O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Keng ko‘lamli islohotlar xalqimiz turmush farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda

2017-07-11 | Siyosat

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, bunyodkorlik ishlari bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 7-8-iyul kunlari Namangan viloyatida bo‘ldi.

Tashrifning birinchi kuni viloyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, istiqbolli loyihalar bilan tanishdi, xalq bilan muloqot qildi. 

Prezidentimiz Namangan viloyatiga tashrifining ikkinchi kuni Namangan tumanidagi “Merrymed Farm” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘ldi. 

Mamlakatimizda boshqa sohalar qatori farmatsevtika sohasida ham islohotlarni yanada chuqurlashtirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish va mavjudlarini modernizatsiya qilish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratish, raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada kengaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 

“Merrymed Farm” mas’uliyati cheklangan jamiyati xitoylik hamkorlar ishtirokida tashkil etilgan. Korxona faoliyati farmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqarish, saqlash, transport-logistika, marketing jarayonlarini to‘laligicha o‘zida qamrab olgan. Ish jarayoniga yuqori texnologik uskunalar va elektron axborot-nazorat qilish tizimlari joriy etilgan. 

O‘simlik va sintetik xomashyodan dori vositalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona import o‘rnini bosuvchi 10 farmakologik guruhdagi 100 dan ortiq turdagi dori vositalarini ishlab chiqarmoqda. 

Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan qator soliq va bojxona imtiyozlari tufayli korxonada so‘nggi yillarda ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada ortdi. Tabletkalar, kapsulalar, mazlar, galen mahsulotlari, suspenziyalar, infuziyalar, ineksiyalar, quruq kukun ko‘rinishidagi antibiotiklar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Korxonada 300 ga yaqin ishchi mehnat qiladi. 

Shavkat Mirziyoyev korxona faoliyati bilan tanishdi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, ishchilarga yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdi. 

Sohani yanada rivojlantirish uchun dunyo tajribasini o‘zlashtirish kerak, dedi Prezidentimiz. Bu borada import o‘rnini bosuvchi, sifatli dorilar ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratish lozim. Bu bozorda bir turdagi dori vositalari emas, turli farmakologik guruhdagi dorilar ko‘payishi va import o‘rnini egallashiga imkoniyat yaratadi. 

Farmatsevtika yo‘nalishida yangi korxonalar qurishda aholi talabini o‘rganish, mamlakatimiz hududlarida turli dori vositalarini ishlab chiqarishni keng yo‘lga qo‘yish kerakligi ta’kidlandi. 

Mamlakatimizda keksalarning hayot darajasini oshirish, ularning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. 

Prezidentimizning 2016-yil 28-dekabrdagi “O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirish va samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. 

Davlatimiz rahbari “Nuroniy” jamg‘armasining Namangan viloyati bo‘limi yangi binosi va «Nuroniylar maskani»ni borib ko‘rdi. 

Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos ezgu fazilatlardan. Mamlakatimizda yoshi ulug‘ insonlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, turmush sharoitini yanada yaxshilash, salomatligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zotan, nuroniylarni e’zozlagan kam bo‘lmaydi, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Prezidentimiz «Nuroniylar maskani»da yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Oqsoqollar bilan suhbatlashdi. Suhbatda yoshlar tarbiyasi, boshlang‘ich ta’lim tizimini takomillashtirish, yoshlarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Aholini ish bilan ta’minlash masalasi diqqat markazida bo‘ldi. 

Davlatimiz rahbari Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida tashkil etilgan Gulchilar assotsiatsiyasi faoliyati bilan tanishdi. 

Bu sohaga alohida e’tibor qaratish kerak. Assotsiatsiyaga yer maydoni ajratish, ularni qo‘llab-quvvatlash lozim. Viloyatning har bir tumanida assotsiatsiya bo‘limlarini tashkil qilish, ularga malakali gulchilarni taklif etish darkor, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Namangandagi oliy ta’lim muassasalaridan birida maxsus fakultet tashkil qilib, gulchilik ilmini yoshlarga o‘rgatish, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi bilan faol hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Namangan shahrining Islom Karimov ko‘chasida tashkil etiladigan madaniyat va istirohat bog‘i loyihasi bilan tanishtirildi. 

So‘nggi yillarda Namanganning qiyofasi yanada go‘zallashib, zamonaviy turar joylar, madaniyat va istirohat bog‘lari barpo etilmoqda. 

