O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Sudyalar qasamyod qabul qildi

2017-06-14 | Jamiyat

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq sohada tub islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu asosda 2017-yil 1-iyundan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi birlashtirilib, fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasidagi sud hokimiyatining yagona oliy organi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tashkil etildi. 

Yangi ish boshlagan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining qaroriga muvofiq birinchi marotaba lavozimga tayinlangan fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha tumanlararo, shahar va tuman sudlari sudyalarining qasamyod qabul qilish marosimi o‘tkazildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilov va boshqalar mamlakatimizda sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlash yo‘lida tub islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Sudlar faoliyati samaradorligi va nufuzini oshirish maqsadida sud tuzilmasi hamda sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash va tayinlash tizimi takomillashtirildi. 

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining 2017-yil 7-iyundagi qarori bilan ilk bor besh yillik muddatga sudyalik lavozimiga tayinlangan 15 sudyaning qasamyodi eshitildi. 

"Men zimmamga yuklatilgan vazifalarni halol va vijdonan bajarishga, odil sudlovni faqat qonunga bo‘ysungan holda amalga oshirishga, sudyalik burchim va vijdonim buyurganidek beg‘araz, xolis va adolatli bo‘lishga tantanali qasamyod qilaman!". 
Xalqimiz manfaatlariga mos bo‘lgan, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashga zamin yaratuvchi, adolatli huquqiy davlatning zaruriy sharti aks etgan bu qasamyodni har bir sudya zimmasiga yuklanayotgan yuksak mas’uliyatni his etgan holda hayajon bilan qabul qildi. 

– Davlatimiz bayrog‘i ostida tantanali ravishda qasamyod qabul qilish hayotimdagi eng unutilmas kun bo‘ldi, – deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyati Norin tumani sudining raisi Jasurbek Qurbonov. – Bu yuksak sharaf bo‘lishi bilan birga, ulkan mas’uliyat hamdir. Ish faoliyatimizda qasamyodga sodiq holda fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlashda faqat adolat mezoniga tayanamiz. 

– O‘g‘limning sudyalik qasamyodini eshitayotganimda o‘zimni dunyodagi eng baxtli onalardan biri deb his etdim, – deydi namanganlik Musharraf Sobirova. – Chunki farzand kamolini ko‘rish, uning xalq manfaati yo‘lida mas’uliyatli vazifaga kirishishiga guvoh bo‘lishni hamma ona orzu qilsa kerak. Men farzandim o‘z qasamyodiga sodiq qolishiga, Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz manfaati yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qilishiga ishonaman. 

Qasamyod qabul qilgan sudyalarga guvohnoma va «Sudyalar odob-axloqi qoidalari» kitobi topshirildi.

 

Norgul Abduraimova,O‘zA

Поделиться