O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Parlamentimiz haqiqiy demokratiya maktabiga aylanishi, islohotlarning tashabbuskori va asosiy ijrochisi bo‘lishi kerak

2017-07-13 | Siyosat

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan videoselektor yig‘ilishidagi ma’ruzasi

Assalomu alaykum, hurmatli deputat va senatorlar! 

Qadrli majlis qatnashchilari! 

Avvalambor, bugun siz, azizlar bilan, Oliy Majlis palatalari rahbarlari, siyosiy partiyalar va Ekologik harakat vakillari bilan uchrashib turganimdan xursand ekanimni bildirib, barchangizga o‘zimning samimiy va ezgu tilaklarimni izhor etaman. 

Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida bunday tarkib va mazmunda ilk bor o‘tkazilayotgan bu uchrashuv men uchun yuksak sharaf va yuksak mas’uliyat, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman. 

Bugun biz zamon talablaridan kelib chiqib, taraqqiyotimizni yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lidan jadal ilgarilab bormoqdamiz. 

Eng asosiysi, jamiyat hayotining barcha sohalarini yanada erkinlashtirish va isloh qilish jarayonlari izchil davom ettirilmoqda. Qaysi soha yoki tarmoqda bo‘lmasin, dolzarb muammolar aholimiz bilan ochiq muhokama qilinib, ularning yechimi topilmoqda. Barcha qarorlarimiz xalqimizning fikr-mulohazalari va murojaatlari asosida qabul qilinmoqda. 

Davlat hokimiyati organlari, jumladan, iqtisodiyot, bank-moliya sohasi idoralari, kommunal xizmat, ichki ishlar, tashqi ishlar, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, sud-huquq tizimining parlament va mahalliy kengashlarda hisobot va axborot berish tartibi yo‘lga qo‘yilib, xalq nazorati amalda joriy etilmoqda. 

Bunday o‘ta muhim jarayonlarda, hech shubhasiz, siyosiy partiyalarning vakillari, hurmatli deputat va senatorlarning o‘rni va mas’uliyati naqadar beqiyos ekanini, o‘ylaymanki, hammamiz yaxshi tushunamiz. Biz milliy parlamentimiz timsolida, avvalo, jamiyatimizning haqiqiy ko‘zgusini, odamlarni o‘z ortidan ergashtirib, ezgu maqsadlar sari boshlashga qodir bo‘lgan katta bir kuchni ko‘ramiz. 

Muhtaram do‘stlar! 

Men ham ko‘p yillar deputat bo‘lganman, shu sababli o‘z tajribamdan yaxshi bilaman – deputat bo‘lish, xalq ishonchini qozonish va uni munosib ravishda oqlash – bu oson emas. 

Bunday sharaf har kimga ham nasib etmaydi. Deputat – fikri zikri bilan xalqqa eng yaqin odam, doimo el-yurtning tashvish va muammolari bilan yashaydigan, katta bilim va tajribaga ega bo‘lgan shaxs. 

Biz, ana shu haqiqatdan kelib chiqqan holda, keyingi paytda kadrlar siyosatida yangi bir tajribani qo‘llayapmiz. Ya’ni, hurmatli deputat va senatorlar, partiya vakillari yuksak va mas’uliyatli lavozimlarga tayinlanmoqda. Ularga muhim sohalar ishonib topshirilmoqda. 

Qisqa davr ichida Oliy Majlis palatalarining 20 nafardan ziyod vakillari davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimidagi turli yuqori vazifalarga o‘tkazildi. 

Masalan, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi A.Shodmonov sog‘liqni saqlash vaziri, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi a’zolari, senator Q.Tursunov Navoiy viloyati hokimi, M.G‘afurova Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi a’zosi B.Temirxonova Qoraqalpog‘iston Respublikasi iqtisodiy sudining raisi, Xalq demokratik partiyasi raisi o‘rinbosari R.Komilov Prezidentning Davlat maslahatchisi, Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Yo.Umarov Vazirlar Mahkamasi departamenti mudiri lavozimiga tayinlandi. 

Shuningdek, mahalliy kengashlar deputatlarining qariyb 200 nafardan ortig‘i joylarda rahbarlik lavozimlariga o‘tkazildi. 

Biz bu boradagi siyosatimizni kelgusida ham qat’iy davom ettiramiz. O‘zining tashkilotchiligi va tashabbuskorligi, mas’uliyati bilan xalq ishonchini qozongan har qaysi parlament a’zosi va partiya vakili hech qachon e’tiborsiz qolmaydi. 

Ayni paytda bugun zamonning o‘zi barchamizdan, birinchi navbatda, siyosiy partiyalarning vakillari, deputat va senatorlardan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning nafaqat ishtirokchisi, balki tashabbuskori va asosiy ijrochisi bo‘lishni, boshqalarga namuna ko‘rsatishni talab etmoqda. 

Bugungi uchrashuvimizdan asosiy maqsad – bu borada erishgan yutuqlarimizni e’tirof etgan holda, sizlar bilan birgalikda hokimiyat vakillik organlari, siyosiy partiyalar va Ekologik harakatning o‘tgan davrdagi faoliyatini o‘zaro muloqot shaklida, tanqidiy ruhda tahlil qilish, islohotlarni yanada chuqurlashtirish yo‘lida oldimizda turgan muhim vazifalarni belgilab olishdan iborat. 

Shu nuqtai nazardan qaraganda, avvalo siyosiy partiyalar faoliyatidagi ayrim muammo va kamchiliklar haqida so‘z yuritish o‘rinli, deb o‘ylayman. 

Birinchidan, bugungi kunda siyosiy partiyalar o‘z elektoratiga bergan va’dalarini, saylovoldi dasturlarini to‘la va samarali bajarmoqda, deb aytolmaymiz. Ular hanuzgacha mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida, fuqarolar ongida o‘zining mustahkam o‘rnini egallay olmadi. 

Siyosiy partiyalar va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatida partiya fraksiyalari tomonidan ustuvor maqsad va vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan aniq taklif va tashabbuslar deyarli sezilmayapti. 

Masalan, Xalq demokratik partiyasi o‘zini pensionerlar, kam ta’minlangan aholi qatlamlari manfaatlarining himoyachisi sifatida namoyish etadi. Lekin, xolisona aytadigan bo‘lsak, partiya shu maqsad yo‘lida haqiqatan ham amaliy ish olib boryaptimi? 

Partiya pensionerlarning hayot darajasini, ularning ijtimoiy faolligini kuchaytirish, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘zga ko‘rinadigan tashabbuslar bilan chiqyaptimi? 

Shu borada bir misolga murojaat qilaylik. Ma’lumki, pensionerlarning muayyan bir qismini nogironlar tashkil etadi. Lekin hozirgi vaqtda ular o‘zini jamiyatning to‘laqonli a’zosi deb his qilishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilmagan. Bu haqiqatni afsus bilan tan olish kerak. Nogironlarni, aytaylik, protezlar, invalidlar kolyaskalari bilan ta’minlash, ularning turar-joy va ma’muriy binolarga kirib-chiqishi, metro va avtobuslardan bemalol foydalanishi uchun panduslar va platformalar qurish kabi masalalarda, umuman, ushbu sotsial toifaning talab va ehtiyojlari, qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlashda talaygina kamchilik va muammolar borligi sir emas. 

Shu borada XDP qachon birorta qonun tashabbuskori bo‘lib maydonga chiqdi va uning ijrosi ustidan qanday nazorat olib bordi? Yoki “Muruvvat”, “Saxovat” va “Mehribonlik” uylari faoliyatini yaxshilash bo‘yicha partiya tomonidan amaliy harakatlar bo‘lyaptimi? 

Yana bir muhim masala – pensionerlarni dori-darmon bilan ta’minlashdagi muammolarni hal etish uchun ushbu partiya nima ish qildi? 

Agar Xalq demokratik partiyasi mana shu muhim ijtimoiy masalalar bilan yaqindan shug‘ullanganida edi, o‘ylaymanki, Prezidentning Xalq qabulxonalariga aholining kam ta’minlangan qatlamlaridan, avvalo, pensionerlardan ko‘plab shikoyat va arizalar tushmagan bo‘lardi. 

“Milliy tiklanish” partiyasini oladigan bo‘lsak, u milliy merosimiz va qadriyatlarimizni tiklash, ularni yanada boyitish bilan birga, turizm sohasini rivojlantirishni ham o‘z oldiga vazifa qilib qo‘ygan. Ammo partiya amalda bu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish, mavjud qonunlarning ijrosini nazorat qilish yuzasidan yetarlicha faollik ko‘rsata olmayapti. 

Holbuki, turizm sohasini rivojlantirish yo‘lida qancha muammolar, shu bilan birga, hali ishga solinmagan katta imkoniyatlar borligi, bu tarmoq yangi-yangi ish o‘rinlari yaratishda qanday muhim manba ekanini ortiqcha izohlab o‘tirishning hojati yo‘q. 

Lekin ushbu partiyadan saylangan deputatlarimiz, misol uchun, aeroport yoki vokzallarga, mehmonxonalarga, bojxona postlariga borib, turistlar uchun qanday sharoitlar yaratilganini o‘rganib, mavjud holatni yaxshilash yuzasidan amaliy taklif va tashabbuslar bilan chiqyaptimi? 

Boshqa sohalarda bo‘lgani kabi turizm sohasida ham eng katta muammo – zamonaviy fikrlaydigan, o‘z ishini, xorijiy tillarni puxta biladigan malakali kadrlar yetishmasligi bilan bog‘liq. 

Ana shu dolzarb muammoni hal qilish maqsadida partiya vakillari qaysi oliy o‘quv yurtiga, qaysi kollejga borib, turizm bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash jarayonlari bilan, o‘quv dasturlari bilan qiziqyapti? Buning uchun katta mablag‘ kerak emas-ku! 

Biz keyingi vaqtda turizm sohasini rivojlantirish uchun bir qator muhim qarorlar qabul qildik. Jumladan, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashkil etildi, ushbu soha taraqqiyotini jadallashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyat va imtiyozlar yaratib berildi. Lekin ular negadir hozirga qadar “Milliy tiklanish” partiyasi uchun muhokama obyektiga aylanmadi. 

