O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Shavkat Mirziyoyev: ichki ishlar idoralarini xalqqa yaqinlashtirish aholining tinch va osuda hayotini ta’minlashga xizmat qiladi

2017-06-30 | Siyosat

Prezidentimiz Mirzo Ulug‘bek tumani ichki ishlar boshqarmasi 8-shahar ichki ishlar bo‘limi faoliyati bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari joriy yilning 9-fevral kuni ichki ishlar organlari faoliyati, tizimda mavjud muammo va kamchiliklar, istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida militsiya tayanch punktlari infratuzilmasini takomillashtirish, ichki ishlar organlari tizimini kompleks isloh qilish, uning tarkibiy tuzilmalarini optimallashtirish zarurligini ta’kidladi. 

Ana shu vazifalardan kelib chiqib, ichki ishlarni xalqimizga yanada yaqinlashtirish, jinoyat sodir etilishining oldini olish, profilaktika tadbirlarini kuchaytirish maqsadida poytaxtimiz tumanlari ichki ishlar boshqarmalari qoshida shahar ichki ishlar bo‘limlari tashkil etilmoqda. 

Mirzo Ulug‘bek tumani ichki ishlar boshqarmasi 8-shahar ichki ishlar bo‘limida voyaga yetmaganlar va yoshlar bo‘yicha inspektor, tezkor vakil, surishtiruvchi, pasport inspektori, profilaktika inspektori faoliyat ko‘rsatadi. Ichki ishlar bo‘limi sohaga oid eng zamonaviy komputer uskunalari bilan jihozlangan.  Bu Alisher Navoiy, Bobur,  Shukur Burhonov nomidagi, "Gulzor", "Yangi hayot", "Katta qorasuv", "Sho‘rtepa" mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashovchi 32 mingdan ortiq aholi osoyishtaligini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olishda o‘z samarasini beradi. Hudud aholisi turli masalalarda tuman ichki ishlar boshqarmasiga murojaat etmasdan shu yerda o‘z muammolarini hal qilishi mumkin. 

Prezidentimiz 8-shahar ichki ishlar bo‘limi xodimlari bilan muloqot qildi, zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ish jarayoni bilan tanishdi.  

Ichki ishlar idoralarini xalqqa yaqinlashtirishdan maqsad jinoyatchilikning oldini olish, uning asl sabablarini aniqlash, aholining huquq va erkinliklari, osuda va tinch hayotini ta’minlashdan iborat, dedi davlatimiz rahbari.   

Shu yerda "Avtokon" – avtomashinalarning davlat raqamlarini avtomatik aniqlash va qoidabuzarliklarni qayd etish maxsus apparatining taqdimoti o‘tkazildi. Yo‘l harakati inspektori mashinasiga o‘rnatiladigan ushbu maxsus qurilma qoidabuzarlik sodir etib, jarima to‘lamay yurgan transport vositalarini bevosita harakat jarayonida aniqlash imkonini beradi.   

Davlatimiz rahbari ushbu qurilmani yanada takomillashtirish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berdi.

 

Ziyodulla Jonibekov, O‘zA

Поделиться