O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Poytaxtimizda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi
2017-06-27 | Jamiyat
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida hayotimizning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ommaviy axborot vositalari xodimlaridan yanada faol, hozirjavob, tashabbuskor bo‘lishni, mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarini chuqur tahlil asosida yoritishni talab etmoqda.
O‘zbek Milliy akademik drama teatrida 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda ana shu jihatlarga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari, faxriy jurnalistlar, noshirlar, matbaachilar, oliy o‘quv yurtlarining jurnalistika fakultetlari professor-o‘qituvchilari va talabalari taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga bayram tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi X.Sultonov o‘qib eshittirdi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi S.Hakimov, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi R.Qurbonov, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti dekani A.Matyoqubov va boshqalar istiqlolning dastlabki kunlaridan boshlab Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda milliy media sohasini ravnaq toptirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, matbuotni chinakam erkin fikr minbariga aylantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilganini ta’kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalq bilan samimiy va ochiq muloqot o‘rnatish, odamlarni o‘ylantirayotgan masalalarga o‘z vaqtida yechim topish, jamiyat hayotining barcha jabhalarida kechayotgan islohotlarni sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish, yurtdoshlarimizning tinch va osoyishta, to‘kin va farovon hayot darajasini yangi mazmun bilan boyitish, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish borasida olib borilayotgan ezgu ishlar matbuot xodimlari zimmasiga ham yangi-yangi vazifalarni qo‘ymoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishi uchun keng sharoitlar yaratish, mamlakatimizni modernizatsiyalashning yangi istiqbollarini belgilab berdi.
Mazkur hujjatda belgilangan vazifalar asosida jamiyatda ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish, jurnalistlar faoliyatini himoya qilish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga oid axborotni taqdim qilishning zamonaviy shakllari joriy etilmoqda.
Media sohaga ko‘rsatilayotgan e’tibor natijasida barcha turdagi ommaviy axborot vositalarida tayyorlanayotgan materiallardagi o‘ziga xos ijodiy, tanqidiy-tahliliy yondashuv, media mahsulotlar sifatini tobora yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Matbuot va ommaviy axborot vositalariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ularning kasb salohiyatini yuksaltirish, xalqimizni tezkor, xolis va haqqoniy axborotlar bilan ta’minlash yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlarining matbuot xizmatlari bilan ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha keng qamrovli loyihalar hayotga joriy etilmoqda.
Prezidentimizning 2017-yil 12-yanvardagi "Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida"gi farmoyishi nashriyotlar faoliyatini davr ruhiga mos yo‘lga qo‘yish, noshirlik ishining yanada rivojlanishi, yoshlarda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan "Yilning eng faol jurnalisti" ijodiy tanlovi g‘oliblariga diplom va sovg‘alar topshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi tomonidan ta’sis etilgan "Eng faol sport jurnalisti" respublika tanlovi g‘olib va sovrindorlari ham taqdirlandi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar matbuotimiz rivoji yo‘lida ko‘rsatilayotgan e’tibor, matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlarining mehnatini rag‘batlantirish borasidagi g‘amxo‘rligi uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.
– Bugun har qachongidan ham ko‘proq g‘ayrat, qat’iyat, shijoat, ijodiy izlanish bilan mehnat qiladigan vaqt, – deydi "Toshkent" telekanali muharriri, "Yilning eng faol jurnalisti" tanlovi g‘olibi Ulug‘bek Rahmonqulov. – Mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari xodimlarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, mehnatini e’zozlash doimiy e’tiborda. Bildirilgan yuksak ishonchga munosib bo‘lish, zimmamizdagi mas’uliyatni teran anglash, Vatan, xalqimiz manfaatlari yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilishni asosiy burchimiz, deb bilamiz.
Tadbirda O‘zbek Milliy akademik drama teatrining "Mirzo Ulug‘bek" spektakli namoyish etildi.
* * *