O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonda bir yilda ikki marta sifatli pilla hosili yetishtiriladi
2017-06-29 | Iqtisodiyot
Pillachilik tarmog‘i ishchilari va pilla yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi kasanachilarning qonun hujjatlarida tasdiqlangan to‘liq bir mavsum ishlagan davrlari pensiya tayinlash uchun bir yil mehnat stajiga o‘tadigan mavsumiy ishlar va sanoatning mavsumiy tarmoqlari ro‘yxatiga kiritilgani soha xodimlarini quvontirdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori aholining ipakli kiyim-kechaklarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, bunday mahsulotlar bilan ichki va tashqi bozorni ta’minlashda yangi imkoniyatlar yaratishda muhim omil bo‘lmoqda.
2023-yilgacha tizimdagi korxona va tashkilotlarga soliq imtiyozlari va boshqa qator preferensiyalar berildi. Uyushma tarkibidagi tashkilotlar, ipak qurti urug‘ini ishlab chiqarish, pillani tayyorlash va qayta ishlash tashkilotlari olib keladigan pilla yigirish va ipak gazlama to‘qish dastgohlarining ehtiyot qismlari, tut daraxti ko‘chatlari, ipak qurtining superelita, elita va sanoat urug‘lari bojxona to‘lovlaridan, uy sharoitida tirik pilla yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi kasanachilar daromad solig‘i to‘lashdan ozod qilindi. Pillachilik tarmog‘iga jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga konsullik va boshqa yig‘imlar undirilmasdan kirish vizalari rasmiylashtiriladi, davlat boji undirilmasdan ko‘p martalik vizalar berish, muddatini uzaytirish, vaqtincha yashash joyida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish va muddatini uzaytirish amalga oshiriladi.
Ta’kidlash joizki, hozirgacha tizimdagi korxonalar pilla yetishtirish va ipak ishlab chiqarish bilan cheklanib qolgan edi. Ipak asosan xomashyo sifatida sotilgan. Biz Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida zanjirsimon tizimni amaliyotga tatbiq etdik. Bunda ipak qurti urug‘i tayyorlashdan mato va liboslar ishlab chiqarishgacha barcha jarayon uzviy ravishda tizimli bajariladi.
Tizimda klastr qilmoqchimiz. Bu so‘z ingliz tilidan olingan bo‘lib, uchta-to‘rtta yo‘nalishni bitta joyga jamlash degan ma’noni anglatadi. Avvallari ipak qurtini qayta ishlash korxonasi shartnoma asosida tuman pilla korxonasiga, u fermerga, fermer shartnoma bilan xonadonga berishi jarayonida turlicha narx va sarsongarchilik kelib chiqardi. Yangi tizimda bunday holatlarga chek qo‘yiladi. Urug‘chilik zavodi mahsulotni pilla korxonasiga berganda uning vakili jonlantirish jarayonida ishtirok etib, ipak qurtini xonadonlarga yoki ipak qurti boqish maxsus sexlariga tarqatishda ko‘maklashadi. Pilla o‘ray boshlagandan keyin qurt zavodi vakili zavodga qaytib ketadi. Ana shu tarzda hammamiz bir-birimiz bilan bog‘lanib, ishlashimiz kerak. «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi barchasiga bosh-qosh bo‘ladi va xonadonlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzadi.
Agar ipak qurtlari yaxshi boqilsa, undan yuqori navli pilla olish imkoniyati kengayadi. Shu bois tarqatilgan ipak qurti yuqori malakali mutaxassislar nazoratida boqilib, keyin xonadonlarga beriladi. Mutaxassislar har kuni xabar olib, pillakorlarga kerakli maslahatlarni berib turadi. Ana shunda qimmatli xomashyoni yo‘qotish kamayib, hosildorlik oshadi. Pilla boqish mavsumiy bo‘lgani uchun bunday maxsus qurtxonalar yonida keyinchalik qishloq xo‘jaligi ekinlari ekish, tayyor mahsulotni quritish yoki qayta ishlash sexlarini ishga tushiramiz. Negaki, tutzorlardan unumli foydalanish maqsadida tut qator oralarida turli xildagi sabzavotlar va dukkakli ekinlar yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.
