O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yozgi ta’tiling maroqli o‘tsin, bolajon!
2017-06-16 | Jamiyat
Xorazm viloyati Xonqa tumanida “Jayxun quyoshi” oromgohi ish boshladi.
Oromgohning ochilish marosimida Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlodning har tomonlama barkamol voyaga yetishi, xususan, umumta’lim maktablari o‘quvchilarining puxta bilim olishi, yozgi ta’til davrini mazmunli va maroqli o‘tkazishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratilayotgani alohida ta’kidlandi.
Joriy yilda viloyatda 11 ming 420 o‘quvchini dam oldirish ko‘zda tutilgan. Ularning 1 ming 250 nafari Toshkent viloyati, 10 mingdan ortig‘i viloyatdagi oromgohlarda hordiq chiqaradi.
– Bolalarning yozgi ta’til mavsumini yuksak saviyada tashkil etish, oromgohlarni tayyorlash va dam oluvchilar uchun har tomonlama qulay sharoit yaratish borasida zarur chora-tadbirlar ko‘rildi, – deydi viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi o‘rinbosari K.Bekjonov. – Bugun ish boshlagan “Jayxun quyoshi” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi yozgi ta’til mavsumida ming nafar bolani dam oldirish imkoniyatiga ega. Bu yerda bolalarning har bir kuni maroqli o‘tishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
“Chinobod-qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan oromgohda 11 milliard 400 million so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi. Barcha bino va qurilmalar zamonaviy inventarlar bilan ta’minlandi. Oromgoh kutubxonasi badiiy adabiyotlar bilan boyitildi. Suzish havzasi, sport maydonchalari bolalar ixtiyoriga topshirildi.
– Bir kunda juda ko‘p do‘stlar orttirdim, – deydi shovotlik Humoyun Qurbonov. – Ovqatlari juda mazali ekan. Ayniqsa, turli mevalardan tayyorlangan sharbatlar jonu dilim. Qiziqishimizga qarab ingiliz tili, qandolatchilik, komputer saboqlari, tikuvchilik, ekologiya, rasm chizish, tennis, voleybol, futbol va boshqa to‘garaklarga qatnashimiz mumkin. Men ingliz tili bilan futbolni tanladim. Rasm chizishga ham qiziqaman. Bu yerda olgan taassurotlarimni sinfdoshlarimga, ota-onamga gapirib beraman.
Tadbirda Xorazm viloyati hokimi P.Bobojonov so‘zga chiqdi.