O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Ma’rifiy hamkorlik rivojlanmoqda

2017-06-14 | Jamiyat

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida "Ilm va ta’lim yo‘lidagi hamkorlik – taraqqiyot mezoni" mavzuida davra suhbati tashkil etildi.

Unda mazkur oliy o‘quv yurti hamda AQShning Kaliforniya universitetidan kelgan professor va talabalar ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Milliy universiteti prorektori D.Jumaboyev va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlarning puxta bilim olishi, manfaatlarini to‘laqonli ta’minlash yuzasidan tizimli chora-tadbirlar hayotga keng joriy etilayotganini ta’kidladi. Bu jarayonda oliy ta’limni sifat va mazmun jihatdan yangi, yanada yuqori bosqichga olib chiqish, o‘quv dargohlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yurtimiz va xorijiy oliy ta’lim maskanlari o‘rtasidagi hamkorlikni tobora mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

O‘zbekiston Milliy universiteti xorijiy davlatlardagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar bilan uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Jumladan, AQShning qator universitetlari bilan o‘rnatilgan aloqalar ilmiy izlanishlarning qamrovini yanada kengaytirish, ta’limdagi ilg‘or tajribalarni tahlil etish, professor-o‘qituvchilar, talabalar almashinuvini ta’minlash imkonini bermoqda. 

Mazkur universitetda tahsil olgan Zoir Ibrohimov 1990-yilda AQShning Michigan universitetiga yosh tadqiqotchi-olim sifatida taklif etilgan. Matematik tahlil bo‘yicha ilmiy izlanishlari xalqaro miqyosda e’tirof etilgan yurtdoshimiz 2012-yilda Italiyaning Anassilaos Prize xalqaro mukofoti bilan taqdirlangan. Hozir o‘zbek matematigi Kaliforniya universitetida talabalarga saboq bermoqda. 

– O‘zbekistonning matematikaga oid boy ilmiy maktabi xalqaro miqyosda ham yuqori e’tirof etilgan, – deydi professor Z.Ibrohimov. – Milliy universitet va Kaliforniya universiteti o‘rtasidagi hamkorlik bir necha yillardan buyon izchil davom etmoqda. Endilikda bu aloqalar yanada kengaydi. Bu o‘quv-ilmiy munosabatlar ikki mamlakat olimlari o‘rtasida matematika fani bo‘yicha konferensiyalar o‘tkazish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. 

– Al-Xorazmiy Vatani bo‘lgan bu tabarruk diyorga kelish men uchun katta sharaf, – deydi Kaliforniya universiteti talabasi Ves Vayting. – Shuni sezdimki, mamlakatingizda talabalikning ilk bosqichidanoq matematikaga oid turli mavzular keng o‘zlashtirilar ekan. O‘zbekiston go‘zal, betakror yurt sifatida menda katta taassurot qoldirdi. 

Bu galgi stajirovka davomida xorijlik talabalar O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi V.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti olimlari izlanishlari bilan tanishadi. 
 

* * * 


Shu kuni universitetning Axborot-resurs markazida kitobxonlikka doir "So‘z qudrati" ijodiy ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Ilk bosqichi aprel oyida boshlangan mazkur tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad yigit-qizlarning badiiy adabiyotga qiziqishini yanada kuchaytirishdan iboratdir. 

Tanlov natijasiga ko‘ra universitetning geologiya va geografiya fakulteti to‘rtinchi kurs talabasi Dilshod Panjiyev birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin biologiya fakultetining birinchi kurs talabasi Muazzam Sayidaliyevaga nasib etdi. Ijtimoiy fanlar fakultetining to‘rtinchi kurs talabasi Ulug‘bek Mansurovga uchinchi o‘rin berildi.

 

Nazokat Usmonova, O‘zA

Поделиться