O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qo‘mitada bo‘lib o‘tgan uchrashuv haqida
2017-06-29 | Jamiyat
Joriy yilning 28 iyun kuni qo‘mitada “Iyegova guvohlari” diniy tashkiloti delegatsiyasi – AQSh dagi boshqaruv Kengashi vakili K.Flodin va Yevropa birlashmasi vakili L.Trapanezelar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari O‘.Hasanboyev olib bordi. Uchrashuvda, shuningdek, qo‘mita konsultanti B.Qodirov va Chirchiq shahridagi “Iyegova guvohlari” diniy tashkiloti vakili N.Korolevlar ishtirok etdilar.
O‘zaro tanishuvdan so‘ng delegatsiya a’zolari O‘zbekistondagi diniy vaziyat va qo‘mita faoliyati bilan tanishtirildi. Jumladan, yurtimizda diniy erkinliklarning milliy qonunchiligimiz, xususan, Konstitutsiyamizning tegishli moddalari va O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonuni bilan mustahkamlangani alohida tilga olindi.
Uchrashuv davomida K.Flodin tashkil etilgan uchrashuv va berilgan ma’lumotlar uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Shuningdek, o‘z tashrifining asosiy sababi – tashkilot faoliyatiga oid masalalar muhokamasi ekanini aytib o‘tdi.
O‘tkazilgan suhbat nihoyasida delegatsiya a’zolari qabuldan mamnun ekanliklarini izhor etib, tomonlar kelgusida ham bu kabi muloqotni davom ettirish maqsadga muvofiqligini bildirdilar.
Uchrashuv o‘zaro hurmat ruhida bo‘lib o‘tdi.