Yana bir muhim masala – yurtimizdagi tarixiy obidalarni tiklash va ta’mirlash, buyuk ajdodlarimizning qadamjolarini obod etish bo‘yicha oldimizda qancha-qancha vazifalar turibdi. 

Mana, hozirgi paytda Qashqadaryoda Abu Muin Nasafiy, Toshkent shahrida Suzuk ota, Namangan viloyatida Ibrat domla, Sulton Uvays kabi ulug‘ zotlarning xotiralariga atab yangi majmualar, milliy o‘zligimizni yanada chuqurroq anglash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish maqsadida Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy markaz, poytaxtimizda esa O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazini barpo etish bo‘yicha juda katta ishlar olib borilmoqda. 

Bu partiya necha yillardan buyon tarixiy va madaniy meros masalalari bilan shug‘ullanadi. Lekin haqiqiy tariximizni tiklash bo‘yicha maktablar va oliy o‘quv yurtlarida olib borilayotgan ishlar, o‘quv dasturlarining saviyasini partiya faollari hech o‘rganganmi? 

Sizlarga ma’lum, biz yaqinda O‘zbekistonning yangi tarixini yaratish bo‘yicha qaror qabul qildik. Bu qarorni tayyorlash jarayonida ushbu partiyaning roli, taklifi mutlaqo sezilmagani, uning vakillari ishtirok etmagani, albatta, odamni hayron qoldiradi. 

Vaholanki, yuqorida tilga olingan masalalar bo‘yicha tashabbus aynan “Milliy tiklanish” partiyasidan chiqishi kerak emasmidi? Nima uchun bunday takliflar faqat Prezident tomonidan bildirilishi kerak? 

Ma’lumki, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi ijtimoiy adolat, ilm-fan, ta’lim-tarbiya va sog‘liqni saqlash sohasida aholi manfaatlarini himoya qilish shiori ostida faoliyat olib boradi. 

Lekin partiya ushbu sohalarda, xususan, jamiyatimizda qonun va adolat ustuvorligini yoki aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish va uni dori-darmon vositalari bilan ta’minlashni yaxshilash bo‘yicha aniq tashabbuslarni nima uchun o‘z vaqtida ilgari surmagani achinarli holdir. 

Hozirgi vaqtda yurtimizda ilm-fan, ta’lim-tarbiya sohalari, jumladan, Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. 

Lekin “Adolat” partiyasi vakillari, ularning deputatlari, misol uchun, yosh olimlar bilan biron marta uchrashib, ularning dardini eshitib, muammolarini yechish bo‘yicha qanday amaliy takliflar berdi? Ming afsuski, yo‘q bunday taklif. 

Mana, bugungi kunda Kadrlar tayyorlash milliy dasturini takomillashtirish yuzasidan joylarda turli-tuman fikrlar, takliflar bildirilyapti. Lekin nima uchun partiya bu masalalar bo‘yicha o‘z fikri, o‘z munosabatini bayon etmayapti? 

Sog‘liqni saqlash, jamiyatimizda qonun va adolat ustuvorligini ta’minlash, oilalarda, mahallalarda sog‘lom muhitni mustahkamlash bo‘yicha keyingi paytda qancha muhim tadbirlar o‘tkazilmoqda, bu borada mutlaqo yangi tizim barpo etilmoqda. Sizlar ana shu masalalar bo‘yicha birorta fikr bildirdingizmi? 

Yaqinda matbuotda O‘zbekiston sudyalar hamjamiyatining murojaati e’lon qilindi. 

Xo‘sh, “Adolat” partiyasining bu masalaga munosabati qanday – saylovchilaringiz, tarafdorlaringiz sizlardan bu savollarga javob kutishga haqli. 

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining faoliyatini ham mamlakatimizdagi yetakchi siyosiy kuch sifatida faol va samarali deb bo‘lmaydi. 

Prezident saylovlari bo‘lib o‘tganiga ham, mana, hademay bir yil to‘ladi. Lekin partiyamiz hozirgi paytda yangi g‘oyalar, yangi tashabbus va takliflarni o‘rtaga qo‘yayotgani yo‘q. 

Mana, biz O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi faoliyatini yangicha asosda tashkil etib, uning rahbarlarini ham o‘zgartirdik. 

Mamlakatimizda tadbirkorlik va xususiy mulkchilikni yanada qo‘llab-quvvatlash, bu sohaga yangi-yangi imtiyoz va preferensiyalar yaratib berish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Qancha erkin iqtisodiy zonalar, qishloqlarda kichik sanoat hududlari tashkil etilyapti. Qishloq xo‘jaligi sohasida biz uchun yangi bo‘lgan tarmoq va yo‘nalishlarga asos solinmoqda. Bu borada biz juda oddiy, juda sodda, lekin chuqur hayotiy asosga ega bo‘lgan bir prinsipga amal qilyapmiz. 

Ya’ni, faqat bitta qishloq xo‘jalik ekiniga qaram bo‘lib qolmasdan, daromad, foyda nuqtai nazaridan o‘zini oqlamagan paxta maydonlarini qisqartirib, ularning o‘rniga nimaiki daromad keltirsa, nimaiki eksportbop bo‘lsa, nimaiki odamlar hayotini farovon qiladigan bo‘lsa, ayni shu ekinni ekamiz. 

Lekin bu ishlarni izchil va samarali amalga oshirish, ularning pirovard natijasini ta’minlash uchun barcha mas’uliyat va javobgarlikni faqat ijro organlariga tashlab qo‘yish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bu masalalarda tadbirkor va ishbilarmonlar, fermerlar, xususiy mulk, jumladan, intellektual mulk egalarining huquq va manfaatlarini himoya qilaman, deb maydonga chiqqan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining o‘rni va ishtiroki, amaliy ta’siri aniq sezilishi zarur. 

Mana, yaqinda mamlakatimiz yoshlari o‘z qurultoyida yangi tashkilot – O‘zbekiston yoshlar ittifoqini tashkil etdi. Shu majlisda yoshlar hayotiga bevosita daxldor bo‘lgan ko‘pgina masalalar qatorida yosh tadbirkorlarni qiynayotgan qancha muammolar ham o‘rtaga qo‘yildi. 

Nima uchun Liberal-demokratik partiyamiz shu masalaga o‘z vaqtida e’tibor qaratib, bu muammolarni hukumat oldiga, tegishli vazirlik va idoralar oldiga qo‘ymadi, degan savol, afsuski, javobsiz qolmoqda. 

Holbuki, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash partiyamizning asosiy maqsadi ekani Dastur va Nizomda yozib qo‘yilgan. 

Har qanday siyosiy partiya zamon bilan hamnafas bo‘lib, uning o‘tkir talablariga javob bergan taqdirdagina siyosiy kuch sifatida yashay oladi. Biz nafaqat O‘zLiDeP, balki barcha partiyalar misolida ana shunday qudratli, safarbar etuvchi kuchni ko‘rishni istaymiz. 

Ko‘rib turibsizlar, hozirgi vaqtda deyarli har kuni mamlakatimiz taraqqiyotining turli sohalari bo‘yicha kamida 2-3 ta qaror yoki farmon chiqarilmoqda. Albatta, bularning barchasi yaxshi hayotdan bo‘layotgani yo‘q, aksincha, kundalik turmushda muammolar ko‘pligi va ularni hal qilish zarurati shuni taqozo etmoqda. Lekin aslida hayotimizdagi mana shunday eng muhim va dolzarb masalalar bo‘yicha siz, deputatlar sifatli va puxta qonunlarni o‘z vaqtida qabul qilishingiz kerak emasmi? 

Men turli yig‘ilishlarda, biz ikki yil davomida favqulodda safarbarlik holatida ishlashimiz kerak, degan fikrni doimo aytib kelyapman. 

Lekin, afsuski, bu masala bo‘yicha Oliy Majlis va uning rahbariyati, xususan, Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Mo‘ydinxonovich Ismoilov, Senat Raisi Nig‘matilla To‘lqinovich Yo‘ldoshevning pozitsiyasi na ularning chiqishlarida, na amaliy harakatlarida sezilyapti. 

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, amaldagi qonunlarimizda bir-biriga zid o‘rinlar ham yo‘q emas. Lekin bugun qaysi bir partiyaning tashabbusi bilan ularning shunchasi o‘zgardi, deb ayta olamiz? 

Ochiq aytish kerak, siyosiy partiyalarda bu sohada haligacha xotirjamlik, qandaydir mudrab o‘tirish kayfiyati hukm surmoqda. Hech kimga foydasi bo‘lmagan majlislar soatlab davom etmoqda, tanqidiy tahlil o‘rniga mayda masalalar bilan o‘ralashib, dolzarb muammolarning yechimi chetda qolib ketmoqda. 

E’tibor bering, har bir partiyaning dasturida vazifalar va yo‘nalishlar aniq belgilangan. Ushbu sohalar bo‘yicha javob beradigan vazirlik va davlat qo‘mitalari ham aniq. 

Ammo nima uchun partiyalar ana shu vazirlik va qo‘mitalar faoliyati ustidan o‘zlarining vakillik organlaridagi fraksiyasi va partiya guruhlari orqali parlament hamda deputatlik nazoratini samarali amalga oshirmayapti, degan savol tug‘iladi. 

Shu munosabat bilan har bir siyosiy partiya o‘z dasturidagi vazifalardan kelib chiqib, nazorat qiladigan vazirlik va qo‘mitalarni aniqlab olishi, ular bilan tizimli va doimiy ishlashi foydadan xoli bo‘lmas edi. 

Masalan, Xalq demokratik partiyasi Bandlik va mehnat munosabatlari hamda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklari, “Milliy tiklanish” partiyasi Madaniyat vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “Adolat” partiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus hamda Xalq ta’limi vazirliklari, O‘zLiDeP Iqtisodiyot va Moliya vazirliklari, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Ekoharakat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining faoliyati ustidan samarali parlament va deputatlik nazoratini olib borishi, albatta, maqsadga muvofiq bo‘lar edi-ku! 

Agar shu takliflar bo‘lganida, Hukumat (A.Aripov) deputatlarimizga barcha sharoitlarni yaratib bergan bo‘lardi. 

