O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Ramazon hayiti kuni bemorlar holidan xabar oldi

2017-06-26 | Siyosat

Ramazon oyi ma’naviy-ruhiy hayotimizda, jamiyatimizdagi o‘zaro ahillik va mehr-oqibat muhitini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega. Xalqimiz azal-azaldan ushbu muborak kunlarda o‘zgalarga alohida mehr-muruvvat ko‘rsatgan, bemorlar holidan xabar olgan, ko‘makka muhtoj insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlagan. Bu an’ana mamlakatimizda olib borilayotgan kuchli ijtimoiy himoya siyosatiga ham uyg‘undir. 

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 20-iyundagi “Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga binoan ushbu ayyom ezgulik, xayru saxovat ruhida o‘tmoqda. Keksalar, bemorlar holidan xabar olinmoqda. 

Ana shu an’anaga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-iyun kuni Toshkent shahar ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasini borib ko‘rdi. 
      
Toshkent shahar ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasi 1896-yilda qurilgan. Shifoxonada kasalliklar turi, davolash usullari, bemorlar holatiga ixtisoslashgan 18 bo‘lim tashkil etilgan. Klinik-biokimyo laboratoriyasi, rentgen, UTT, ensefalografiya, ekspertiza xonalari zarur vosita va malakali mutaxassislar bilan ta’minlangan. Shifoxona Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining ruhiy kasalliklar kafedralari uchun klinik baza hisoblanadi. 
      
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 25-iyuldagi ruhiy-tibbiy xizmat faoliyatini takomillashtirishga oid qaroriga muvofiq, shifoxonada qurilish-rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. 2015-2016-yillarda 4 yangi bino foydalanishga topshirildi. Ikki qavatli yana bir korpus qurilmoqda. 
       
Prezidentimiz shifoxona eski binolarini yangilash borasidagi loyihalar bilan tanishdi. Bemorlarga yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. 
        
Bemorlarga munosib sharoitlar yaratish kerak, dedi davlatimiz rahbari. Shifoxonaning tashqi va ichki ko‘rinishini tartibga keltirish, bu yerda ishlayotgan tibbiyot xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, xususan, ularni uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Muruvvat” uyida ham bo‘lib, bemorlar uchun yaratilgan sharoit bilan tanishdi. 

Internat uyi 1979-yilda qurilgan. 

Bugungi kunda bino va uning konstruktiv elementlarining texnik holati ta’mirtalab. Davlatimiz rahbariga mazkur internat hududini kengaytirish va qo‘shimcha binolar qurish loyihasi haqida ma’lumot berildi. 

Internatda ruhiy kasal nogiron erkaklar davolanadi. 

Ulug‘ ayyom kunlari bunday savob ishlarni qilish, bemorlar holidan xabar olish har birimizning e’tiborimizda bo‘lmog‘i zarur, dedi davlatimiz rahbari.  

Prezidentimiz mazkur shifoxona hududi yonida qo‘shimcha qurilish ishlari olib borish, kasalliklarning turiga qarab alohida binolar qurish va joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

Поделиться