Davlatimiz rahbari shaharning Uychi ko‘chasini obodonlashtirish, infratuzilmasini takomillashtirish, rekonstruksiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Mazkur ko‘chada o‘n beshta ko‘p qavatli turar joy binosi va o‘ndan ziyod infratuzilma obyekti qurilmoqda. O‘tgan yilning kuzida ushbu ko‘chada Namangan shahar 2-bolalar va o‘smirlar maktabining zamonaviy binosi foydalanishga topshirilgan. Ikkita yopiq sport zali va boshqa zarur xonalarga ega bo‘lgan majmuada sportning ko‘plab turlari bilan shug‘ullanish uchun imkoniyat yaratilgan. 

Prezidentimiz ko‘p qavatli turar joylarni belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish, aholi uchun zarur sharoit yaratish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi. 

Shu yerda Namangan shahrida namunaviy loyiha asosida bunyod etilayotgan sakkizta 7 qavatli arzon turar joy binosi, Farg‘ona vodiysi temir yo‘llarini elektrlashtirish konsepsiyasi, Namangan temir yo‘l vokzalini yangidan qurish, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya va endokrinologiya ilmiy-amaliy markazlari Namangan filiallari binolarini rekonstruksiya qilish, ularni malakali kadrlar va zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlash, Kosonsoy tumanida yoshlar va o‘smirlar texnoparki bunyod etish loyihalari taqdimoti bo‘ldi. 

Davlatimiz rahbari Namangan shahrida kelasi yili namunaviy loyiha asosida 18 ko‘p qavatli turar joy qurilishini, xonadonlarni taqsimlashda adolat tamoyillariga qat’iy amal qilish lozimligini qayd etdi. 

Prezidentimiz O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Namangan viloyati badiiy ijodkorlar uyushmasi galereyasining rekonstruksiya qilingan binosi va bu yerdagi ko‘rgazma bilan tanishdi. 

Galereyani yoshlarimiz uchun tom ma’noda ma’rifat maskaniga aylantirish, milliy an’analarimizni davom ettiradigan «ustoz-shogird» maktabini yaratish, bunday galereyalarni barcha viloyatlarda tashkil qilish kerak, dedi davlatimiz rahbari. 

Prezidentimiz 2-bolalar va o‘smirlar sport maktabida mashg‘ulotlarda qatnashayotgan badiiy gimnastikachi qizlar va bokschi yoshlar bilan muloqot qildi. 

Bugun o‘zbek boks maktabi vakillariga butun dunyo sportchilari havas qilmoqda. O‘zbekiston terma jamoasi 2016-yil Rio-de-Janeyro shahrida o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida jahonda tengsiz ekanini isbotladi. Bunday yutuqlarga erishish uchun nafaqat zamonaviy sharoit, balki tinimsiz mehnat, fidoyilik, vatanparvarlik ham talab etiladi. Sizlarga ham kelgusida katta sportda yuksak parvozlar tilayman, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Yosh sportchilarga sovg‘alar topshirildi. 

Davlatimiz rahbari Namangan shahridagi “Orzu” mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyati, profilaktika inspektori yashash joyi bilan tanishdi. 

Orzu mahallasida Birinchi Prezidentimizning 2009-yil 3-avgustdagi “Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2014-2016-yillarda namunali loyihalar asosida 708 uy-joy, mahallaning yangi binosi qurilib, foydalanishga topshirilgan. Mahallada otalar choyxonasi, savdo shoxobchalari, mini futbol maydoni, bolajonlar uchun turli attraksionlar ishlab turibdi. 

Bu yerda mahalla raisi, kotibi va maslahatchisi, profilaktika inspektori uchun alohida xonalar mavjud. Kutubxona zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, zarur adabiyotlar bilan ta’minlangan. Joriy yilda mahalla binosi yonida profilaktika inspektori uchun xizmat uyi qurildi. 

Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida mamlakatimizning barcha hududlaridagi ichki ishlar organlari o‘rtasida zamonaviy axborot texnologiyalari qo‘llanilgan holda o‘zaro tezkor aloqa o‘rnatish bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yilmoqda. Davlatimiz rahbari “Orzu” mahalla fuqarolar yig‘ini profilaktika inspektori xizmat xonasida o‘rnatilgan komputer orqali Xorazm viloyati Xiva tumani ichki ishlar bo‘limi xodimlari bilan videomuloqot qildi. 

Profilaktika inspektorlari faoliyatini takomillashtirish, ularning shaxsiy mas’uliyatini oshirish, har bir jinoyatni tahlil qilish, jinoyatchilikni professional darajada aniqlash lozim. Profilaktika inspektorlari xizmat uylari, imtiyozli kreditlar asosida mashinalar bilan ta’minlanayotgani ular mahallaning har bir xonadoni bilan samarali ishlashida muhim ahamiyat kasb etmoqda, dedi Prezidentimiz. 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga safari davomidagi uchrashuv va muloqotlar mamlakatimizda izchil amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotganini yaqqol namoyon etdi.

Поделиться