O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

«Mehnat faxriysi» ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida

2017-07-17 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
 
Mamlakatimizning iqtisodiyot, ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yurisprudensiya va boshqa sohalarida ko‘p yillar davomida halol va samarali mehnat qilgan nafaqa yoshidagi yurtdoshlarimizni, shuningdek, ishlamasdan, hayotini oilalar mustahkamligini saqlash, farzandlarimizni jamiyat oldida mas’uliyat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, kattalarga va yosh avlod vakillariga hurmat, ona Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga bag‘ishlab, jamiyatimizda hurmat qozongan onalarni munosib taqdirlash maqsadida hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-dekabrdagi «O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-4906-sonli Farmoniga asosan: 

1. «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni ta’sis etilsin. 

2. Quyidagilar: 

«Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq; 

«Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni va uning guvohnomasining tavsiflari 2, 3-ilovalarga muvofiq; 

«Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar yashaydigan xonadonlar va uy-joylar eshiklariga o‘rnatiladigan belgi (keyingi o‘rinlarda – «Mehnat faxriysi» belgisi)ning tavsifi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishonlari, ularning guvohnomalari va «Mehnat faxriysi» belgilarining tayyorlanishini ta’minlasin. 

4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishonlari, ularning guvohnomalari va «Mehnat faxriysi» belgilarini tayyorlash uchun zarur pul mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti hisobidan ajratsin. 

5. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda normativ-huquqiy hujjatlarga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalarni kiritsin. 

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov zimmasiga yuklansin. 


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                   Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2017-yil 14-iyul
 
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2017-yil 14-iyuldagi
PQ-3133-sonli Qaroriga 1-ilova

 

«Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi
NIZOM


1. «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni (keyingi o‘rinlarda – ko‘krak nishoni) bilan mamlakatimizning iqtisodiyot, ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yurisprudensiya va boshqa sohalarida ko‘p yillar davomida halol va samarali mehnat qilgan nafaqa yoshidagi yurtdoshlarimiz, shuningdek, ishlamasdan, hayotini oilalar mustahkamligini saqlash, farzandlarimizni jamiyat oldida mas’uliyat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, kattalarga va yosh avlod vakillariga hurmat, ona Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga bag‘ishlab, jamiyatimizda hurmat qozongan onalar taqdirlanadilar. 

2. Ushbu Nizomning 1-bandiga muvofiq: 

I darajali ko‘krak nishoni bilan kamida 35-yillik mehnat stajiga ega shaxslar;

II darajali ko‘krak nishoni bilan kamida 30-yillik mehnat stajiga ega shaxslar;

III darajali ko‘krak nishoni bilan kamida 25-yillik mehnat stajiga ega shaxslar, shuningdek, jamiyatda hurmat qozongan ishlamaydigan onalar taqdirlanadilar.

3. I darajali ko‘krak nishoni yuqori darajali hisoblanadi. II yoki III darajali ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlar keyinchalik uning yuqori darajalari bilan bosqichma-bosqich mukofotlanishi mumkin. Bir darajadagi ko‘krak nishoni takroran berilmaydi. 

4. Ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflar, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – «Nuroniy» jamg‘armasi)ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘limlariga beriladi. 

5. «Nuroniy» jamg‘armasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘limlarining takliflari har yili 25-dekabrgacha «Nuroniy» jamg‘armasining Vasiylik kengashiga taqdim etiladi. 

6. Taqdim etilgan takliflarni ko‘rib chiqish va ko‘krak nishoni bilan taqdirlash uchun nomzodlarni tanlab olish tartibi «Nuroniy» jamg‘armasining Vasiylik kengashi tomonidan belgilanadi. 

7. Ko‘krak nishoni bilan taqdirlash «Nuroniy» jamg‘armasi Vasiylik kengashining qarori bilan amalga oshiriladi. 

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi qaror «Nuroniy» jamg‘armasining axborot vositalarida e’lon qilinadi. 

8. I darajali ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan shaxslar eng kam oylik ish haqining to‘rt baravari miqdorida, II darajali ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan shaxslar eng kam oylik ish haqining uch baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti oladilar. 

Bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofotlari «Nuroniy» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. 