Eng muhimi, bu jarayonda siyosiy partiyalar va Ekoharakat ish faoliyatini to‘g‘ri tashkil qilishi kerak. Nazorat tadbirlarini rasmiyatchilik uchun o‘tkazish, vazirlik va qo‘mitalarga muammoni shunchaki ko‘rsatib o‘tish, nomiga muhokama qilish, aksariyat hollarda qog‘ozda qolib ketayotgan qarorlar qabul qilish amaliyotidan butunlay voz kechish zarur. Muammo aniqlandimi, albatta, uning yechimini topish kerak. 

Bunday ish tizimi ham siyosiy partiyalarning, ham vazirlik va qo‘mitalarning asosiy vazifalari ijrosini ta’minlashga, albatta, yordam beradi. 

Shuning uchun ham partiyalarning fraksiyalari vazirlik va qo‘mitalar ustidan, partiyalarning mahalliy kengashlardagi guruhlari esa – vazirlik va qo‘mitalarning joylardagi boshqarma va bo‘limlari faoliyati ustidan samarali parlament va deputatlik nazoratini o‘rnatishi kerak. 

Ijro hokimiyati idoralari faoliyatini nazorat qilishda Prezidentning asosiy ko‘makchilari kim? Albatta, siz, muhtaram deputat va senatorlar. Sizlar mening oldimga kelib, ijro hokimiyati idoralarining kamchilik va nuqsonlari haqida asosli ma’lumotlar berishingiz, vazirlik va idoralar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha masalani ko‘ndalang qo‘yishingiz, kerak bo‘lsa, vazir va hokimlarni lavozimdan bo‘shatishgacha bo‘lgan takliflarni kiritishingiz lozim. 

Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatligiga saylovlardan keyin, mana, ikki yildan ortiq vaqt o‘tdi. Biroq, siyosiy partiyalar tomonidan saylovlar jarayonida ommaviy axborot vositalari, xususan, televideniye orqali berilgan va’dalar bajarildimi? Nima uchun siyosiy partiyalar faqat saylovlar paytida faollashib, keyin, ta’bir joiz bo‘lsa, dami chiqqan shardek bo‘shashib qoladi? Axir, ular ovoz olish uchun xalqqa qancha-qancha va’dalar bergani haqiqat-ku! 

Ma’lumki, nodavlat notijorat tashkilotlar orasida faqat siyosiy partiyalar hokimiyat uchun kurashish huquqiga ega. Lekin, shunga qaramasdan, ular o‘rtasida raqobat, fikrlar, pozitsiyalar xilma-xilligi mutlaqo sezilmayapti. 

Holbuki, har bir partiyaning dasturi va nizomi bir-biridan farq qiladi. Sizlar o‘z pozitsiyangizni qonuniy asosda bildirsangiz, himoya qilsangiz, qani, ayting, bunga kim qarshi bo‘lishi mumkin? 

Demokratiya qayerdan boshlanadi – parlamentdan boshlanadi. “Parlament – demokratiya maktabi”, deymiz. Shunday ekan, milliy parlamentimiz haqiqiy demokratiya maktabiga aylanishi kerak. Bu borada siz, hurmatli deputat va senatorlar barchaga namuna bo‘lishingiz zarur. Chinakam bahs-munozara, prinsipial tortishuvlar avvalo shu yerda – parlament minbarida bo‘lishi kerak. Shundagina har bir siyosiy partiya, parlamentdagi har bir partiya fraksiyasining haqiqiy qiyofasi va pozitsiyasi aniq namoyon bo‘ladi. 

O‘ylaymanki, hammamiz bir haqiqatni yaxshi tushunamiz: siyosiy partiyalarning Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari faoliyatini kuchaytirmasak, qonun ijodkorligi va qabul qilingan qonunlar ijrosi kutilgan natijani bermaydi. 

Sizlarga ma’lum, biz qonun hujjatlarini joylarga yetkazish va ijrosini ta’minlash bo‘yicha qaror qabul qilgan edik. Mana, oradan 6 oydan ziyod vaqt o‘tganiga qaramasdan, afsuski, bu boradagi ahvol hanuz ijobiy tomonga jiddiy o‘zgargani yo‘q. Bu jarayonda siyosiy partiyalarning o‘rni nima uchun sezilmayapti? 

Shu o‘rinda yana bir muhim masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Hozirgi vaqtda siyosiy partiyalarning boshqaruv apparatlarida ishchanlik muhiti deyarli ko‘zga tashlanmayapti. 

Davlat byudjetidan oylik olib ishlayotgan minglab xodimlar, masalan, O‘zLiDePdagi 740 dan ortiq, “Milliy tiklanish”dagi qariyb 600 ta, XDPdagi salkam 450 ta, “Adolat”dagi 340 ga yaqin xodimning faoliyatini samarali deb bo‘lmaydi. 

Ayniqsa, siyosiy partiyalarning joylarda, tuman bo‘limlarida ishlayotgan xodimlarining faoliyati qoniqarsiz ahvolda. Ular ko‘p hollarda elektorat bilan tizimli muloqot o‘tkazish u yoqda tursin, o‘zining asosiy vazifasi nimadan iborat ekanini ham bilmaydi. 

Bugungi kunda amalda faoliyat ko‘rsatayotgan to‘rtta siyosiy partiyaga rasman jami bo‘lib 1 million 150 mingga yaqin fuqaro a’zo. Savol tug‘iladi: ularning qanchasi partiyaning g‘oyasi, maqsad va vazifalarini chin yurakdan his qiladi va shu g‘oyani amalga oshirish uchun kurashga tayyor? 

Siyosiy partiyalar raqam ortidan quvib, a’zolari sonini ko‘paytirish bo‘yicha musobaqa o‘ynamoqda. Natijada turli xunuk holatlarga yo‘l qo‘yilmoqda. Masalan, hududiy partiya kengashi xodimlarining mukofot puli va oylik ish haqi hisobidan a’zolik badallarini to‘lash orqali a’zolar sonini sun’iy ravishda ko‘paytirish faktlari, afsuski, oz emas. Biz bunday holatlarning sabablarini o‘rganib, ularni bartaraf etish bo‘yicha deyarli ish olib bormayapmiz. 

Bugun zamonning o‘zi siyosiy partiyalarning ish uslubini tubdan o‘zgartirish, ularning aholi, elektorat bilan muloqotini tizimli yo‘lga qo‘yishni talab etmoqda. Endi “mudrab yotgan” siyosiy partiyalar uyg‘onishi lozim. Ular balandparvoz gaplarni chetga surib, aniq amaliy ishlar bilan odamlarimiz, saylovchilar ishonchini qozonishi, ularning qalbidan joy olishi kerak. 

Ikkinchidan, siyosiy partiyalarning dasturlarini doimiy takomillashtirib borish ishlari talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagan. 

Sizlarga ma’lumki, hozirgi vaqtda mamlakatimizni 2017-2021-yillarda rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi izchil amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda biz 500 dan ortiq farmon va qarorlar qabul qildik. 

Ushbu muhim hujjatlarda siyosiy partiyalar dasturlariga kiritilgan va ular tomonidan saylov jarayonlarida ko‘tarilgan dolzarb muammolarning yechimi bo‘yicha ham choralar belgilangan. Lekin ularning ijrosini ta’minlashda siyosiy partiyalar qanchalik faollik ko‘rsatmoqda? Afsuski, bu savollarga ijobiy javob berish qiyin. 

Shuni qayd etish kerakki, siyosiy partiyalarda aksariyat hollarda o‘tkir va og‘ir muammolarning yechimi ustida ishlash o‘rniga, “ozgina vaqt o‘tsa, bu masala o‘zi hal bo‘ladi”, “bu – Hukumatning ishi”, degan qarashlar, “sen – menga tegma, men – senga tegmayman”, degan eskicha kayfiyat ham yo‘q emas. 

Bunday loqaydlik, tabiiyki, shiddat bilan rivojlanib borayotgan bugungi zamondan orqada qolishga olib keladi va bunga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. 

Shuning uchun ham siyosiy partiyalar o‘z dasturiy maqsad va vazifalarini, mafkuraviy sohadagi ishlarini qayta ko‘rib chiqib, ularga zarur o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishi, bunda jahon tajribasini o‘rganish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish foydadan xoli bo‘lmaydi. 

Uchinchidan, siyosiy partiyalarning aholi bilan muloqoti, targ‘ibot-tashviqot ishlari, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligini ham yetarli deb bo‘lmaydi. 

Hech kimga sir emas, bu boradagi ishlar ko‘pincha yuzaki, xo‘jako‘rsinga bo‘lib, hayotdan ancha uzilib qolgan. Aholini, partiya elektoratini tashvishga solayotgan dolzarb muammolarning amaliy yechimini topishga qaratilgan ishlar, afsuski, nihoyatda kam. 

Masalan, O‘zLiDePning Xorazm viloyati kengashiga kelib tushgan 1 ming 250 dan ortiq ariza va shikoyatlarning atigi 84 tasi bevosita viloyat kengashi tomonidan ko‘rib chiqilgan bo‘lib, qolgan 1 ming 200 ga yaqin murojaat esa Prezidentning Virtual qabulxonasiga yuborilgan. 

Ana shu murojaatlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, ularning ko‘pchilik qismi tadbirkorlik subyektlari huquqlarini buzish, bank, soliq organlarining qoniqarsiz faoliyati bilan bog‘liq ekani ayon bo‘ladi. 

Savol tug‘iladi: tadbirkorlar va ishbilarmonlar partiyasi deb tanilgan O‘zLiDeP nima uchun bu masalalardan o‘zini chetga olmoqda? 

Mavjud to‘rtta partiya gazetalarining saviyasi, “O‘zbekiston ovozi” gazetasini istisno qilganda, talabga javob bermaydi. Partiya gazetalarining umumiy soni bugungi kunda 60 mingga ham yetmasligi hayotdagi dolzarb muammolar va ularning yechimi bo‘yicha aniq takliflar bu nashrlarda o‘z ifodasini topmayotganidan dalolat beradi. 

