O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Barcha sa’y-harakatlarimiz zamirida xalqimizni rozi qilish maqsadi mujassam
2017-07-08 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 7-iyul kuni Namangan viloyatiga tashrif buyurdi.
Namangan – mamlakatimizning har tomonlama rivojlangan, go‘zal viloyatlaridan biri. Keyingi yillarda uning iqtisodiy salohiyati oshib, shahar va qishloqlar obod bo‘lib bormoqda. Joriy yilning birinchi choragida yalpi hududiy mahsulot 8,7 foiz o‘sgan. Bu ulkan bunyodkorlik ishlariga asos bo‘lmoqda.
Mustaqilligimizning 25-yilligi arafasida Qamchiq dovoni orqali 19,2 kilometrlik noyob tunnelni o‘z ichiga olgan Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li ochilgani mamlakatimiz hayotida tarixiy voqea bo‘ldi. Bu yo‘l ko‘plab iqtisodiy imkoniyatlar qatori Namangan viloyatining muhim tranzit hududiga aylanishini ham ta’minladi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2015-yil 24-noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan 2016-2019-yillarda Namangan viloyatining sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturiga muvofiq yuzlab investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Ularning orasida umumiy qiymati 2 milliard 1 million dollar bo‘lgan To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi alohida o‘rin tutadi. Ushbu elektr stansiyasi nafaqat Namangan viloyati, balki butun Farg‘ona vodiysida elektr energiyasiga bo‘lgan talab va ehtiyojni qondirishga xizmat qiladi.
Pop tumanida 100 megavatt quvvatga ega bo‘lgan, umumiy qiymati 210 million dollarni tashkil etadigan quyosh elektr stansiyasini qurish, Mingbuloq tumanida 211 million dollarlik “Mingbuloq neft-gaz” konini o‘zlashtirish va boshqa investitsiya loyihalari viloyat iqtisodiyotini yangi bosqichga ko‘taradi.
Namanganda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi izchil rivojlanmoqda. Viloyat ishbilarmonlari zamonaviy texnologiyalar asosida xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarib, eksportdan katta daromad topmoqda. Joriy yilning birinchi choragida 79 korxona 17,4 million dollarlik mahsulotni eksport qilgan. Eksportchi korxonalar safiga 19 yangi subyekt qo‘shilgan.
Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturida bu boradagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, mamlakatimizning barcha hududlari qatori Namangan viloyatini ham izchil rivojlantirish bo‘yicha ulkan reja va maqsadlarni bayon etgan edi.
Prezidentimiz Namanganga tashrifi davomida ana shu rejalar ijrosi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va istiqbolli loyihalar bilan tanishdi.
Namangan – ko‘plab buyuk allomalarga qanot bo‘lgan zamin. Bu ko‘hna yurtda Maxdumi A’zam Kosoniy, Boborahim Mashrab, Fazliy Namangoniy, Nodim Namangoniy, Muhammadsharif So‘fizoda singari shoir va ma’rifatparvarlar tug‘ilib ijod qilgan.
Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 2-noyabr kuni Namangan viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda Ishoqxon Ibrat haqida alohida to‘xtalib, u kishiga atab zamonaviy bog‘ yaratish, yodgorlik majmuasi va “Ibrat maktabi”ni tashkil qilish tashabbusini bayon etgan edi. Bu taklif jamoatchilik tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanib, hozirgi kunda qurilish ishlari jadal olib borilmoqda.
Prezidentimiz ushbu majmua qurilishini borib ko‘rdi.
Bunyod etilayotgan bog‘ odamlarning mazmunli hordiq chiqarishiga qulaylik yaratish bilan birga ma’naviy olamini ham boyitadi. Bu yerda ma’rifatparvar bobomizning haykali o‘rnatiladi. Muzey Ishoqxon Ibratning hayoti, serqirra faoliyati bilan tanishtiradi. “Ibrat maktabi”da yoshlar xorijiy tillarni o‘rganadi. Bularning barchasi yaxlit kompleks sifatida allomaning buyuk xizmatlarini qadrlash, merosini o‘qib-o‘rganish va targ‘ib qilishda muhim o‘rin tutadi.
