O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston yoshlarining yangi tashkiloti

2017-06-30 | Siyosat

Toshkentdagi Simpoziumlar saroyida 30-iyun kuni O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyi bo‘lib o‘tdi.

Anjuman dasturi rang-barang tadbirlarga boy bo‘ldi. Qurultoy delegatlari O‘zbek Milliy akademik drama teatrida “Taqdir sinovlari” spektaklini tomosha qildi. “Shahidlar xotirasi” xiyoboni va “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Hazrati Imom majmuasini borib ko‘rdi. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji, Yakkasaroy tumanidagi 144-umumta’lim maktabida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Yoshlar ijod saroyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida akademiklar va yosh olimlar bilan uchrashdi. 

Qurultoy delegatlari Mustaqillik maydonida hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gullar qo‘ydi.

Simpoziumlar saroyida “Kamolot”ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlaridan saylangan delegatlar jam bo‘ldi. Qurultoy kun tartibiga qo‘yilgan masalalarning dolzarbligidan kelib chiqib, unda qatnashish uchun Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari taklif etildi. Shuningdek, videokonferensiya orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbariyati, mahalliy hokimliklar rahbarlari, hududlardagi yoshlar qatnashdi. 

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining qurultoyi ochiq, deb e’lon qilindi. 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. 

Qurultoyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. 

Delegatlar “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati negizida O‘zbekiston yoshlar ittifoqini tashkil etish taklifini ma’qulladi.

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Toshkent shahar kengashi raisi o‘rinbosari B.Mamadaliyev, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi raisi A.Daniyarov, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti magistranti O.To‘ychiyev, “Result” o‘quv markazi rahbari A.Sa’dullaev, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi M.Raimqulova, Sirdaryo viloyatidagi “Sarvinoz Sobirjonovna Fayzi” fermer xo‘jaligi rahbari S.Shokirova va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga yoshlarga qaratilayotgan alohida e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi navqiron avlod orasiga chuqur kirib boradigan muhim institutga aylanishini ta’kidladi. 

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi etib Qahramon Quronboyev saylandi.

 

Temur Qurbonboyev (surat), O‘zA

Manba: O'zA

Поделиться