Xususiy nashrlardan misol keltiraylik. Masalan, biz odatda “ko‘ngilochar nashrlar” deb biladigan “Darakchi”, “Tasvir”, “So‘g‘diyona” kabi gazetalar nafaqat yengil-elpi gaplarni, shu bilan birga, muhim hayotiy masalalarni, aytaylik, kommunal xizmat, bozorlardagi narx-navo, tibbiyot, transport masalasi, tadbirkorlik bilan bog‘liq muammolarni ham atroflicha yoritayotgani uchun tiraji oshib bormoqda. Nima uchun partiya nashrlari bu masalalarda ular bilan raqobat qila olmayapti? 

Siyosiy partiyalar rahbarlarining elektoratni o‘ylantirayotgan muhim masalalar bo‘yicha televideniye orqali aniq-ravshan o‘z pozitsiyasini bildirganini ham eslay olmaymiz. 

Nima, partiya rahbarlari matbuotda chiqishdan qo‘rqadimi? Yoki xalq bilan muloqot qilishning mazmun-mohiyati va ahamiyatini anglab yetmaydilarmi? 

Saylovoldi dasturlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, elektorat manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha qanday ishlar qilinayotgani haqida siyosiy partiya fraksiyalari rahbarlari har chorakda ommaviy axborot vositalari, jumladan, televideniye orqali axborot berib borishlarini ta’minlaydigan aniq tizim joriy etish lozim. Bu borada yangi tashkil etilgan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Xalqaro press-klub imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarur. 

Ayniqsa, markazda va joylardagi telekanallar parlament va mahalliy kengashlardagi partiya guruhlari ishini, xususan, qonun loyihalari bo‘yicha muhokama jarayonlarini, parlament nazoratiga oid tadbirlarni, fraksiyalar o‘rtasida bo‘layotgan bahs-munozaralarni, “jonli” tarzda, kerak bo‘lsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalqimizga yetkazishi lozim. 

Biz televideniye orqali faqat 10-15 ta deputat va senatorni ko‘ramiz, xolos. Ularning 85 foizi “oynai jahon”da deyarli ko‘rinmaydi. Deputat va senatorlar xalq vakillari bo‘lganidan keyin doimo xalq oldida chiqishi, odamlar ularni tanishi, olib borayotgan ishlaridan xabardor bo‘lishi kerak emasmi? 

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (X.Mirzohidov)ga ikki oy muddatda Oliy Majlis rahbariyati bilan birgalikda tegishli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish vazifasi topshiriladi. 

To‘rtinchidan, siyosiy partiyalarning yoshlar o‘rtasida olib borayotgan ishlari, partiyalar qoshida tashkil etilgan “Yoshlar qanotlari”ning faoliyatini, afsuski, qoniqarli, deb bo‘lmaydi. Vaholanki, bugun mamlakatimizda yashayotgan 10 milliondan ortiq yoshlar hayotida qanchadan-qancha yechilmagan ijtimoiy muammolar borligini barchangiz yaqinda bo‘lib o‘tgan yoshlar qurultoyida yaqqol ko‘rdingiz. 

O‘zingiz ayting, qaysi siyosiy partiya yoshlar bilan yaqindan, bevosita ish olib boryapti? Ularning dardu tashvishlarini yechishga intilyapti? Partiyalarning bu borada aniq chora-tadbirlar rejasi, kerak bo‘lsa, strategiyasi bormi? Bor bo‘lsa, nega natijasi ko‘zga tashlanmayapti? 

Hozirgi axborot asrida birorta siyosiy partiyaning Internet saytida yoshlar bilan interaktiv aloqa tizimi yo‘lga qo‘yilmagan. Partiyaning saytiga kirgan yoshlar o‘ziga kerakli savollarga javob topa olmaydi. Bu ahvolda partiyalar yoshlar o‘rtasida qanday o‘rin va ta’sirga ega bo‘lishi mumkin? 

Holbuki, siyosiy partiyalar avvalo istiqbolli yosh rahbarlarni tayyorlash maktabi bo‘lishi lozim. 

Partiyalar fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshlarimizning g‘oyaviy, mafkuraviy ehtiyojlarini qondirishi shart. Agar partiyalar bunga erisholmasa, bu bo‘shliqni g‘araz niyatli kuchlar to‘ldirishga harakat qilishi shubhasiz. Ayrim hollarda to‘ldiryapti ham – buni yashirishning hojati yo‘q. 

Men istardimki, Yoshlar ittifoqi qurultoyida tilga olingan ustuvor masalalarni har bir partiya alohida o‘rganib, tegishli yo‘nalish bo‘yicha o‘z vazifalarini aniq belgilab olsa, bu faqat foyda bo‘ladi. Ayniqsa, chet ellardagi yoshlar bilan ishlash masalasi haqida gapiradigan bo‘lsak, afsuski, Oliy Majlis palatalari ham, siyosiy partiyalar ham bu masalaning yaqiniga ham kelgani yo‘q. 

Holbuki, xorijiy mamlakatlarda yurgan yoshlar ham o‘zimizning farzandlarimiz, O‘zbekiston fuqarosi ekanini barchamiz, avvalambor, deputatlar unutmasligi kerak. 

Yana bir muhim masala – siyosiy partiyalar uyushmagan, ya’ni ishlamaydigan, o‘qimaydigan, tayin bir mashg‘ulotga ega bo‘lmagan yoshlarga umuman e’tibor qaratmayapti. Bu borada partiyalar tuman hokimlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, yangi tuzilgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi bugungi kun talabidir. 

Ayniqsa, talaba va o‘quvchi yoshlarda siyosiy bilimlarni oshirish, vatanparvarlik hissini kuchaytirishda vakillik organlari imkoniyatlarini to‘liq ishga solishimiz zarur. 

Buning uchun xalq deputatlari mahalliy kengashlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi binosiga yigit-qizlarimiz erkin kirib chiqadigan muhit va sharoit yaratishimiz zarur. Toki yoshlar qonun qabul qilish jarayonlaridan boshlab partiyalar o‘rtasida raqobat bo‘ladigan majlis va tortishuvlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rsin, deputatlar bilan muloqot qilsin. Demokratiya maktabini faqat kitobdan emas, balki mana shunday jonli muhitdan o‘rgansin. Shundagina ularda siyosiy tafakkur, bahs madaniyati shakllanadi. Bu borada Germaniya, Daniya, Finlyandiya kabi rivojlangan davlatlar tajribasidan foydalanish o‘rinlidir. 

Beshinchidan, kadrlar bilan ishlash borasidagi muammolar ham siyosiy partiyalar faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. 

Kadrlar zaxirasini shakllantirish va ularning malakasini oshirish, partiyaning munosib faollarini davlat xizmatiga tavsiya etish ishlari talab darajasida tashkil etilmagan. Siyosiy partiyalarga kadrlar qayerdan kelmoqda, ularning bilimi, saviyasi, tajribasi, jamoatchilik o‘rtasidagi obro‘si qanday? Buni kim o‘rganmoqda, kim bunga baho bermoqda? Afsuski, hech kim. 

Partiyalarning ertangi taqdiri nima bo‘ladi, degan savol ularning rahbariyatini mutlaqo bezovta qilmayotganini ko‘pgina misollarda ko‘rish, kuzatish qiyin emas. 

O‘tgan yili barcha siyosiy partiyalar xodimlari attestatsiyadan o‘tkazildi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, ulardan 200 nafari bilim va tajribasi yetarli emasligi sababli attestatsiyadan o‘ta olmagan va ishdan ozod etilgan. Bundan tashqari, 284 nafar xodim attestatsiyadan shartli ravishda o‘tgan, 28 nafari esa quyi lavozimlarga o‘tkazilgan. 

Mana shu raqamlarning o‘zi partiyalarda kadrlar bilan ishlash masalasining haqiqiy ahvolini ko‘rsatadi. 

Siyosiy partiyalarning qoniqarsiz faoliyati ko‘p hollarda markaziy va mahalliy partiya tashkilotlarining ayrim rahbarlari o‘rtasidagi nomaqbul xatti-harakatlar bilan bog‘liq. 

“Partiya yetakchisi” degan nomga dog‘ tushirish, o‘z xizmat vazifasini suiiste’mol qilish, moliyaviy jinoyatlarga qo‘l urish, maishiy buzuqlik, ta’magirlik, o‘z shaxsiy manfaatini, o‘z biznesini ustun qo‘yish kabi holatlar mavjudligi haqida yetarli ma’lumotlar bor. 

Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, shu borada ba’zi bir misollarga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi. O‘zLiDePning Andijon viloyati kengashining sobiq raisi Z.Jumaboyev partiya tashkilotiga rahbarlik qilishdan o‘zini chetga olib, ishni o‘z holiga tashlab qo‘ygan. Asosiy ishni olib borgan uning birinchi o‘rinbosari A.Mamajonov esa viloyat kengashi devonida noma’qul, aytish mumkinki, sharmandali muhit vujudga kelishiga sabab bo‘lgan. O‘ylaymanki, gap nima haqida borayotganini, ko‘pchiligingiz yaxshi tushunasiz. 

XDPning Toshkent viloyati kengashining sobiq raisi S.Agzamov tashkilot balansida bo‘lgan tovar-moddiy boyliklarni sotish, turli xil bahonalar bilan qo‘l ostidagi xodimlardan pul yig‘ish kabi ishlar bilan shug‘ullanib yurgan. 

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasining Buxoro viloyati kengashi raisi A.Tursunov o‘z faoliyatida xunuk salbiy holatlarga yo‘l qo‘yib, o‘z obro‘sini yo‘qotgan, kengash faoliyati o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. 

Bunday misollarni, afsuski, aksariyat viloyat va tumanlardagi partiyalar kengashlari faoliyatidan ham keltirish mumkin. 

Ushbu holatlarning ko‘pchiligi bo‘yicha huquq-tartibot idoralari tomonidan jinoyat ishlari ochilgan bo‘lib, aybdorlar qonun oldida javob bergan va javob bermoqda. Lekin ular avvalo o‘z vijdoni oldida, partiyadoshlari oldida javob berishi kerak emasmi? 

Shu munosabat bilan ana shunday har qaysi salbiy voqeaga nisbatan partiyalar rahbariyati tomonidan prinsipial va qat’iy baho berilishi zarur. 

