O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yangi talablar asosida tanqidiy tahlil
2017-07-27 | Jamiyat
Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, sud-xuquq sohasi xodimlari ishtirok etdi.
Sessiyada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2017-yil 13-iyun kuni poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan sud organlari tizimida odil sudlovni ta’minlash borasidagi ishlarning ahvoli, muammolar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan Jizzax viloyat sudlarining faoliyati muhokama qilindi. Ushbu masala yuzasidan viloyat jinoyat ishlari bo‘yicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha, iqtisodiy, ma’muriy sudlari raislarining axborotlari eshitildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan sud xokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash borasida qabul qilingan qonun hujjatlari va ko‘rilgan amaliy tadbirlar mazkur sohadagi davlat siyosatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarib, sud hokimiyatining fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ximoya qilishdagi roli va ahamiyatini tubdan oshirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Viloyat sudlari raislarining axborotida va muzokaralarda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan sud hokimiyatining tom ma’noda mustaqilligini ta’minlash, sud tizimini demokratlashtirish va takomillashtirish, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinligini ishonchli himoya qilish kafolatini kuchaytirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilinib, muayyan natijalarga erishilayotgani qayd etildi.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat jinoyat ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan 1 ming 355, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda 9 ming 306, iqtisodiy sudda 16 ming 871 va ma’muriy sudlar tomonidan 8 ming 101 ish ko‘rib chiqilgan.
Tadbirda viloyat sudlari faoliyatidagi ayrim kamchiliklar, jumladan, hududlarda sayyor sud majlislari o‘tkazish amaliyotini qo‘llash sustligi tanqid qilindi.
Fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish orqali xalqimizning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, sudni chinakam “Adolat qo‘rg‘oni”ga aylantirishga erishish bugungi kunning dolzarb vazifasi ekaniga alohida e’tibor qaratildi. Jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida mahalla fuqarolar yig‘inlari hamda jamoatchilik bilan aloqani mustahkamlash, har bir sudya tomonidan aholi bilan joylarda bir oyda kamida bir marta uchrashuv o‘tkazish bo‘yicha fikr almashildi
Sessiyada yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha yarim yillikda amalga oshirilgan ishlar, oila, mahalla, ta’lim muassasalarida yoshlar tarbiyasi va viloyat hayotiga oid boshqa masalalar muhokama qilindi. Ushbu masalalar yuzasidan viloyat xokimining o‘rinbosarlari, boshqarma, tashkilot rahbarlarining axborotlari eshitildi. Amalga oshirilgan ishlar tanqidiy tahlil qilinib, ularni hal etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Sessiyada Jizzax viloyati hokimi U.Uzoqov so‘zga chiqdi.