XIX asrda To‘raqo‘rg‘on zaminida tug‘ilib o‘sgan Ibrat domla arab, fors, rus, hind, urdu, ingliz, fransuz tillarini yaxshi bilgan, dedi Prezidentimiz. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lib, Sharq va Yevropa ilm-fani, madaniyati va san’ati bilan yaqindan tanishgan, yurtimizga ilg‘or madaniyat va texnika yangiliklarini olib kirishga intilgan.
Ibrat domla o‘lkamizdagi ilk matbaachilardan biri sifatida 1908-yili Orenburg shahridan litografik mashina sotib olib, uni Orenburgdan Qo‘qongacha poyezdda, Qo‘qondan To‘raqo‘rg‘onga tuyalarga ortib, katta mashaqqatlar bilan olib kelgan va o‘z hovlisida “Ishoqiya bosmaxonasi”ni tashkil qilgan. Bu ma’rifatparvar inson ko‘plab ilmiy, pedagogik hamda badiiy asarlar yaratgan, o‘z qishlog‘ida yangi maktab va kutubxona ochgan, aholi uchun zamonaviy bog‘ barpo qilgan, hozirgacha g‘oyat noyob hisoblanadigan olti tilli lug‘at yaratib, o‘z bosmaxonasida chop ettirgan. Uning “Farg‘ona tarixi” asari mamlakatimiz tarixiga oid nodir manbalardan biridir.
Davlatimiz rahbari mazkur kompleksni mazmun jihatidan takomillashtirish, til o‘rgatish bo‘yicha maxsus maktabni Namangan davlat universiteti qoshida tashkil etish, bu yerda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan hamkorlikda xorijiy tillarni ixtisoslashtirilgan tarzda o‘rgatish zarurligini ta’kidladi. O‘qituvchi va o‘quvchilarga barcha sharoitlar yaratish, bu yerda bosmaxona tashkil etish, majmua atrofini obodonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Atoqli ma’rifatparvar ajdodimiz o‘ziga Ibrat taxallusini bejiz tanlamagan, dedi Prezidentimiz. Uning elu yurt taraqqiyoti yo‘lidagi fidokorona hayoti nafaqat o‘z davrida, balki bugun ham barchamiz uchun haqiqiy ibrat namunasi bo‘lib qolmoqda. Bu yerda shunday muhit yaratish kerakki, alloma bobomizga munosib bo‘lsin. Yoshlar xorijiy tillarni, ajdodlari tarixini chuqur o‘rgansin. Poytaxtimizdagi universitetlar o‘qituvchilari, chet ellik mutaxassislar kelib dars bersin.
Gap yoshlar tarbiyasi haqida borar ekan, bu borada shoshmaslik, yoshlar va ota-onalarning talab-istaklaridan kelib chiqib, har tomonlama puxta o‘ylab ish tutish kerak, dedi Prezidentimiz.
Shavkat Mirziyoyev tumandagi Namangan ko‘chasida xalq ichiga kirib, odamlar bilan muloqot qildi. Aholi Prezidentimiz tashrifidan xursandligini, amalga oshirilayotgan o‘zgarish va yangiliklardan mamnun ekanini izhor etdi.
Davlatimiz rahbari Mingbuloq tumanidagi “Mingbuloqneft” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasiga tashrif buyurdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 11-13-may kunlari Xitoyga davlat tashrifi davomida Xitoy Milliy neft-gaz korporatsiyasi direktorlar kengashi raisi Van Ilin bilan uchrashdi. Mazkur korporatsiya mamlakatimizdagi uglevodorod konlarini qidirish va qazish, Muborak gaz-kimyo majmuasida tabiiy gazni chuqur qayta ishlash jarayonida faol ishtirok etmoqda. Uchrashuvda yuqori texnologiyalar sohasidagi loyihalar ijrosining istiqbollari va O‘zbekiston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlariga Xitoy sarmoyasini jalb etish masalalari muhokama qilindi.