9. Ko‘krak nishoni, uning guvohnomasi va pul mukofoti «Navro‘z» bayrami arafasida «Nuroniy» jamg‘armasi Vasiylik kengashining raisi (yoki uning topshirig‘iga binoan boshqa mas’ul shaxslar) tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi. 

10. Ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda tibbiy xizmatdan imtiyozli foydalanish huquqiga ega bo‘ladilar. 

11. Ko‘krak nishoni davlat mukofotlaridan keyin ko‘krakning chap tomoniga taqiladi.

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

2017-yil 14-iyuldagi

PQ-3133 -sonli Qaroriga 2-ilova

«Mehnat faxriysi» ko‘krak nishonining

TAVSIFI


«Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni diametri 34 millimetrli doira shaklida bo‘lib, mis qotishmasidan tayyorlanadi: 

I darajali ko‘krak nishoni tilla rangda; 

II darajali ko‘krak nishoni kumush rangda; 

III darajali ko‘krak nishoni bronza rangda bo‘ladi. 

Ko‘krak nishonining old tomonida qanotlarini yozgan Humo qushi tasviri aks ettirilgan. Uning tepa qismida ko‘krak nishoni darajasini ifodalaydigan bo‘yi 4 millimetrli «I», «II» yoki «III» – rim raqamidagi son va diametri 1,8 millimetrli sakkiz qirrali yulduz joylashgan. Ushbu tasvirning umumiy balandligi 22 millimetrni, eni 23 millimetrni tashkil etadi. 

Ko‘krak nishonining old yuqori qismida sakkiz qirrali yulduzlar oralig‘ida ikki qatorda harflarning balandligi 2 millimetr bo‘lgan «MEHNAT», «FAXRIYSI» yozuvi joylashgan. 

Ko‘krak nishonining orqa tomoni markazida to‘rt qatorda harflarning balandligi 2 millimetr bo‘lgan «KO‘P YILLIK», «HALOL», «MEHNATI», «UCHUN» yozuvi joylashgan. Uning atrofi diametri 30,7 millimetr bo‘lgan naqsh bilan hoshiyalangan. 

Ko‘krak nishonining qalinligi 2,2 millimetr. 

Tasvirlar va yozuvlar qabariqdir. 

Ko‘krak nishonining old va orqa tomonlarining chetlari qabariq doira bilan o‘ralgan. 

Ko‘krak nishoni halqa va ilmoqchalar yordamida to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi qadag‘ichga ulangan. 

Qadag‘ichning eni – 26 millimetr, bo‘yi – 17 millimetrdan iborat. Qadag‘ich eni 22 millimetrli shoyi lenta bilan qoplangan bo‘lib, lentaning o‘rtasidan eni 8 millimetrli oq yo‘l, ikki chetidan esa har birining eni 7 millimetr bo‘lgan ko‘k rangli yo‘l o‘tgan. 

Qadag‘ichning orqa tomoniga ko‘krak nishonini kiyimga taqib qo‘yish uchun to‘g‘nog‘ich ko‘rinishidagi moslama o‘rnatilgan.

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

2017-yil 14-iyuldagi

PQ-3133-sonli Qaroriga 3-ilova

«Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni guvohnomasining

TAVSIFI

«Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni guvohnomasi 160x110 millimetr o‘lchamdagi kitobcha shaklida bo‘lib, 240 g/kv.m. qalinlikdagi ofset qog‘ozdan tayyorlanadi. 

Guvohnomaning tashqi tomoni (birinchi va to‘rtinchi betlari) yashil rangda bo‘lib, plyonka bilan qoplangan. 

Guvohnomaning birinchi beti eni 7,5 millimetrli, ichki burchaklari aylana shaklida bo‘lgan oq rangli hoshiya bilan o‘ralgan. 

Guvohnomaning yuqori chekkasidan (birinchi beti) 35 millimetr pastda, markazda oralig‘i 3,5 millimetrli ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda «Mehnat faxriysi», ikkinchi satrda «ko‘krak nishoni» («Times new Roman Bolt» shrifti, 17-kegl) so‘zlari yozilgan. Undan 6 millimetr pastda «GUVOHNOMASI» (katta harflarda, «Times new Roman Bolt» shrifti, 17-kegl) so‘zi yozilgan. Yozuvlar zarhal rangida aks ettirilgan. 

