O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yangi avtomobil zavodi qurilishi boshlandi
2017-07-06 | Iqtisodiyot
“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi “Pejo Sitroyen” guruhi bilan hamkorlikda barpo etayotgan avtomobil zavodi poydevorining tamal toshini qo‘yishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Zavod Prezidentimizning 2017-yil 13-iyundagi “Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi "Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive" korxonasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, “O‘zavtosanoat” AK va Peugeot Citroen Automotive guruhi o‘rtasidagi kelishuv asosida qurilmoqda.
“O‘zavtosanoat” kompaniyasi, “Pejo Sitroyen” guruhi xodimlari, Fransiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi, Jizzax viloyati xokimligi va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va qulay ishbilarmonlik muhiti yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. Dunyoning yetakchi avtomobil ishlab chiqaruvchilaridan biri bilan hamkorlikda barpo etilayotgan ushbu qo‘shma korxona ham O‘zbekiston avtomobil sanoatining istiqboliga xorijlik ishbilarmonlarning katta ishonchi samarasidir.
– Qo‘shma korxonani barpo etishda hal qiluvchi omil bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shaxsan qo‘llab-quvvatlashini va o‘zbekistonlik sheriklarimiz bilan samarali kelishuvni yuksak qadrlaymiz, – deydi “Pejo Sitroyen” guruxi vitse prezidenti Kristof Berjeran. – Bu loyiha bizning strategik rejalarimizga to‘liq mos bo‘lib, yengil tijorat avtomobillari biznesini rivojlantirish va hududning iqtisodiyotini yuksaltirish uchun katta imkoniyatdir.
Yangi zavodda yo‘lovchi va yuk tashishga mo‘ljallangan «Peugeot» va «Citroen» yengil tijorat avtomobillari ishlab chiqariladi. Qo‘shma korxonaning ustav kapitali 30 million yevro. Loyihani amalga oshirishga umumiy qiymati qariyb 130 million yevrolik investitsiya jalb etilayotir.
Zavod qurilishi uchun “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida 45 gektar yer maydoni ajratilgan. Prezidentimiz qarori bilan loyiha ishtirokchilari uchun bir qator soliq va bojxona imtiyozlari, preferensiyalar taqdim etilgan.
«Pejo Sitroyen» guruhi yangi texnologiyalar, zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlarini taqdim qiladi hamda xodimlarni o‘qitadi. Zavod ishlab chiqarish va sifatni boshqarish bo‘yicha zamonaviy xarid, yetkazib berish va sotish tizimlariga muvofiq faoliyat yuritadi.
2018-yil 1-mayga qadar investitsiya loyihasi doirasida korxonaning qurilish-montaj ishlari amalga oshiriladi va shu bilan bir vaqtda loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqiladi. 2019-yilda korxona mahsulot ishlab chiqarishni boshlaydi.
Korxona yiliga 16 ming dona zamonaviy avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Mahsulot ichki bozordan tashqari yaqin va uzoq xorij davlatlariga ham eksport qilinadi.
Ishlab chiqarishning birinchi yilidan boshlab avtomobil butlovchi qismlari ishlab chiqaruvchi “O‘zavtosanoat” tizimidagi 30 ga yaqin yirik va 160 dan ziyod o‘rta va kichik korxonalarni jalb etish yo‘li bilan kamida 50 foiz mahalliylashtirish darajasini ta’minlash rejalashtirilmoqda.
UzPCA MChJ rasmiy dilerlarining chiqarilayotgan avtomobillarni ta’mirlash va servis bo‘yicha xizmatlari, jumladan, ehtiyot qismlar, uzellar, agregat va materiallar ishlab chiqarish hamda ularni savdo tarmog‘i orqali sotish qo‘shimcha qiymat solig‘isiz amalga oshiriladi.
Mamlakatimiz avtomobil sanoati rivojida yana bir muhim qadam bo‘ladigan yangi qo‘shma korxona aholi bandligini ta’minlashga ham salmoqli hissa bo‘lib qo‘shiladi. Yangi korxonada 600 dan ziyod ish o‘rni barpo etiladi.
Zavod quriladigan maydonda ish boshlandi. An’anaga ko‘ra, tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, xorijlik mehmonlar, quruvchilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida zavodning asosiy inshooti poydevoriga kelajakka bitilgan maktub solingan kapsula joylashtirildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov, Jizzax viloyati hokimi U.Uzoqov so‘zga chiqdi.