O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Akademik Boris Bondarenko
2017-07-21 | Jamiyat
O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikka uchradi.
Hisoblash matematikasi va differensial tenglamalar sohasidagi taniqli olim, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Boris Anisimovich Bondarenko 93 yoshida vafot etdi.
B.Bondarenko 1923-yil 12-oktabrda Rossiya Federatsiyasining Boshqirdiston Respublikasi Davlekanovo shahrida tug‘ildi. 1953-yili O‘rta Osiyo davlat universitetini (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) matematika mutaxassisligi bo‘yicha tugatdi. Dastlab nomzodlik, keyinchalik doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun 2000-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.
Iste’dodli olim qariyb 70-yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti kafedrasi mudiri, Fanlar akademiyasining Matematika instituti katta ilmiy xodimi, ilmiy kotibi, Kibernetika instituti laboratoriya mudiri, yetakchi ilmiy xodimi, direktorning ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida samarali mehnat qildi va mamalakatimizda matematika sohasidagi dolzarb masalalarni tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shdi.
Zahmatkash olimning ilmiy ishlanma va tadqiqotlari matematik fizika, hisoblash matematikasi va kombinator tahlilida respublikamiz fanida keng qo‘llanib kelmoqda. Olim tomonidan yangi turdagi maxsus polinomlar va ularning maxsus funksiyalari yaratilgan. Ularning nazariyalari, hisoblash matematikasi va qattiq jismlar mexanikasi sohasidagi muhim masalalar yechimlari ishlab chiqilgan.
Olimning chiziqli va yarimchiziqli differensial tenglamalar sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan 500 dan ziyod ilmiy maqolalari, kitob va monografiyalari yurtimiz va xorijiy mamlakatlar olimlari va mutaxassislariga yaxshi ma’lum.
Jonkuyar ustoz sifatida ko‘plab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan ilm-fan fidoyisining bevosita rahbarligida o‘nlab fan doktorlari va fan nomzodlari tayyorlangan.
B.Bondarenkoning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. U “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni va “Jasorat” medali bilan mukofotlangan edi.
Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Boris Bondarenkoning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, N.Yo‘ldoshev, N.Ismoilov,