O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Rashid Meredov: erishilgan kelishuvlar ijrosi tahlil qilindi
2017-07-12 | Siyosat
Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov O‘zA muxbiriga mamlakatimizga amaliy tashrifi chog‘ida bo‘lib o‘tgan uchrashuv va muzokaralar haqida so‘zlab berdi:
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashish sharafiga muyassar bo‘lganimdan xursandman.
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ochiq, ishonchli, do‘stona munosabatlari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik rivojiga asos bo‘lmoqda. Keng qamrovli, g‘oyat samarali aloqalar xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qilmoqda.
Uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yuqori baholadi. O‘zbekiston Prezidentining joriy yil mart va may oylarida Turkmanistonga tashriflarida erishilgan kelishuvlar ijrosi tahlil qilindi. O‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.
Savdo-iqtisodiy munosabatlar izchil rivojlanmoqda. Bu boradagi sa’y-harakatlar, vazirlik va xo‘jalik subyektlari o‘rtasidagi aloqalar qo‘llab-quvvatlanmoqda.
O‘zbek va turkman xalqlari qardosh, yaqin qo‘shni. Bizning tariximiz bir, tilimiz, qadriyatlarimiz mushtarak. Bu madaniy-gumanitar hamkorlik rivojida muhim omil bo‘lmoqda. Ta’lim, san’at, madaniyat, sport tashkilotlari, mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalar tobora mustahkamlanmoqda.
Delegatsiyamizga ko‘rsatilgan izzat-ikromdan minnatdormiz. Mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik va qardoshlik aloqalari yanada mustahkamlanishidan manfaatdormiz.