Agar pillani yetti xazinaning biri, deb hisoblaydigan bo‘lsak, u o‘zining atrofiga yana beshta xazinani jamlagan. Misol uchun, tut bor joyda yer bo‘ladi, dehqonchilik rivojlanadi. Shunga mos ravishda chorva ko‘payadi. Xitoy tajribasiga murojaat qiladigan bo‘lsak, ular tutlarni kasalliklardan asrash va tuproqni minerallar bilan boyitish uchun tut plantatsiyalarida parranda boqadi. Natijada ekologik toza go‘sht yetishtiriladi. Yana bir gap. Tutda nektar bo‘lmasa-da, qator oralariga ekilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan asalari bol yig‘adi.
Agar har gektardagi tutzorda besh quti asalari oilasi parvarishlansa, bu ham qo‘shimcha daromad, ham yangi ish o‘rni demakdir. Oldimizda turgan ulkan rejalarimizdan biri joylarda «kumush tola» yetishtirish bilan birga qo‘shimcha tarmoqlarni ham rivojlantirishdir. Misol uchun, viloyatlarning iqlim sharoiti va odamlarning qiziqishi asosida Xorazmda qo‘ychilikni, Surxondaryoda chorvachilikni, Buxoroda asalarichilikni rivojlantirish loyihasi ishlab chiqildi. Bozorlarimizda shifobaxsh mahsulotlar qo‘payishi, eksport salohiyatining yanada ortishi bundan-da quvonarli.
Pillachilikda ulkan yutuqlarning bosh omili qisqa muddatli, ammo ko‘p mehnat talab qiladigan jarayon – yetarli miqdorda ozuqa jamg‘arish bilan bog‘liqdir. Shu bois «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi tutzorlarni rivojlantirish sharti bilan qayta ishlash korxonalariga bepul foydalanishga beradi. Shartimiz bir gektar tutzorda besh mingta tut bo‘lishini ta’minlash va ularning atrofida ipak qurtini boqish maskanlarini ishga tushirishdir. Shuning uchun biz tutzorlarni, ya’ni ozuqa bazasini tiklab, ipak qurti zavodlarini ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlab, zamonaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ysak, mamlakatimiz besh yildan keyin ipak ishlab chiqaruvchi, qayta ishlovchi va eksport qiluvchi davlatlar orasida dunyoda yetakchi o‘rinni egallaydi. Bunga, albatta, erishamiz. Sababi, O‘zbekistonda bu soha davlatimiz rahbarining e’tibori va nazoratida.
Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Buyuk Britaniya kabi davlatlarning shu sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlari bizga ishonchli hamkor sifatida qaramoqda. Bu pilla tolasini zamonaviy bozor tamoyillari asosida sotish, qayta ishlash va eksport hajmini oshirish, malakali mutaxassislarni tayyorlash, ularning manfaatlarini himoya qilishga oid ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish imkonini beradi.
Bu vazifalarni amalga oshirish uchun avvalo 2020-yilgacha har bir ipak qurti urug‘i yetishtiruvchi zavodda chet ellik investor ishtirokini ta’minlaymiz. Ana shunda tizimdagi har bir korxonada Xitoy, Yaponiya yoki Janubiy Koreyadan kelib, doimiy ishlaydigan ikkita xorijiy mutaxassis bo‘ladi. 2020-yilda bizga kerak bo‘ladigan ipak qurti urug‘ining kamida 50 foizini yurtimizda yetishtirishga erishamiz. Ayni vaqtda tizimda 230 ga yaqin korxona bo‘lib, uning sal kam qirqtasi qayta ishlash bilan shug‘ullanmoqda. Kelgusida xorijning malakali mutaxassislari bilan hamkorlik qilinsa, ularning imkoniyati yanada oshadi.
Bu yil 2016 yilga nisbatan 30 foiz ko‘p «kumush tola» yetishtirilmoqda. Kuzda ikkinchi marta ipak qurti boqiladi. Iqlimimiz issiq bo‘lgani uchun bahorda tut bargi 20 kunda, kuzda bir haftada qotadi. Shuning uchun bahordagi kabi katta miqdorda bo‘lmasa-da, kichikroq hajmda ipak qurti boqiladi.
Istiqbolda zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlanadigan mahsulotlarimiz yuqori sifati, xalqaro andozalarga mosligi, tabiiy sofligi va, eng muhimi, inson salomatligi uchun foydali jihatlari bilan xaridorlar e’tiborini tortishiga shubha yo‘q.