Biz partiyalar safini bilimli, tashkilotchi va vatanparvar yosh kadrlar bilan to‘ldirishimiz lozim. Siyosiy partiyalar xodimlari partiya ishida toblanishi, shundan so‘ng davlat organlari va hokimliklar tizimidagi turli lavozimlarga, jumladan, deputatlik lavozimlariga asosiy zaxira bo‘lishlari darkor. Bu partiyada ishlash uchun asosiy omil va rag‘bat bo‘lib xizmat qilishi kerak. 

Shu o‘rinda yana bir jiddiy masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Bizda hokimlar ma’lum bir siyosiy partiya a’zosi hisoblanadi. Lekin, ular hokim bo‘lganidan keyin o‘zi a’zo bo‘lgan partiya bilan umuman aloqani uzib qo‘yadi. 

Bu borada bir taklifni ilgari surmoqchiman: tuman yoki shahar hokimi nomzodini viloyat hokimi tomonidan tegishli mahalliy kengashlarda har bir partiya guruhi bilan maslahatlashuv o‘tkazilganidan so‘ng tegishli sessiyada tasdiqlash tartibini joriy etsak, nima deysizlar? 

Sizlarga ma’lumki, bunday tartib hozirgi vaqtda viloyat miqyosida mavjud. Ammo u faqat qog‘ozda bor-u, amalda, afsuski, ishlamayapti. 

Biz endi ana shu qonuniy mexanizmni mahalliy kengashlarning barcha bosqichida samarali ishga solamiz. Agar birorta nomzod partiya guruhlari muhokamasidan o‘tmasa, u hokim lavozimiga tayinlanmaydi. 

Aytish kerakki, hokim lavozimiga nomzod siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan kadrlar orasidan tanlab olinadi, ya’ni hokim muayyan siyosiy partiyadan bo‘ladi. Buning uchun har bir siyosiy partiyada hokimlikka nomzodlar bo‘yicha kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. 

Ayni paytda mahalliy kengashlardagi partiya guruhlariga tegishlicha tuman yoki shahar hokimlari, shuningdek, mahalliy ijro organlari rahbarlarining qoniqarsiz faoliyati haqida xulosalarni viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga taqdim etish huquqini ham berish kerak, deb hisoblayman. Bu borada har bir siyosiy partiya guruhi o‘z xulosasini berishi lozim. 

Yana bir taklif – bundan buyon viloyat va respublika miqyosidagi ijroiya hokimiyati yuqori lavozimlariga tayinlashda partiyalar fikrini albatta inobatga olish tartibini joriy etsak, nima deysizlar? 

Shu munosabat bilan Davlat maslahatchisi O.Murodovga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan birgalikda bir oy muddatda “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi qonunga va boshqa qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasini tayyorlash topshiriladi. 

Oltinchidan, o‘tgan davrda Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida siyosiy partiyalar apparati xodimlari uchun maxsus o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi. Ularga ma’ruzachi sifatida yuqori davlat idoralarining rahbarlari, xususan, Qonunchilik palatasi, Senat va siyosiy partiyalar rahbarlari, oliy o‘quv yurtlari rektorlari va boshqa taniqli mutaxassislar jalb qilindi. 

Bu – yaxshi amaliyot. Lekin bunday o‘qishlar faqat Toshkentda bo‘lmasligi kerak. Har bir viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari bazasida joylardagi partiya tashkilotlari xodimlarini va mahalliy kengashlar deputatlarini o‘qitish bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etish lozim. Kerak bo‘lsa, poytaxtdagi mutaxassislar joylarga borib, dars bersin. 

Bu ishni samarali tashkil etish, albatta parlamentimiz palatalari va siyosiy partiyalar rahbarlari bilan maslahatlashgan holda, Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori R.Qosimovga topshiriladi. 

Ettinchidan, siyosiy partiyalarning mahalliy kengashlardagi deputatlik guruhlarining ta’siri mutlaqo sezilmayapti. 

Aytish mumkinki, ular, ko‘p hollarda, nomiga faoliyat ko‘rsatmoqda. Xususan, “Adolat” partiyasining Jizzax va Surxondaryo viloyatlari va tumanlari mahalliy kengashlaridagi partiya guruhlari tomonidan kengash sessiyalari muhokamasiga 2016-yil davomida bironta ham masala kiritilmaganini qanday izohlash mumkin? 

Xuddi shunday holatni O‘zLiDeP partiyasining Xorazm viloyati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Surxondaryo viloyati xalq deputatlari kengashlaridagi partiya guruhlari misolida ham, boshqa partiyalar faoliyatida ham uchratish mumkin. 

Saylovdan keyin aksariyat deputatlar o‘zlarini nomzod etib ko‘rsatgan partiya bilan aloqani uzib, o‘z saylovchilari bilan kamdan-kam muloqot qiladi. Ayniqsa, tuman kengashlari deputatlari elektorat oldida saylovoldi dasturlari ijrosi bo‘yicha umuman hisobot bermaydi. 

Shuning uchun ham faol ishlamayotgan va o‘z vazifasini talab darajasida bajarmayotgan, partiya bilan aloqani uzib qo‘ygan mahalliy kengash deputatlarini tegishli siyosiy partiya taklifi asosida deputatlikdan chaqirib olish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartish kiritish vaqti keldi, deb o‘ylayman. 

Barchangiz xabardorsiz, yaqinda mamlakatimiz viloyatlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qator dasturlar qabul qilindi. Lekin bu dasturlarni tayyorlashda joylardagi partiya guruhlari qay darajada ishtirok etmoqda? Afsuski, ushbu savolga ijobiy javob berish qiyin. Vaholanki, partiyalar aynan shunday dasturlar orqali o‘z saylovchilarini bezovta qilayotgan muammolarga yechim topishi, shuning hisobidan elektorati safini kengaytirishi mumkin. 

Shundan kelib chiqqan holda, bundan buyon hududlar bo‘yicha qabul qilinadigan, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga oid har qanday dastur loyihasi yuzasidan partiya guruhlari tomonidan bildiriladigan fikr va takliflar hisobga olinishi shart ekanini qonunchilikda aniq belgilab qo‘yishimiz zarur, deb hisoblayman. 

O‘zingiz o‘ylang, agar biz bir dastur ishlab chiqadigan bo‘lsak, bu joydagi muammolarni shu yerdan saylangan deputatdan boshqa kim yana chuqurroq, kim yana yaxshiroq bilishi mumkin? Agar deputatlar har qaysi hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan dasturda belgilangan vazifalar ijrosini nazoratga olsa, amaliy natijaga erishamiz. 

Ayni paytda shunday tizim yaratish kerakki, unga ko‘ra yaxshi ishlayotgan, faol, jonkuyar tuman kengashi deputatlari keyinchalik viloyat deputati, viloyat deputatlari esa Oliy Majlis a’zosi bo‘lishiga erishish zarur. Siyosiy partiyalar birinchi navbatda ana shunday deputatlarni kadrlar zaxirasiga kiritishi maqsadga muvofiqdir. 

Deputatlarning ish uslubini takomillashtirish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida siyosiy partiyalar orqali joylarda “Markaz – viloyat – tuman” tartibida ishlaydigan yangi tizimni joriy etish ayni muddao bo‘lar edi. Bu tizim orqali yuqoridan pastga tushib, ham deputatlarni, ham turli aholi qatlamlarini Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar faoliyati, qonun ijodkorligi, qabul qilinayotgan yangi qonun hujjatlari haqida xabardor qilib borish yo‘lga qo‘yiladi. Shu tariqa Oliy Majlis ish uslubini viloyat kengashlariga, viloyat kengashlari ish uslubini esa tuman va shahar kengashlariga o‘rgatish imkoniyati paydo bo‘ladi. 

Hayotga, odamlar ichiga kirmasdan, ular bilan muloqot qilmasdan, faqat yuqoridan turib topshiriq berishdek nomaqbul tajriba endi ish bermaydi. Undan butunlay voz kechish vaqti keldi. 

Shu o‘rinda bir fikrni alohida ta’kidlashni istardim. Biz, mana, Toshkent shahri tumanlarida halq deputatlari kengashlarini tashkil etish ishlarini boshladik. Bu kengashlarga deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishdan boshlab, deputatlikka saylanish jarayoniga qadar – saylovning barcha bosqichida siyosiy partiyalar faol ishtirok etishlari kerak, albatta. 

Hozirgi vaqtda viloyat va tuman deputatlarining aksariyati mahalliy ijro hokimiyati vakillari, ayniqsa, turli davlat tuzilmalari rahbarlari hisoblanadi. 

Tabiiy savol tug‘iladi: deputatning o‘zi ijro hokimiyati vakili bo‘la turib, mahalliy ijro organlari faoliyati ustidan qanday qilib samarali deputatlik nazoratini amalga oshirishi mumkin? 

Shu boisdan Toshkent shahri tumanlarida va kelgusida viloyatlarda bo‘ladigan saylovlarda siyosiy partiyalar deputatlikka nomzodlar tanlashda ularning mahalliy ijro hokimiyati organlari xodimlari bo‘lmasligiga alohida e’tibor qaratishi lozim. Markaziy saylov komissiyasi ushbu masala yuzasidan qaror qabul qilsa, bu respublika miqyosida yagona va to‘g‘ri amaliyotni shakllantirishga xizmat qiladi. 

Oliy Majlis palatalari rahbarlari Nurdinjon Mo‘ydinxonovich Ismoilov va Nig‘matilla To‘lqinovich Yo‘ldoshev Toshkent shahri bu borada boshqa viloyatlarga namuna bo‘lishi uchun harakat qilsalar, har bir tumanga borib, odamlar orasida yurib, saylov jarayonlarining xolislik, adolat va oshkoralik ruhida o‘tishi uchun jonbozlik ko‘rsatsalar, nur ustiga nur bo‘lardi. 

Sakkizinchidan, siyosiy partiyalar hududiy kengashlarining moddiy-texnik ta’minoti ko‘p hollarda talab darajasida emas. Masalan, siyosiy partiyalarning 18 ta tuman kengashi o‘z binosiga ega emas. 62 ta kengashning binosi qoniqarsiz holatda. Bu boradagi eng og‘ir ahvol ijara binolarida faoliyat olib borayotgan “Adolat” va “Milliy tiklanish” partiyalarida kuzatilmoqda. 

Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasiga (A.Aripov) mahalliy hokimliklar, siyosiy partiyalar bilan birgalikda bir oy muddatda partiyalarning viloyat, tuman (shahar) kengashlarining binolar bilan ta’minlanish holatini, ularning ish sharoitini tanqidiy o‘rganib chiqib, bu boradagi ahvolni tubdan yaxshilash bo‘yicha taklif kiritish vazifasi topshiriladi. 

Hurmatli majlis ishtirokchilari! 

Milliy parlamentimiz faoliyatida, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida O‘zbekiston Ekologik harakati muhim o‘rin tutishini hammamiz yaxshi bilamiz. 

Ushbu Harakat tomonidan yurtimizda atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha qonunchilik bazasini mustahkamlash, shu sohada qabul qilinayotgan qonun va qarorlar ijrosi yuzasidan parlament nazoratini joriy etish borasida muayyan ishlar amalga oshirilganini qayd etish joiz. 

Ayni vaqtda butun dunyoda ekologik muammolar tobora keskinlashib borayotgan hozirgi kunda bu sohadagi ishlarni, afsuski, yetarli va qoniqarli, deb aytolmaymiz. 

Bu borada O‘zbekiston Ekologik harakati quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratishi zarur. 

Ma’lumki, aholini, ayniqsa, qishloq joylarda toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda. 

Shuningdek, maishiy chiqindilarni to‘plash, qayta ishlash va utilizatsiya qilish masalasi ham oldimizda turgan eng og‘ir muammodir. 

Shu bilan birga, sobiq tuzum davrida uzoqni o‘ylamasdan qurilgan, bugungi kunda ayrim vazirlik va idoralar, tadbirkorlik subyektlari tomonidan ishlatib kelinayotgan sanoat inshootlari ham zamonaviy ekologik talablarga javob bermaydi. 

Eng muhim masala – aholining ekologik madaniyatini oshirish haqida jiddiy bosh qotirishimiz zarur. Albatta, bunday muammolarni faqat ma’muriy yo‘l bilan hal etib bo‘lmaydi, bunga yosh avlod qalbida ona tabiatga mehr-muhabbat, unga daxldorlik hissini tarbiyalash orqali erishish mumkin. 

Yuqorida zikr etilgan dolzarb muammolarni samarali hal etish uchun O‘zbekiston Ekologik harakati tashabbuskor bo‘lib, tegishli vazirlik va idoralar, avvalo, yaqinda tashkil etilgan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqishi va amalga oshirishi zarur. Afsuski, hozirgi vaqtda Ekologik harakat faoliyatida bu borada aniq taklif va amaliy tashabbuslar sezilmayapti. 

Barcha yirik sanoat korxonalarida Ekologik harakatning vakillari bo‘lishi kerak. Vazirlar Mahkamasi shu masala yuzasidan ikki hafta muddatda taklif kiritsin. 

Umid qilamizki, Ekologik harakat atrof-muhit tozaligi va musaffoligini saqlashga, aholi o‘rtasida kasalliklarni kamaytirishga o‘z hissasini qo‘shadi. 

Muhtaram yurtdoshlar! 

Siyosiy partiyalar hayotidagi mavjud muammolar ma’lum darajada parlament faoliyatiga ham salbiy ta’sir etishi tabiiydir. 

Avvalambor, qonun loyihalarini parlamentda muhokama etish va qabul qilishda fraksiyalarning o‘rni, ularning partiyaviy yondashuvi va qat’iy pozitsiyasi yetarli darajada sezilmayapti. 

Bir necha yil oldin fraksiyalar muhokamasidan o‘tmasdan, ularning xulosasini olmasdan birorta ham qonun, Davlat byudjeti loyihasi qabul qilinmasligini qonuniy asosda aniq belgilab qo‘ygan edik. 

Tan olish kerak, o‘tgan davr mobaynida parlamentda ana shu qoidani hayotga tatbiq etish bo‘yicha ko‘p ishlar qilindi. Biroq fraksiyalarda qonun loyihalari va boshqa muhim masalalar muhokamasini, ulardagi konstruktiv bahs va munozaralarni yanada kuchaytirishni bugun hayotning o‘zi taqozo etmoqda. 

Qabul qilinayotgan har bir qonun loyihasi saylovchilar, partiya elektorati, turli tabaqa va guruhlarning manfaatlari nuqtai nazaridan atroflicha muhokama qilinishi, fraksiyalar ushbu masalalarda prinsipial pozitsiyasini namoyon etishi shart. Chunki bahs, tortishuv bo‘lgan taqdirdagina qonunlar mukammal hayotiy kuchga ega bo‘ladi. 

Yana bir masala. Siyosiy partiyalar tashkilotlari, ayniqsa, ularning joylardagi bo‘limlari fraksiyalarda ko‘rib chiqilayotgan masalalar, qonun loyihalaridan yetarlicha xabardor bo‘lmayapti. Shu ma’noda, siyosiy partiyalarning o‘z fraksiyalari bilan uzviy aloqasini kuchaytirish lozim. 

O‘z navbatida, siyosiy partiyalar parlamentdagi o‘z fraksiyalarini doimiy ravishda joylardagi vaziyat, elektoratning kayfiyati haqida xabardor etishi, mavjud muammolar va ularning yechimi yuzasidan takliflar kiritib borishi kerak. 

Shu borada yilda bir marta siyosiy partiyalar rahbarlarining Prezident bilan uchrashuvini o‘tkazish amaliyotini yo‘lga qo‘ysak, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. 

Ana shunday uchrashuvlarda mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti bo‘yicha sizlardan amaliy takliflar kutib qolaman. 

Yana bir muhim yo‘nalish – qonunlarni qabul qilishda jamoatchiligimiz, saylovchilarning keng ishtiroki sezilmayapti. Qonunlar qabul qilinishi bilan xalqimizning og‘iri yengil bo‘ldimi, uning hayotidagi muammolar hal bo‘ldimi, degan savollar bilan, afsuski, hech kim qiziqmayapti. 

Shuning uchun ham, qonunlarni qabul qilish jarayonida yangi tizim – aholi bilan muhokama qilish tizimini joriy etish lozim, deb hisoblayman. 

Ya’ni, katta ahamiyatga ega, muhim qonun loyihalarini birinchi o‘qishda qabul qilgandan keyin ularni joylarda fuqarolar bilan keng muhokama qilish, ularning taklif va mulohazalarini e’tiborga olib, loyihalarni takomillashtirgan holda ikkinchi o‘qishga kiritish tartibini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq bo‘ladi. 

Yashirishning hojati yo‘q, biz ko‘pincha viloyat markazlariga borib, o‘sha yerning o‘zidan qaytamiz. Joylarda bo‘ladigan muhokamalarda ishtirok etmaymiz, odamlarning munosabatini ularning ichida turib, ular bilan birga yurib o‘rganmaymiz. Natija nima bo‘ladi? Qabul qilingan qonunlarimiz to‘laqonli bo‘lmaydi, kutilgan samarani bermaydi. 

Bugungi kunda siyosiy partiyalar fraksiyalari va deputatlarning qonun tashabbuskorligi bo‘yicha faoliyati ham talab darajasida emas. Misol uchun, 2015-2017-yillarda parlamentimiz tomonidan 55 ta qonun qabul qilingan bo‘lsa, fraksiyalar tomonidan bildirilgan tashabbuslar asosida qabul qilingan bironta ham qonun yo‘q. Bironta ham! Shuning o‘zi siyosiy partiyalarning bugungi faoliyatiga berilgan baho emasmi? 

Yoki 2017-yilda kiritilgan 46 ta qonun loyihasidan faqat 9 tasi deputatlar tashabbusi bilan kiritilgan, xolos. 

Bu sohadagi ishlarni yaxshilash uchun qonunchilik tashabbusi bilan chiqqan va shu tashabbusi qabul qilingan deputatlarni rag‘batlantirish tizimini joriy qilish o‘rinli, deb o‘ylayman. 

O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, Oliy Majlis tarkibida muhim bir tuzilma, ya’ni ilmiy-amaliy tadqiqot va axborot-tahliliy faoliyat olib boradigan, qonun loyihalarini ishlab chiqadigan markazning yo‘qligi bu boradagi ishlarni yuqori saviyada tashkil etish imkoniyatini bermayapti. 

Ilg‘or xorijiy tajribalardan kelib chiqqan holda, Oliy Majlis huzurida Qonunchilik muammolarini o‘rganish institutini tashkil etishni taklif qilaman. Bu institut parlament a’zolarining buyurtmasiga asosan huquqni qo‘llash amaliyoti va xorijiy tajriba bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar va qonun loyihalarini tayyorlash ishlari bilan shug‘ullanishi lozim. 

Bu nima uchun kerak? Bu institut deputat va senatorlarning eng yaqin yordamchisi vazifasini bajarishi kerak. Ayni vaqtda, Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda deputatlar malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish ham foydadan xoli bo‘lmaydi. 

Uchinchidan, Oliy Majlisning davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish, qabul qilinayotgan qonunlar, muhim ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy ahamiyatga ega davlat dasturlarining ijrosini so‘zsiz ta’minlashga qaratilgan ishlarini ham yetarli, deb bo‘lmaydi. 

Parlament eshituvlari, hukumat a’zolari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining hisobotlarini tizimli ravishda eshitib borish, deputatlarning so‘rovlariga atroflicha javob qaytarishni ta’minlash borasida muammolar mavjud. 

Odatda parlament vazirlarning hisobotini eshitadi. Lekin pastdagi bo‘g‘inda bu yo‘nalishda kim hisobot beradi? Faqat markaz yoki viloyatda emas, hududlarda ham o‘zgarish bo‘lishi zarur. Xususan, 2017-yilning o‘tgan davri mobaynida Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan vazirlik va idoralarga yuborilgan jami 284 ta deputatlik so‘rovidan 100 tasiga qonunda belgilangan muddat buzilgan holda javob berilgan, 24 tasiga esa umuman javob berilmaganini qanday izohlash mumkin? 

Nima uchun Qonunchilik palatasi qo‘mitalari, partiya fraksiyalari bunday holatlarga nisbatan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida o‘z munosabatini bildirmayapti? 

