O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Prezidenti Mongoliyaning saylangan Prezidentini tabrikladi
2017-07-10 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xaltmaagiyn Battulgani Mongoliya Prezidenti etib saylangani bilan tabrikladi.
“Sizning saylovlardagi ishonchli g‘alabangiz Mongoliya xalqining Sizdek boy amaliy tajribaga ega va o‘z xalqi va mamlakati manfaatlariga sodiq xizmat qiluvchi mashhur va nufuzli siyosiy arbobga bo‘lgan yuqori ishonchi va hurmatini tasdiqladi”, - deyiladi davlatimiz rahbari maktubida.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Mongoliyani ko‘p asrlik tarixga va o‘ziga xos madaniyatga, sezilarli tabiiy, iqtisodiy va transport-kommunikatsiya salohiyatlariga ega davlat sifatida tan oladi.
Diplomatik munosabatlarning 25 yillik davrida O‘zbekiston bilan Mongoliya o‘rtasida konstruktiv siyosiy muloqot, xalqaro tashkilotlar, avvalo, ShHT doirasida hamkorlik o‘rnatildi, iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar yo‘lga qo‘yildi.
“O‘zbekiston va Mongoliya tomonlarni qiziqtirgan barcha yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kuchaytirish uchun keng imkoniyatlarga ega”, - deb qayd etilgan maktubda.
O‘zbekiston Prezidenti “birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz orqali davlatlarimiz va xalqalarimiz farovonligi yo‘lida ikki tomonlama munosabatlarimizda sifat jihatdan yangi sahifani ochamiz”, - deb e’tirof etdi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi