O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qorao‘zakda sement zavodi ishga tushirildi
2017-06-29 | Iqtisodiyot
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qorao‘zak tumanida mahalliy xomashyodan sement ishlab chiqaruvchi “Karakalpak sement” korxonasi ish boshladi.
Korxonaning ochilish marosimida Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil iqtisodiy islohotlar jarayonida qulay investitsiya muhiti yaratish, xorijiy sarmoyadorlarni keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Joylarda yirik ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilayotgani aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Umumiy investitsiya qiymati 40 million dollar bo‘lgan ushbu loyihaning birinchi bosqichida 17 million dollar miqdoridagi investitsiya o‘zlashtirildi. 200 dan ziyod aholining doimiy bandligi ta’minlandi.
– Korxonamizning umumiy quvvati yiliga 1,2 million tonna sement ishlab chiqarishga mo‘ljallangan, – deydi korxona direktori Anvar Shukurov. – Korxona uch bosqichda bunyod etiladi. Birinchi bosqich nihoyasiga yetkazildi, ikkinchi bosqich joriy yilning oxiriga qadar amalga oshiriladi. Ishlab chiqarish quvvati 2 barobar ortadi. Oxirgi bosqich 2018-yilda yakunlanib, qo‘shimcha 700 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish imkoni yaratiladi. Dastlabki ikki bosqichda mahsulot yangi texnologiya – vertikal pechdan foydalanilgan holda ishlab chiqariladi. Uchinchi bosqichda yanada unumdor bo‘lgan aylanma pechli liniya bunyod etiladi. Mahsulotni eksport qilish ham rejalashtirilgan.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi M.Erniyazov so‘zga chiqdi.