O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Dunyo e’tirofidagi festival
2017-07-21 | Madaniyat
Milliy matbuot markazida joriy yil 25-30-avgust kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan an’anaviy "Sharq taronalari" XI xalqaro musiqa festivaliga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri o‘rinbosari K.Oqilova va boshqalar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 1997-yilda tashkil etilgan "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivali dunyoning eng nufuzli san’at forumlari qatoridan joy olganini ta’kidladi.
Mazkur festival milliy musiqa san’atini rivojlantirishga hissa qo‘shish bilan birga, jahonning turli mamlakatlari xonandalari, musiqashunoslari, badiiy jamoalari ijrochilarining o‘zaro fikr va tajriba almashadigan, san’atimizni bor go‘zalligi va jozibasi bilan namoyon etadigan betakror bayramga aylandi. Xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Festival ezgu g‘oyalari, yuksak va ko‘tarinki saviyasi bilan yildan yilga nufuzi oshib bormoqda. Birinchi festivalda 31 mamlakat vakillari qatnashgan bo‘lsa, bu yilgi festivalda 60 ga yaqin mamlakatdan badiiy jamoalar, yakkaxon xonandalar, musiqashunoslar, olimlar qatnashishi kutilmoqda.
Festival doirasida "Sharq xalqlari musiqa madaniyatida milliy an’analarning shakllanishi va rivojlanishi" mavzusida ilmiy-nazariy konferensiya o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Shu kunlarda Samarqand shahrida festivalni ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Festival doirasida Urgut, Tayloq, Jomboy, Pastdarg‘om tumanlarida ham musiqiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar, muloqotlar, konsertlar bo‘lib o‘tadi.