“Mingbuloq konida qidiruv va qazib olish” loyihasi uzoq istiqbolga mo‘ljallangan keng ko‘lamli loyihadir. Loyiha doirasida 4 qidiruv-burg‘ilash qudug‘i ishga tushiriladi va 4 mavjud quduq kapital ta’mirlanadi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil Davlat investitsiya dasturining manzilli ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, ayni paytda bosh pudratchi – “Xibu Duolling Engineering” kompaniyasi burg‘ilash maydoni va vaxta qarorgohidagi tayyorgarlik ishlari yakuniga yetkazildi. Joriy yilda Mingbuloq neft koni ma’muriy binosini ta’mirlash, M15 qidiruv-burg‘ilash qudug‘ini ishga tushirish va boshqa tadbirlarni amalga oshirish uchun Xitoy moliya-tijorat institutlari kiritadigan 15 million dollarga teng sarmoya o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Yaqinda bu yerda M15 qidiruv qudug‘i ishga tushirildi. Quduqda burg‘ilash ishlari katta – 6 ming metrgacha chuqurlik, anomal bosim – 1200 atmosfera bosimi va kollektorlarning geologik murakkab tuzilishi sharoitida olib borilishi eng zamonaviy muhandislik yechimlarini taqozo etadi. 25-yilga mo‘ljallangan va umumiy qiymati 255 million dollardan ortiq bo‘lgan ushbu loyiha natijasida Mingbuloq neft konidan yiliga 200 ming tonna suyuq uglevodorod qazib olish rejalashtirilgan.
M15 qidiruv-burg‘ilash qudug‘ining ishga tushirilishi bilan 130 dan ziyod ish o‘rni yaratildi.
Prezidentimiz ushbu korxona mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Quruvchilar va xitoylik mutaxassislar bilan suhbatlashdi.
Shu yerda Farg‘ona vodiysida o‘tkazilgan geologik qidiruv ishlari natijalari haqida ma’lumot berildi. Qidiruv ishlari ko‘plab turdagi tabiiy boyliklarni aniqlash imkonini berdi. Kelgusida ularni o‘zlashtirish bo‘yicha zamonaviy korxonalar tashkil etiladi.
Namangan viloyatida quriladigan gidroelektr stansiyalari loyihasi ham namoyish qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-maydagi “2017-2021-yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Namangan viloyatida umumiy quvvati 38,5 mVt, ishlab chiqarish quvvati 150,8 million kVt soatni tashkil etuvchi kichik gidroelektr stansiyalarini qurish ko‘zda tutilgan. Jumladan, Uchqo‘rg‘on tumani hududida Katta Farg‘ona kanalida kichik GESlar kaskadini qurish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz suvdan energiya olish tabiat in’om etgan imkoniyat, bunday energiya qayta tiklanishi, ekologik tozaligi va arzonligi bilan afzal ekanini ta’kidladi. Xitoy tajribasi asosida mamlakatimizning barcha hududida kichik gidroelektr stansiyalari qurilishi, kelgusida elektr ta’minotining katta qismi ushbu manbalar hisobidan qoplanishini qayd etdi.
Suv tozalash inshootlari barpo etish, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash qamrovini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari To‘raqo‘rg‘on tumanidagi «Gold Fresh Fruits» mas’uliyati cheklangan jamiyatida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish loyihalari bilan tanishdi.
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi, ayniqsa, chorvachilik, parrandachilik, bog‘dorchilikni rivojlantirish, bu borada yangi loyihalarni hayotga tatbiq etishga qaratilayotgan alohida e’tibor oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirishga, aholi farovonligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
«Gold Fresh Fruits» MChJda 482 gektarlik intensiv bog‘ tashkil etilgan. 300 dan ziyod kishi mehnat qilayotgan jamiyatda gilos, olxo‘ri, shaftoli, xurmo va o‘rik ko‘chatlari parvarishlanmoqda. 104 gektar yer gilos ko‘chati ekish uchun tayyorlanmoqda.