Guvohnomaning ichki tomoni (ikkinchi va uchinchi betlari) «Tangir» tasviri tushirilgan och havo rangda bo‘lib, ofset usulida chop etilgan. 

Ichki tomonining chap qismida (ikkinchi beti), markazda ko‘krak nishonining asliga teng o‘lchamdagi rangli tasviri aks ettirilgan. 

Guvohnomaning ichki o‘ng tomoni (uchinchi beti) yuqori chekkasidan 8 millimetr pastda, markazda «GUVOHNOMA» (katta harflarda, «Times new Roman Bolt» shrifti, 10-kegl) so‘zi hamda guvohnoma tartib raqami uchun «№» belgisi va 15 millimetrli chiziq joylashgan. 

«GUVOHNOMA» so‘zidan 11 millimetr pastda mukofotlangan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismini qayd etish uchun oralig‘i 8 millimetrli uchta chiziq tortilgan. 

Pastki chiziqdan 5 millimetr quyida, markazda oralig‘i 1,5 millimetrli to‘rt satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda «O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy», ikkinchi satrda «faoliyatini qo‘llab-quvvatlash», uchinchi satrda «Nuroniy» jamg‘armasi», to‘rtinchi satrda «Vasiylik kengashining» («Times new Roman Bolt» shrifti, 10-kegl) so‘zlari yozilgan. Undan 4 millimetr pastda oralig‘i 4 millimetr bo‘lgan ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda «20__ y. «___» ___________dagi», ikkinchi satrda «____-sonli Qaroriga asosan» («Times new Roman Bolt» shrifti, 10-kegl) so‘zlari yozilgan. 

Undan 5 millimetr pastda, markazda oralig‘i 5 millimetrli ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi catrda «Mehnat faxriysi» so‘zi hamda ko‘krak nishonining darajasi haqidagi yozuv («Times new Roman Bolt» shrifti, 12-kegl), ikkinchi satrda «ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi» («Times new Roman Bolt» shrifti, 10-kegl) so‘zlari yozilgan. 

So‘nggi so‘zlardan 9 millimetr pastda, chap tomonda oralig‘i 2 millimetrli ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda «Vasiylik kengashi», ikkinchi satrda «raisi» («Times new Roman Bolt» shrifti, 10-kegl) so‘zlari yozilgan.

* * * 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

2017-yil 14-iyuldagi

PQ-3133-sonli Qaroriga 4-ilova

 

«Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan 
shaxslar yashaydigan xonadonlar va uy-joylar 
eshiklariga o‘rnatiladigan belgi
TAVSIFI

«Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar yashaydigan xonadonlar va uy-joylar eshiklariga o‘rnatiladigan belgi 210x80 millimetr o‘lchamli to‘rtburchak shaklida bo‘lib, mis qotishmasidan tayyorlanadi. 

Belgining chap tomonida qanotlarini yozgan Humo qushi va uning tepasida ko‘krak nishoni darajasini belgilovchi «I», «II» yoki «III» – rim raqamidagi son hamda sakkiz qirrali yulduz tasviri aks etgan. Ushbu tasvirning umumiy balandligi 55 millimetrni, eni 51 millimetrni, rim raqamidagi sonning bo‘yi esa 9 millimetrni tashkil etadi. 

Belgining o‘ng tomonida harflarning balandligi 5,6 millimetr, satrlar oralig‘i 3,8 millimetr bo‘lgan olti satrli matn joylashgan. Birinchi catrda «Bu yerda» so‘zi hamda ko‘krak nishonining darajasi haqidagi yozuv, ikkinchi satrda «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni», uchinchi satrda «bilan taqdirlangan fuqaro», to‘rtinchi va beshinchi satrlarda katta harflarda mukofotlangan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, oltinchi satrda «istiqomat qiladi» so‘zlari yoziladi. 

Belgining qalinligi 1,5 millimetr. 

Tasvirlar va yozuvlar botiq shaklda bo‘lib, belgining chetlari to‘g‘ri chiziqlar bilan o‘ralgan.

Поделиться