Deputatga bepisandlik – xalqqa bepisandlik deb baholanishi shart. Xalqni hurmat qilmagan, deputatlik vakolatini amalga oshirishga to‘sqinlik qilgan har qanday mansabdor shaxs qonun oldida javob beradi. 

Shu sababdan ham deputatlik so‘rovini ko‘rib chiqmagani yoki unga javob bermagani, ko‘rish muddatini buzgani uchun javobgarlikni kuchaytirish lozim. 

Shu munosabat bilan Davlat maslahatchisi O.Murodovga Oliy Majlis palatalari bilan birgalikda bir oy muddatda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlash vazifasi topshiriladi. 

Respublika, viloyat va tuman kengashlari deputatlarining so‘rovi – bu xalq so‘rovi, deb baholagan holda, bu boradagi javobgarlikni nazarda tutadigan tegishli moddani qonunga kiritish kerak. 

Oliy Majlis palatalari, parlament so‘rovi bo‘yicha olingan javoblarni Internetdagi rasmiy veb-saytlarda keng jamoatchilik uchun e’lon qilishni tashkil etishi lozim. 

Bugun hayotning o‘zi parlament nazorati obyektlari doirasini kengaytirishni ham talab etmoqda. Amaldagi qonunga ko‘ra, parlament faqat davlat organlari faoliyati ustidan nazorat olib borishi mumkin. Biroq xo‘jalik boshqaruvi organlari, xususan, “O‘zbekneftgaz”, “O‘zbekenergo” va boshqa kompaniya va birlashmalar bundan chetda qolmoqda. 

Shu maqsadda “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish lozim, deb hisoblayman. 

Shu bilan birga, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya kabi rivojlangan davlatlar tajribasi asosida Qonunchilik palatasida “Hukumat soati” institutini joriy etish ayni muddao bo‘lar edi. Shu tariqa yil boshida tasdiqlanadigan rejaga muvofiq har oyda hukumat a’zolarining hisoboti eshitiladi va shu bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinadi. Oliy Majlis Senatida esa barcha darajadagi hokimlarning hududlarni rivojlantirish borasidagi faoliyati haqida hisobotlarni eshitish amaliyotini yo‘lga qo‘yishni taklif etaman. 

Shunday mexanizm joriy etish kerakki, parlament eshituvlarining natijasi faqat markazda emas, balki joylarda, eng chekka hududlarda ham sezilsin. 

To‘rtinchidan, parlamentimiz joylarda olib borilayotgan ishlarning haqiqiy ahvolini o‘rganishda bir qolipga tushib qoldi. Ko‘pincha respublika va viloyat darajasidagi masalalar o‘rganilmoqda, deb axborot beriladi, biroq qariyb 6 oydan buyon 2 mingdan ortiq muammo hal etilmasdan qolmoqda. 

Oliy Majlis palatalari Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda deputatlarning o‘rganishlari jarayonida joylarda aniqlangan, viloyatlar va respublika miqyosida hal etilishi kerak bo‘lgan muammolarni yechish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishlari lozim. 

Lekin shu borada bir noxush holatni afsuslanib aytishga to‘g‘ri keladi. 

Hurmatli deputat va senatorlarimizning joylarga chiqib, aholi bilan o‘tkazgan muloqotlari tahlil qilinganida, ko‘p hollarda rasmiyatchilik va ko‘zbo‘yamachilikka, soxta hisobotlar berishga, uchrashuvlarga o‘z o‘rniga boshqa odamlarni yuborish, o‘rganilayotgan masalaning tub ildiziga yetib bormaslik kabi kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani aniqlangan. 

Oliy Majlis palatalarining Odob komissiyalari bunday holatlarning har biri yuzasidan har tomonlama chuqur o‘rganishlar o‘tkazib, tegishli xulosalar berishi shart. 

Deputatlarning joylarda bo‘ladigan uchrashuvlari haqida ommaviy axborot vositalari orqali oldindan, masalan, bir hafta avval e’lon berish tartibini joriy qilish, mahalliy matbuot vakillarining bunday tadbirlarni tanqidiy nuqtai nazardan yoritish bo‘yicha faoliyatini kuchaytirish kerak. 

Shuningdek, deputatlarning hududlarga navbatdagi safarini tashkil etishdan oldin ularning o‘tgan galgi safari davomida aholi murojaatlarini hal etish bo‘yicha qilgan amaliy ishlarini tahlil qilib, xolisona baho berish lozim. 

Beshinchidan, parlament faoliyatiga oid kamchiliklarga ayrim deputat va senatorlar o‘z vazifasini to‘g‘ri anglab yetmagani ham sabab bo‘lmoqda. Buni ochiq tan olishimiz kerak. 

Shunday parlament vakillari ham borki, o‘tgan qariyb ikki yarim yil mobaynida muhokama etilayotgan qonun loyihalari va masalalar bo‘yicha biron marta ham ma’ruza qilmagan, ularga munosabat bildirmagan yoki ma’ruza yuzasidan chiqishlar qilmagan, ular faqatgina ko‘r-ko‘rona ovoz berish bilan shug‘ullanadi. Afsuski, bu – achchiq haqiqat. 

Deputat va senatorlar o‘z faoliyati haqida saylovchilarni xabardor etib borish uchun Internetda, ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifalarini ochib, zarur ma’lumotlarni ularga kiritib borishlari lozim. Dunyodagi ko‘pgina mamlakatlar allaqachon shu tizimga o‘tgan. 

Bu boradagi ishlarni tashkil etish vazifasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbari Sh.Shermatovga topshiriladi. 

Ayni paytda Oliy Majlis palatalari deputatlar va senatorlarni ma’naviy va moddiy rag‘batlantirishga doir nizomni ishlab chiqib, amaliyotga tatbiq etish lozim. Bunda har bir deputat faoliyatini baholash va rag‘batlantirishning aniq mezoni va mexanizmlarini belgilash, shunga ko‘ra namuna ko‘rsatgan deputatlarga “adolatli deputat”, “xalqparvar deputat”, “mehnatkash deputat” degan nomlar berishni nazarda tutish maqsadga muvofiqdir. 

O‘ylaymanki, bunday nomlarga sazovor bo‘lgan deputatlar keyingi saylovlarda avvalo siyosiy partiyalar tomonidan nomzod sifatida ilgari suriladi, eng muhimi, ular xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. 

Sidqidildan va samarali ishlagan, vakolati tugagan deputatlarga “faxriy deputat” maqomini berib, ularning oyligiga ustama haq to‘lash tizimini joriy qilish kerak. Jumladan, Qonunchilik palatasi deputati yoki Senat a’zosi bo‘lgan faxriy deputatlarimizga har yili eng kam oylik ish haqining 8 barobari, mahalliy kengashlarning faxriy deputatlariga – 3 barobardan 5 barobargacha bo‘lgan miqdorda mukofot berishni taklif etaman. 

Qolaversa, faxriy deputatlarga Oliy Majlis palatalarining majlislarida ishtirok etish huquqini bersak, nima deysizlar? 

Sizlarga yaxshi ma’lum, amaldagi qonunchilikda deputat va senatorlar faoliyat olib borayotgan davrda ularning oldingi ish o‘rni saqlab qolinishi ko‘zda tutilgan. Lekin amalda bu norma samarali ishlamayotganini ochiq tan olish kerak. 

Shuning uchun ana shu qonun normasi ijrosini qat’iy ta’minlashimiz, kerak bo‘lsa, deputatlar o‘z faoliyatini yakunlaganidan keyin ularni avvalgi lavozimiga nisbatan bir pog‘ona yuqori bo‘lgan vazifaga tayinlash lozim. Bu tartib barcha bo‘g‘indagi deputatlarga taalluqli bo‘lishi adolatdan bo‘lar edi. 

Fursatdan foydalanib, yana bir masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Oliy Majlis Senati har yilning yakuni bo‘yicha aniq mezonlar asosida mamlakatimiz bo‘yicha xalq deputatlari tuman va shahar kengashlari orasidan 14 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri vakillik organlari o‘rtasidan esa 1 ta namunali kengashni aniqlab, boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatish va rag‘batlantirish tizimini yo‘lga qo‘yishi nur ustiga nur bo‘lardi. 

Bu mamlakatimizda yuksak malakali deputatlar korpusini shakllantirishda yangi bir amaliy qadam bo‘ladi. 

Shuningdek, namunali kengashlar faoliyatini keng yoritish maqsadida ular haqida hujjatli filmlar, ommaviy axborot vositalarida turli materiallar, xususan, “Namunali deputat” rubrikasi ostida ko‘rsatuvlar tayyorlash haqida ham o‘ylab ko‘rishimiz lozim. Umuman olganda, Oliy Majlis, viloyat va tumanlarda faoliyat ko‘rsatayotgan namunali deputatlarning ish uslubi haqida risolalar, yosh deputatlar uchun esa tegishli qo‘llanmalar chiqarish kerak. 

Oliy Majlis palatalari va mahalliy xalq deputatlari kengashlarida munosib faoliyat ko‘rsatgan, boshqalarga o‘rnak bo‘lgan, vatanparvar va fidoyi deputatlar haqida “Ehtirom kitoblari”ni tashkil etish va bu kitoblarni keyinchalik Oliy Majlis muzeyida saqlash o‘rinli bo‘lar edi. 

Sobiq va amaldagi deputatlar, senatorlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, do‘stona muloqot o‘rnatish, ko‘p yillar mehnat qilgan xalq vakillariga hurmat-izzat ko‘rsatish maqsadida “Deputatlar klubini” ham tashkil qilishni taklif etaman. 

Bu takliflarni amalga oshirish uchun Oliy Majlis palatalari rahbarlariga, Bosh vazir o‘rinbosari (J.Qo‘chqorov ), Moliya vazirligi (B.Xodjayev), O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi (K.Mansurov), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (X.Mirzohidov), “O‘zbekkino” Milliy agentligi (O.Musayev) bilan birgalikda ikki oy muddatda tegishli qaror qabul qilish tavsiya etiladi. 

Oltinchidan, Oliy Majlis palatalarining mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga daxldor eng dolzarb masalalarni hal etish borasidagi tashabbuskorligini oshirish muhim ahamiyatga ega. 