Korxona hududida 2018-yil oxirigacha yana 400 gektardan ortiq maydonda gilos bog‘i tashkil etish rejalashtirilgan. Buning uchun 45 million dollar mablag‘ sarflanadi. Bir yilda 10 ming tonnadan ortiq mahsulot yetishtirish, 30 million dollarlik eksport qilish ko‘zda tutilgan. Korxonada 6,5 gektarda meva-cabzavotlarni qayta ishlash, saqlash va qadoqlash logistika markazi tashkil etish mo‘ljallangan. Natijada 300 yangi ish o‘rni yaratiladi.
Birinchi Prezidentimizning 2015-yil 29-dekabrdagi 2016-2020-yillarda qishloq xo‘jaligini yanada isloh qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori bo‘yicha Xalq banki qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Bankning moliyaviy ko‘magida To‘raqo‘rg‘on tumanida tashkil etiladigan 2 ming bosh qoramolga mo‘ljallangan chorvachilik kompleksi va sutni qayta ishlash loyihasi shular jumlasidandir. Loyiha qiymati 11,8 milliard so‘mlik ushbu kompleksning yer maydoni 510 gektar bo‘lib, shundan chorva mollari uchun ozuqa mahsulotlari yetishtirishga 500 gektar, qurilish ishlari uchun 10 gektar yer ajratilishi rejalashtirilgan. Kompleksda yiliga 4 ming 280 tonna sut, 150 tonna go‘sht yetishtiriladi. Loyihani 2018-yilning uchinchi choragida ishga tushirish mo‘ljallangan.
Shu yerda Uchqo‘rg‘on tumanidagi «Muhammadali hamkor biznes» mas’uliyati cheklangan jamiyatida 10 gektarda issiqxona va tomat pastasi ishlab chiqarish zavodi, Namangan shahridagi «Jahon javohiri invest» va Pop tumanidagi «Namangan agro logistic» MChJlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash hamda issiqxona tashkil etish loyihalari taqdimoti ham o‘tkazildi.
Yuqori texnologiyalar asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, bog‘dorchilikni rivojlantirish, ayniqsa, gilosning serhosil, ertapishar navlarini ekishni ko‘paytirish kerak, dedi Prezidentimiz.
Shavkat Mirziyoyev Pop tumanidagi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli Ko‘mir briketi ishlab chiqarish zavodiga tashrif buyurdi.
Mamlakatimizda energetika sohasi izchil isloh etilmoqda. Energiya manbalari diversifikatsiya qilinib, aholi va tashkilotlarga bir necha turdagi energiya yetkazib berish choralari ko‘rilmoqda.
Pop tumanida shu sohadagi yana bir korxona ishga tushirildi. Qiymati 7 million dollar bo‘lgan mazkur loyiha natijasida yiliga 500 ming tonna ko‘mir briketi ishlab chiqariladi. Korxonada 160 ish o‘rni yaratildi.
Prezidentimiz briket ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Mahsulotning narxi, samaradorligi bilan qiziqdi. Zavodda ko‘mir kukuni zamonaviy texnologiya asosida qayta ishlanib, quvvati yuqori moddalar bilan boyitiladi, hid va zararli gazlardan tozalanadi, tashish uchun qulay qilib qadoqlanadi.
Zavod mahsulotlarini mamlakatimiz hududlariga tarqatish punktlari tashkil etish, briket va uni yoqishga mos pechlarni aholiga yetkazib berish, buning uchun imtiyozli kreditlar ajratish kerakligi ta’kidlandi.
Bu yerda “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilishi mo‘ljallangan loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi. Namangan viloyatida 2017-2018-yillarda qurilish materiallari ishlab chiqarishga 200 million dollarlik investitsiya yo‘naltirilmoqda.
Bundan maqsad – aholini arzon, sifatli, keng turdagi qurilish materiallari bilan ta’minlash, yangi ish joylari ochish. Bunday materiallar ko‘p va arzon bo‘lsa, odamlar uy-joy quradi, yangi maktab va shifoxonalar, korxonalar, yo‘llar bunyod etiladi. Xalqimiz farovonligi yanada oshadi.
