O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Toshkent – Nyu-York – Toshkent yo‘nalishida ilk uzluksiz parvoz

2017-07-31 | Iqtisodiyot

Islom Karimov nomidagi «Toshkent» xalqaro aeroporti 28-iyul kuni yana bir tarixiy voqeaga guvoh bo‘ldi. 27-iyul kuni poytaxt havo bandargohidan havoga ko‘tarilgan Toshkent – Nyu-York – Toshkent yo‘nalishidagi «Voeing-787 Dreamliner» samolyoti ilk uzluksiz parvozni muvaffaqiyatli amalga oshirib, Toshkentga qaytib keldi.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» samolyotlari parkining «Boeing-787 Dreamliner» laynerlari bilan to‘ldirilishi uni noyob aviaparkka aylantirdi. Dunyo aviatashuvlar bozoridagi talab va vaziyatdan kelib chiqib, milliy aviakompaniya havo floti uzoq va yaqin yo‘nalishlarda birdek samarali faoliyat yuritmoqda. 

«Orzu layneri»ning tijoriy ekspluatatsiyasi 2016-yil sentabr oyidan boshlandi. Ilk xalqaro parvozini Qozog‘istonning Olmaota shahri bilan boshlagan laynerda bugungi kunda Dubay, Dehli, Amritsar, Istanbul, Tel-Aviv, Seul, Frankfurt, Moskva, Kuala-Lumpur, Singapur, shuningdek, Riga orqali Nyu-Yorkka aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda. 

O‘tgan qisqa davrda uchuvchilarimiz tomonidan zamonaviy havo kemasini boshqarish borasida to‘plangan tajriba xalqaro ekspertlar tomonidan yuqori baholanmoqda. «Voeing» korporatsiyasi tomonidan uchuvchilarimizning kasb mahorati va «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi laynerlarining ishonchlilik darajasi yuqori baholanib, maxsus sertifikat bilan ta’minlangani fikrimizning isbotidir.

Toshkent – Nyu-York – Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarning yo‘lga qo‘yilishi milliy aviakompaniya taraqqiyotida yangi davr boshlanganidan dalolat beradi. Mazkur yo‘nalishda «orzu layner»larining ekspluatatsiya qilinishi Nyu-Yorkka amaldagidan bir soat oldin yetib borish imkonini beradi. «Dreamliner»da Nyu-York shahriga bajariladigan uzluksiz parvoz salkam 12 soatni, Toshkentga qaytish esa 11 soatni tashkil etadi. 

Ushbu muhim voqeaga milliy aviakompaniyada puxta tayyorgarlik ko‘rildi. «Voeing-787» otryadi uchuvchilari trenajyor tayyorgarlikni London va Shanxayda, yer usti mashg‘ulotlarini Toshkentdagi O‘quv-mashq markazida o‘tadi. Aviakompaniya mutaxassislari tomonidan AQSh hududiga kirish-chiqish talablari o‘rganildi. 

Nyu-Yorkka to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovni milliy aviakompaniya ekipaji – Uchuvchilar majmuasi direktori o‘rinbosari Sergey Kim, aviakompaniya bosh shturmani Stanislav Gurfinkel, «Boeing-787» uchuvchilar otryadi komandiri Asadjon Tursunov, ikkinchi uchuvchilar Rustam Kurganov va Olimjon Uzoqov amalga oshirdi. Toshkentga qaytishda «orzu layneri»ni samolyot komandiri Pavel Margachyov, «Boeing-787» uchuvchilar otryadi uchuvchi-yo‘riqchisi Aleksey Markin va ikkinchi uchuvchi Ulug‘bek Eshmahamedov boshqardi. 

– Biz mazkur parvozga uzoq vaqt tayyorgarlik ko‘rdik, – deydi samolyot komandiri P.Margachyov. – Natijada Nyu-York – Toshkent reysi muvaffaqiyatli amalga oshirilib, parvoz davomiyligi 11 soat 20 daqiqani tashkil etdi. 

Toshkent – Nyu-York – Toshkent ilk uzluksiz parvozi yo‘lovchilar tomonidan yuqori baholandi. 

– Safarga chiqishdan avval biroz sarosimaga tushdik. Chunki shu paytgacha biror marta ham Nyu-Yorkdan Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchmagan edik, – deydi Nigina Nabiyeva. – Ammo milliy aviakompaniyamiz ekipaj a’zolarining yuksak mahorati bois safarimiz xavfsiz, ishonchli o‘tdi. 

– Bu reysni nafaqat biz, balki Atlantika ummonining har ikki tomonidagi juda ko‘plab odamlar intiqlik bilan kutgandi, – deydi Odil Ostonaqulov. – Shunday katta imkoniyatni yaratib bergani uchun mamlakatimiz rahbariyati, «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasiga katta minnatdorlik bildiramiz. 

Bugungi kunda ikkita zamonaviy «Boeing-787 Dreamliner» samolyotini ekspluatatsiya qilayotgan milliy aviakompaniya parki 2019-yilgacha yana to‘rtta «orzu layneri» bilan to‘ldirilishi O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasining jahon aviabozorida ishonchli va barqaror aviatashuvchi mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

Behzod Bozorov, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA

Поделиться