O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hokim yoshlar bilan uchrashdi
2017-06-27 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash hamda joylarda amalga oshirilayotgan siyosiy, huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlarning mazmun-mohiyatini yoshlarga to‘laqonli tushuntirish, yosh avlodni ushbu jarayonlarga keng jalb etish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazib kelinayotgan «Hokim va yoshlar» uchrashuvi viloyatimizda ham yuqori saviyada tashkil Darhaqiqat, bugun viloyatimizda yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi uchun 8 ta oliy ta’lim muassasasi, 161 ta kasb-hunar ta’limi maskani, akademik litsey hamda 1200 dan ortiq umumiy o‘rta ta’lim maktablari mavjud. Mazkur ilm dargohlari zarur o‘quv anjomlari bilan jihozlangan bo‘lib, malakali, oliy toifali o‘qituvchi hamda murabbiylar o‘quvchi va talabalarga ta’lim berib kelmoqda. Samarqand shahridagi muhtasham “Yoshlar markazi”, bir nechta sport majmualari, tuman va shaharlardagi yopiq hamda ochiq suzish havzalari, turli to‘garaklar o‘g‘il-qizlarning hech kimdan kam bo‘lmasdan voyaga yetishlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar samarasidir. Bugungi kunda yoshlarni ezgu maqsad va g‘oyalar atrofida birlashtirish, ularning tashabbus va intilishlarini ro‘yobga chiqarish, tengdoshlari bilan sog‘lom raqobat muhiti asosida ilmiy va texnikaviy kashfiyotlarni amalga oshirishda “Kamolot” Yoshlar ijtimoiy harakati asosiy o‘rin egallamoqda. Harakatning viloyatdagi 1693 dan ortiq boshlang‘ich tashkiloti tomonidan qariyb 325 mingdan ziyod shijoatli yoshlarning qamrab olingani bu boradagi maqsadlar istiqbolida muhim omil bo‘layotir.
«Hokim va yoshlar» uchrashuvlari doirasida dastlab barcha tuman va shaharlarda «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Kengashlarining ta’mirlangan binolari tantanali ravishda topshirildi. Paxtachi, Narpay, Urgut, Samarqand tumanlarida o‘tkazilgan shunday tadbirlarda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Turobjon Jo‘rayev ishtirok etib, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida yoshlar siyosatiga qaratilgan e’tibor, shu bilan birga bu boradagi islohotlar uzviy davom ettirilayotgani, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar aholi, ayniqsa, yoshlar kelajagi uchun ekanligini hamda mazkur uchrashuv yoshlarning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayoniga keng jalb etish, bunday tizimli ishlar samaradorligidan doimiy xabardorligini oshirishga xizmat qilayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi. Narpay tumanidagi yoshlar istiohat bog‘ida viloyat hokimi bilan tashkil qilingan ochiq muloqot tarzidagi uchrashuvda yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, soliq imtiyozlaridan foydalanish, shuningdek yoshlarni turli illatlardan himoya qilish, ular qalbida vatanparvarlik, fidoyilik kabi fazilatlarni shakllantirish borasidagi tadbirlar ta’sirchanligini yanada oshirish kabi masalalar ilgari surildi.
-Biz uchun alohida binoni berilgani narpaylik yoshlarni ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi, -deydi «Kamolot» YOIH Narpay tuman Kengashi raisi Shuhrat Madalov. –Bu yerda sardorlar uchun alohida xonalar ajratilgan. To‘garaklar faoliyatini olib borishi uchun tikuv mashinalari, ingliz tilini chuqur o‘rganish uchun esa multimediya jamlanmasi berildi. Endilikda biz uyushmagan yoshlarni ham ortimizdan ergashtirib, ezgu maqsadlar sari boshlashimiz lozim bo‘ladi.
Viloyat hokimligida tuman va shahar studiyalari bilan videomuloqot tarzida o‘tkazilgan uchrashuvda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Turobjon Jo‘rayev «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan amalga oshirilayotgan targ‘ibot tadbirlari, yoshlarimizning intilishi, tashabbus va iqtidorlarini ro‘yobga chiqarish, qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlarining samarasi haqida gapirib, bugun barchamiz asosiy e’tiborni uyushmagan yoshlarni ezgu maqsadlar sari birlashtirish, ularda mustaqil fikrlash qobiliyatini shakllantirishga qaratishimiz zarurligini alohida ta’kidladi. O‘z navbatida yoshlar ham o‘zlarini qiziqtirgan savollar, muammolar yechimi yuzasidan hokim va boshqa mutassadilarga murojaat qilib, tegishli javoblar olishdi.
Tadbirlar doirasida o‘qishda, sportda, jamoat ishlarida faol ishtirok etib kelayotgan yoshlarga viloyat hokimligining tashakkuronomalari va «Kamolot» a’zoligiga qabul qilinganligi munosabati bilan nishonlar tantanali topshirildi.