O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Registonda dunyo taronalari taraladi
2017-07-06 | Madaniyat
Samarqandda bu yil o‘n birinchi bor “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali o‘tkaziladi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 1997-yilda tashkil etilgan va har ikki yilda o‘tkazib kelinayotgan mazkur san’at anjumani dunyo xalqlarining milliy musiqa va qo‘shiqchiligi an’analarini asrab-avaylash, rivojlantirish, tili, madaniyati, urf-odatlari turlicha bo‘lgan millat va elatlarni san’at vositasida birlashtirish, insonlarni go‘zallik, nafosat va ezgulikka da’vat etishga xizmat qilayotgani bilan nufuzi oshib borayotir. Buni festivalda yer yuzining barcha qit’alaridan vakillar qatnashayotgani va ularning safi yil sayin kengayib borayotganida ham ko‘rish mumkin. Ilk “Sharq taronalari”da dunyoning 31 davlatidan san’at namoyandalari ishtirok etgan bo‘lsa, 2015-yilgi o‘ninchi festivalda 67 mamlakatdan vakillar qatnashdi. Bu yil ishtirokchilar safi yanada kengayishi kutilmoqda.
Shu kunlarda Samarqandda “Sharq taronalari” o‘n birinchi xalqaro musiqa festivaliga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Festivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Samarqand viloyati hokimligi ishchi guruhi tarkibi va tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Ushbu rejalarni amalga oshirish va tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida 18 guruh tashkil etildi. Bu guruhlar shaharni festivalga tayyorlash, ko‘chalarni bezatish, mehmonlarni kutib olish va kuzatishgacha bo‘lgan jarayonlarda ularga yuqori sifatli servis xizmati ko‘rsatish va boshqa tadbirlar yuzasidan ishlarni amalga oshirmoqda. Ularga tegishli yordam ko‘rsatish, kerakli axborotlar bilan ta’minlash, tayyorgarlik va festivalni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarni hal etish uchun viloyat hokimligi shtabi faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. Ishchi guruhlar faoliyati, amalga oshirayotgan ishlari shtab yig‘ilishlarida muhokama etilib, zarur taklif va tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.
Registon maydonida festivalning asosiy sahnasi o‘rnatilib, ochilish marosimiga tayyorgarlik ishlari boshlandi. Mirzo Ulug‘bek madrasasi, Samarqand hunarmandlar markazi va shahardagi muzeylarda “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali tarixiga oid fotosuratlar, milliy musiqa asboblari, tarixiy liboslar, tasviriy va amaliy san’at asarlari, milliy hunarmandlik mahsulotlari ko‘rgazmalari tashkil etish yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Tadbir ishtirokchilarining Samarqand shahri va Oqdaryo, Urgut, Tayloq, Samarqand, Jomboy, Pastdarg‘om, Payariq tumanlaridagi madaniyat va istirohat bog‘lari, bolalar musiqa va san’at maktablarida festivaldan tashqari konsert dasturi namoyish etishi uchun ushbu maskanlarda zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.
– Festival ishtirokchilari va mehmonlarini “Registon plaza”, “Regal palas”, “Registon”, “Nodir Samarqand”, “Ark Samarqand”, “Zilol Baxt” va boshqa mehmonxonalarga joylashtirish rejalashtirilgan, – deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari D.Berdiqulov. – Bunda ularning tili, madaniyati, an’ana va qadriyatlari e’tiborga olinib, shu asosda xizmatlar tashkil etiladi. Mehmonlarni ovqatlantirish uchun xalqaro standartlarga mos xizmat ko‘rsatadigan restoran va kafelar tanlangan. Bu maskanlarda tadbir qatnashchilari uchun milliy taomlarimiz bilan birga mehmonlarning buyurtmalari asosida taomlar tayyorlab beriladi.
Avvalgi yillar tajribasidan kelib chiqib, festival qatnashchilari va mehmonlariga Samarqand davlat chet tillar instituti professor-o‘qituvchilari va talabalari gid-tarjimon sifatida hamrohlik qilish uchun jalb etiladi.
– Ayni paytda 10 til bo‘yicha 100 nafar asosiy va 50 nafar zaxira gid-tarjimon saralangan, – deydi Samarqand davlat chet tillar instituti rektori I.To‘xtasinov. – Ularning 51 nafari professor-o‘qituvchi, 99 nafari talabadir. Tarjimonlarning yurtimiz tarixi va madaniyati, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati, ushbu festivalning tarixi va ahamiyati haqidagi bilimini oshirish maqsadida o‘quv-seminarlar o‘tkazilmoqda. Samarqanddagi tarixiy-madaniy obyektlarga sayohatlar uyushtirilib, har bir obidaning tarixi haqida aniq ma’lumotlar berilyapti. Samarqand viloyati iqtisodiyoti, madaniyati va boshqa sohalarga oid ma’lumotnomalar tarqatilgan.
Hademay Registonda yana turli millat va elatlar navolari yangrab, jahon ahlini musiqa va qo‘shiq sehri bilan bir-biriga yaqinlashtiradi, dillarni dillarga bog‘laydi.