talab etadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent viloyatida sanoat ishlab chiqarish sohasi uchun muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori Toshkent viloyatida sanoat ishlab chiqarish sohasi uchun oliy ma’lumotli yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini yanada rivojlantirish va takomillashtirish hamda oliy texnik ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishni nazarda tutadi. 

Qaror asosida Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Olmaliq filiali tashkil etilib, u Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining tarkibiy tuzilmasi hisoblanadi va kunduzgi, maxsus sirtqi hamda kechki ta’lim shaklida kadrlar tayyorlashni amalga oshiradi. 

Qarorda 2017/2018 o‘quv yili uchun Filialning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul kvotalari belgilangan bo‘lib, kunduzgi bo‘limga qabul Navoiy davlat konchilik institutining Olmaliq fakultetiga 2017/2018 o‘quv yili uchun belgilangan kvota hisobidan amalga oshiriladi, maxsus sirtqi va kechki bo‘limlarga esa 150 (shu jumladan, maxsus sirtqiga – 75, kechkiga – 75) ta kvota ajratilgan. 

2017/2018 o‘quv yilida Filialning maxsus sirtqi va kechki bo‘limiga maqsadli qabul faqat o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga hamda kamida uch yillik amaliy ish stajiga ega bo‘lgan, “Olmaliq KMK” AJ, “Navoiy KMK” DK, “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJ, “O‘zbekko‘mir” AJ va O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining yo‘llanmasi berilgan shaxslar qatoridan suhbat asosida amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan. 

Maxsus sirtqi va kechki bo‘limlarga o‘qishga qabul qilinganda o‘qishni yakunlagandan so‘ng ko‘rsatilgan joyda majburiy ravishda besh yildan kam bo‘lmagan muddat ishlab berish sharti bilan tegishli tashkilot, Filial va talaba o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuzilishi belgilangan. 

Shu bilan birga, Filialga o‘qituvchilik va ilmiy ish uchun taklif etiladigan chet ellik professor-o‘qituvchilarning yashashi va transport xarajatlari uchun to‘lovni O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tariflar bo‘yicha milliy valyutada to‘lash huquqi berilgan. 

Filialga Olmaliq shahri, Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida joylashgan Navoiy davlat konchilik instituti qoshidagi Olmaliq akademik litseyining binolari va inshootlari operativ boshqarish huquqi bilan bepul foydalanishga beriladi. 

Qaror asosida “Olmaliq KMK” AJga boshqa tegishli tashkilotlar bilan birgalikda Filialning moddiy-texnik va laboratoriya bazasini mustahkamlash, ta’lim jarayoniga chet ellik olimlar, o‘qituvchilar va mutaxassislarni jalb etishda ko‘maklashish tavsiya etilgan. 

Shuningdek, ushbu qaror bilan Rossiyaning Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning Olmaliq filialini tashkil etish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita a’zolari tasdiqlangan. 

Ushbu qarorning qabul qilinishi Toshkent viloyatining sanoat ishlab chiqarish tarmoq korxonalari uchun malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlashni ta’minlash imkonini beradi.

Поделиться