Biz parlamentimizga katta ishonch bildirib, Qonunchilik palatasiga (Nurdinjon Mo‘ydinxonovich Ismoilov) – sog‘liqni saqlash sohasida, Senatga esa (Nig‘matilla To‘lqinovich Yo‘ldoshev) – ichki ishlar organlari tizimida islohotlarni amalga oshirishda mavjud vaziyatni yaxshilashga bosh-qosh bo‘lishni taklif qilgan edik.

Bu katta mas’uliyat va ayni paytda katta sharafdir. 

O‘tgan vaqt mobaynida bu borada muayyan ishlar amalga oshirildi, biroq hali ularni yetarli, deb bo‘lmaydi. 

Men qaysi hududga bormayin, albatta, ana shu ikki sohaga alohida e’tibor qarataman. 

Lekin sog‘liqni saqlash muassasalarida dori-darmonlar va tibbiy-texnik vositalarning yetishmasligi, ular malakali kadrlar bilan ta’minlanmagani, binolarning talabga javob bermasligi, ichki ishlar organlarida profilaktik tadbirlar nomiga o‘tkazilayotgani, ayrim hududlarda huquqbuzarliklar soni oshib borayotgani kabi bir qator muammo va kamchiliklar davom etmoqda. 

Biz ularni bartaraf etish uchun hali ko‘p ish qilishimiz, tunu kun tinim bilmasdan ishlashimiz, ana shu sohalarda qat’iy parlament nazoratini o‘rnatishimiz zarur. 

Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Mo‘ydinxonovich Ismoilov tibbiyot sohasi mutasaddilari axborotini ko‘proq Qonunchilik palatasida eshitmoqda. 

Lekin bunday ish uslubini joylarga chiqib, turli mutaxassislar bilan birga yurib, qishloq vrachlik punktlari bo‘ladimi, bolalar yoki ayollar shifoxonalari bo‘ladimi, eng kamida o‘n kun yurib, ulardagi haqiqiy ahvolni aniqlab, muammolarni ham qonuniy, ham amaliy nuqtai nazardan hal qilish yuzasidan takliflar bildirish bilan almashtirish, qisqacha aytganda, parlament nazorati bo‘yicha ta’sirchan va samarali tizim yaratish har tomonlama maqsadga muvofiq bo‘lardi. Eng asosiysi – bundan natija bo‘lishi kerak, va buni odamlar sezishi kerak. 

Senat Raisi Nig‘matilla To‘lqinovich Yo‘ldoshevning ichki ishlar sohasidagi islohotlar bo‘yicha faoliyati haqida ham shunday fikrlarni bildirish mumkin. 

Masalan, Toshkent viloyatining Qibray tumanini huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikning oldini olish sohasida namunali tumanga aylantirish bo‘yicha bir necha oy oldin aniq topshiriqlar berilgan edi. Lekin, afsuski, bu borada haligacha amaliy natija ko‘zga ko‘rinmayapti. 

Yaqinda Namangan shahridagi Orzu mahallasi tayanch punktida bo‘lib, bu yerda qisqa muddatda katta ishlar amalga oshirilganiga guvoh bo‘ldik. Vaholanki, shunday ishlarni Qibray tumanida ham qilish mumkin edi. 

Senatimizning hurmatli Raisi hamda hurmatli Spikerimiz sog‘liqni saqlash va ichki ishlar tizimini eng namunali sohalarga aylantirish bo‘yicha yanada faollik bilan ish olib boradilar, deb ishonaman. 

Nega deganda, tinchlik va sog‘liq – har bir inson uchun bebaho ne’mat. Agar shu ikki sohada oldimizga qo‘ygan maqsadlarimizga erishsak, bu eng katta yutug‘imiz bo‘ladi va xalqimiz bizdan albatta rozi bo‘ladi. 

Yana bir masalaga alohida e’tibor qaratmoqchiman. Oliy Majlis palatalarining muayyan vazifalarni bajarish uchun komissiyalar tuzish vakolati bor. Lekin, hurmatli deputatlar, ayting-chi, Qonunchilik palatasi bu vakolatdan oxirgi marta qachon foydalandi? Nima, jamiyatimiz hayotida muhim bo‘lgan vazifalar yo‘qmi? 

Hammaga ma’lum, yoshlar bilan ishlash, oila va ayollar masalasi har doim biz uchun muhim vazifa hisoblangan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. 

Oliy Majlis palatalarining qariyb 40 nafar ayol senator va deputatlari buni juda yaxshi tushunishadi. 

Xotin-qizlar o‘rtasida olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish, jumladan, eng og‘ir masala bo‘lgan o‘z joniga qasd qilish, jinoyatchilik va oilaviy ajrimlarning oldini olishda Oliy Majlis palatalarining roli sezilmayapti. Bu borada na samarali ishlaydigan qonunlar qabul qilinmoqda, na joylarda amaliy faoliyat olib borilmoqda. Holbuki, xalqimiz, saylovchilarimiz bizdan bu borada amaliy harakatlarni kutmoqda. 

Shu bois Davlat maslahatchisi O.Murodovga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan birgalikda bir oy muddatda quyi palatada Yoshlar masalalari hamda Oila va ayollar masalalari bo‘yicha komissiyalarni tuzishni o‘rganib chiqish topshiriladi. 

Ettinchidan, parlament palatalari faoliyatida bugun muhokama qilinayotgan muammolardan tashqari yana bir qancha muammolar mavjud. Lekin, afsuski, ularni bartaraf etish choralari ko‘rilmayapti. Ayrim rahbarlar tomonidan, “bu masalalarni ko‘tarmanglar, tinchgina yuraylik” qabilida ish yuritishga qaratilgan nomaqbul kayfiyatdan mutlaqo voz kechishimiz kerak. 

Parlament rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari o‘rtasidagi vazifalar bugungi kun talablaridan kelib chiqib taqsimlanmagan. Bir so‘z bilan aytganda, o‘rinbosarlar mayda-chuyda masalalar bilan o‘ralashib qolib, davlat va jamiyat uchun muhim masalalar Oliy Majlis rahbariyati e’tiboridan chetda qolib ketmoqda. 

Masalan, Qonunchilik palatasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni xalqaro miqyosdan targ‘ib qilish bilan qaysi rahbar yoki o‘rinbosar tizimli ravishda shug‘ullanayapti? Bu savolga javob yo‘q. 

Shuning uchun parlamentimiz palatalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni tanqidiy qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi, deb hisoblayman. 

Har qaysi fraksiya rahbari – Spiker o‘rinbosari ma’lum bir viloyatda aniq bir soha uchun mas’ul bo‘lib, shu yo‘nalishni namunali darajaga ko‘tarib bersa, ayni muddao bo‘lar edi. 

Biz Oliy Majlis oldida turgan vazifalarni samarali hal etish haqida so‘z yuritar ekanmiz, albatta, deputatlar, senatorlar faoliyatini moddiy ta’minlash masalasini yodimizdan chiqarmasligimiz lozim. Bu – hayot haqiqati. 

Bu masala yillar davomida ko‘rib chiqilmagan. Bu davrda davlat organlari boshqa xodimlarining moddiy ta’minoti bir necha marta ko‘rib chiqilib, bugungi hayot, zamon talablariga moslashtirildi. 

Nima uchun Oliy Majlis palatalari rahbarlari xorijiy amaliyotni, respublikamizdagi huquqni qo‘llash amaliyotini chuqur tahlil qilish asosida bu borada takliflar kiritmagan? 

Davlat rahbari sifatida men deputatlar va senatorlar hamda Oliy Majlis xodimlarining moddiy ta’minotini yaxshilash bo‘yicha asosli takliflarni ko‘rib chiqishga tayyorman. 

Aziz do‘stlar! 

Harakatlar strategiyasi va uning asosida qabul qilingan Davlat dasturi ijrosini ta’minlashda siyosiy partiyalar, Oliy Majlis palatalari o‘z elektorati manfaatlari, saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar, vakolatlaridan kelib chiqib, o‘z g‘oya va takliflari bilan faol qatnashishi lozim. 

Ayniqsa, partiyalar bundan manfaatdor, chunki Harakatlar strategiyasini bosqichma-bosqich, sifatli amalga oshirilishini ta’minlash orqali ular ham o‘z dasturiy vazifalarini amalda bajarishga erishadi. 

Ayni paytda shuni alohida qayd etish kerakki, Harakatlar strategiyasida belgilangan maqsad va vazifalarni samarali amalga oshirish ko‘p jihatdan partiyalarning faolligiga bog‘liq. Xususan, biz kelgusida viloyat, tuman, shahar hokimlarini saylash tartibini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgiladik. Biroq ana shu ilg‘or, demokratik g‘oyani hayotga tatbiq etish uchun, avvalo, siyosiy partiyalar bu mas’uliyatli lavozimlarga o‘z nomzodlarini ko‘rsatishga tayyor bo‘lishi, salohiyatli kadrlar zaxirasiga ega bo‘lmog‘i lozim. 

Sizlarning faolligingiz, fuqarolarning siyosiy-huquqiy madaniyati darajasining o‘sib, yurtimizda ko‘ppartiyaviylik tizimining tobora mustahkamlanib borayotganidan kelib chiqqan holda, kelgusida Hukumat tarkibini, jumladan, vazirlar, davlat qo‘mitalari raislari lavozimlarini saylov yakunlari bo‘yicha erishilgan deputatlik o‘rinlarini inobatga olib, siyosiy partiyalar tomonidan taklif etish tizimiga o‘tamiz. 

Bir fikrni takror va takror aytishni o‘rinli, deb bilaman: olib borayotgan islohotlarimizning muvaffaqiyati, avvalambor, siyosiy partiyalarning etuklik darajasiga, ularning jonajon Vatanimiz oldidagi mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qay darajada tayyor ekaniga bevosita bog‘liqdir. 

Qaysi partiyaga mansub bo‘lishimizdan qat’i nazar, shu yurt farzandi, shu yurt fuqarosi sifatida Vatan taraqqiyoti, mamlakatimiz tinchligi va xalq farovonligi yo‘lida birlashib, sidqidildan xizmat qilishda barchangizga sihat-salomatlik, kuch-g‘ayrat, yangi muvaffaqiyatlar tilayman. 

E’tiboringiz uchun rahmat.

Поделиться