O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Rossiya Fyederatsiyasiga jo‘nab ketayotgan bir guruh mehnat muhojirlarini kuzatish marosimi
2017-07-27 | Jamiyat
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Rossiyaga davlat tashrifi doirasida Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O'zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy jalb etish va ishga qabul qilish to'g'risidagi Bitim imzolangan edi. O'zbekiston yangi sharoitlarda mehnat migrantlari muammolariga nisbatan o'z munosabatini tubdan o'zgartirmoqda hamda mehnat migrantlarining O'zbekiston iqtisodiyoti hamda ular ishlayotgan mamlakat taraqqiyotiga qo'shayotgan ulushini e'tirof etadi. O'zbekiston hukumati bundan keyin ham ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishda davom etadi.
Shu munosabat bilan 2017 yil 26 iyulda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi binosida Rossiya Federatsiyasiga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining bir guruhi Mehnat va bandlik munosabatlari vaziri A.Abduhakimov bilan uchrashdi.
Vazirning ta'kidlashicha, O'zbekistonda mehnat migratsiyasi sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish yuzasidan jadal ishlar amalga oshirilmoqda. Rekruting faoliyati to'g'risidagi, mehnat migratsiyasi to'g'risidagi, yangi qonunlar ishlab chiqilmoqda, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirilmoqda hamda litsenziya va ruxsat berish hujjatlari soddalashtirilmoqda.
Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi O'zbekiston Respublikasi fuqarolari manfaatlarini himoya qilish uchun mamlakatimiz fuqarolari eng ko'p mehnat qilayotgan davlatlarda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Agentlikning vakolatxonalarini ochish masalasi ishlab chiqilmoqda. Jumladan, Rossiya Federatsiyasi va Koreya Respublikasida. O'zbekistonning Samarqand va Farg'ona shaharlarida mehnat migrantlariga hamkorlikda ko'maklashishga qaratilgan turli markazlar ochilmoqda.
Ayni paytda, hukumatlararo Bitimni hayotga joriy etish mexanizmlarini yaratish bo'yicha jadal ishlar olib borilmoqda. Rossiyalik ish beruvchilar tomonidan taklif qilinayotgan turli mutaxassisliklar bo'yicha tashkiliy tanlov boshlandi. Allaqachon haydovchilar, tikuvchilar, qurilish bo'yicha mutaxassislar, sozlovchilar, tokarlar va boshqalar bo'yicha tanlov va saralash ishlari olib borilmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “O'zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o'rtasida ikki tomonlama strategik hamkorlik va sherikchilik munosabatlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 2017 yil 12 apreldagi PQ-2885-son qarorini bajarish yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan Rossiya Federatsiyasidagi mehnat migrantlarining muammolarini tezkor hal qilish, ularning mehat faoliyatini qonuniylashtirish hamda huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, odam savdosi bilan bog'liq holatlarning oldini olish, ularning turli buzg'unchi kuchlarning salbiy ta'siri ostiga tushib qolmasligini ta'minlash maqsadida Rossiya Federatsiyasining tegishli tashkilotlari va muassasalari bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Mazkur tadbirda Rossiyaning mehnat migrantlariga huquqiy ko'maklashish bo'yicha Agentligi vitse-prezidenti Yu.Slutskaya, Rossiya Federatsiyasining O'zbekistondagi Elchixonasi maslahatchisi Ye.Chistova, turli vazirliklar va muassasalar, ish beruvchilar va hamkor tashkilotlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.