Pop tumanida sement, shifer, asbest quvurlar, beton va yarim sintetik moylash materiallari, Kosonsoy va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida sement, Namangan shahrida keramik plita va santexnika mahsulotlari, Pop, To‘raqo‘rg‘on, Uychi, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida pishiq g‘isht, Chust tumanida pardozlash toshlari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbari Chust tumanida qurilayotgan O‘simliklarni himoya qiluvchi kimyoviy vositalar ishlab chiqaruvchi zavod faoliyati bilan tanishdi. “Ifoda agro kimyo himoya” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘z mablag‘i va “Hamkorbank” krediti hisobidan bunyod etayotgan ushbu zavodda qishloq xo‘jaligi ekinlarini turli kasalliklardan himoya qiluvchi 28 turdagi kimyoviy preparatlar ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan. Korxonaning loyiha qiymati 6,5 million dollarni tashkil etadi.
Ushbu zavod ishga tushganidan keyin kimyoviy preparatlarni xorijdan keltirishga ehtiyoj qolmaydi, bunday mahsulot bilan mamlakatimizni to‘liq ta’minlash, hatto uni eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Prezidentimiz preparatlarni tayyorlashda ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mahsulotlar sifatini yaxshilash, eksportni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
Shu yerda Namangan viloyati hududidagi past rentabelli adirlarda yong‘oqzor, pistazorlar bunyod etish, paxta va g‘alla maydonlarini kamaytirish hisobiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish, kovul ekishni tashkil qilish, parrandachilik va echkichilikni rivojlantirish loyihalari taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari kam hosil beradigan, zarar ko‘rib ishlayotgan tumanlarda paxta maydonlarini keskin kamaytirish, uning o‘rniga yuqori daromad beradigan meva-sabzavot, poliz ekinlari ekish lozimligini ta’kidladi. Toki odamlarimiz mehnatining rohatini ko‘rsin, hayotidan rozi bo‘lsin.
Mamlakatimizning ayrim hududlarida, jumladan, Namangan viloyatida o‘sadigan kovul bargi, mevasi va tomir po‘sti tabobatda qo‘llaniladi. Turli shishlarni davolash, nafas qisishi, taloq qotishi, qurtlarni haydash, poliartrit, bo‘qoq kabi kasalliklarni davolashda ishlatiladi. Bu yil viloyatda 3 ming gektardan ziyod maydonda ushbu o‘simlikni ekish rejalashtirilgan. Kam xarajat va oz mehnat talab qiladigan bu o‘simlikdan yiliga to‘rt marta hosil olish mumkin.
Kovul yetishtirish bo‘yicha ilmiy asoslar ishlab chiqish, eksport qilish mexanizmini yaratish, viloyatda kovulchilikni rivojlantirish bo‘yicha assotsiatsiya tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Davlatimiz rahbari Chortoq tumanidagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohini rekonstruksiya qilish loyihasi bilan tanishdi.
Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi Namangan viloyatidagi muborak maskanlardan biridir. Qadamjo maqbara, masjid, ramziy darvoza va muzeydan iborat.
Qadamjoni qadimiy usulda ta’mirlash, keng va obod ziyoratgohga aylantirish, ziyoratchilarga zarur sharoitlar yaratish, kutubxona tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Chortoq tumanidagi chegara postini borib ko‘rdi.
Postda harbiylarimiz uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Prezidentimiz chegara postida xizmat qilayotgan harbiylar bilan suhbatlashdi.
Davlatimiz rahbari Yangiqo‘rg‘on tumanidagi "Bo‘ston" mahalla fuqarolar yig‘inida mahalla ahli bilan suhbatlashdi. Fuqarolar mahalla tizimiga qaratilayotgan alohida e’tibor jamiyatda ma’naviy muhitni, odamlarning ertangi kunga ishonchini mustahkamlashda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.
Namangan shahrida Prezidentimiz raisligida mutasaddi rahbarlar va viloyat faollari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda viloyat iqtisodiyotini yangi bosqichga ko‘tarish, infratuzilmani rivojlantirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash, aholini ish bilan ta’minlash va turmush darajasini yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ushbu tadbirlarda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturidagi maqsad-vazifalar o‘z ifodasini topdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi davom etmoqda.