O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Muammolar yechimi belgilandi
2017-06-14 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumanida bo‘lib, hududni rivojlantirish borasidagi eng muhim vazifalar ijrosi bilan tanishdi, xalq bilan muloqot o‘tkazdi.
Parlament a’zolari tomonidan tumandagi ahvolni o‘rganish natijalari xalq deputatlari To‘rtko‘l tumani Kengashining navbatdagi sessiyasida muhokama etildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan saylangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari, tuman kengashi deputatlari, korxona-tashkilot va tadbirkorlik subyektlari rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari 10 kun davomida tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mamlakatimizda qabul qilinayotgan qonun va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlash, fermer xo‘jaliklari va tadbirkorlik subyektlari, sog‘liqni saqlash, ta’lim muassasalari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish, huquqni muhofaza qilish va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish idoralari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
– Tumanda hududni kompleks rivojlantirish dasturi asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zumrad Bekatova. – Parlament a’zolari Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga aholining munosabatini aniqlash, ularni o‘ylantirayotgan muammolarni hal etishga ko‘maklashish maqsadida tumandagi 22 mahalla va ovul fuqarolar yig‘inlaridagi 378 xonadonda bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tumandagi Xalq qabulxonasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari fuqarolarning murojaatlarini tingladi. Yil boshidan buyon bu yerga kelib tushgan 72 murojaatning 52 tasi hal etilgan.
Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida olib borilayotgan ishlar atroflicha tahlil etildi, ko‘rsatilayotgan xizmat sifati va dori-darmon vositalari bilan ta’minlanish darajasi o‘rganildi. Birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish muassasalari uchun umumiy amaliyot shifokorlari yetishmaydi, tibbiyot birlashmasida dori-darmon bilan ta’minlanish darajasi 47 foiz, qishloq vrachlik punktlarida esa bu ko‘rsatkich 38 foizni tashkil etadi, xolos. Birlashmaning ayrim bo‘limlarida zamonaviy tibbiyot uskunalari yetishmaydi. Mavjud 20 “Tez yordam” avtomobilining 5 tasi ta’mirtalab, oilaviy poliklinika shifokorlarining qabuli reja asosida tashkil etilmagan.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov bu muammolarni bartaraf etish uchun patronaj xizmatini yaxshilash, shifokorlarning malakasini oshirish, aholiga yuqori va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni ta’minlash, quyi bo‘g‘in xodimlaridan tortib rahbarlargacha ishga yangicha yondashishi zarurligini ta’kidladi.
Parlament a’zolari tomonidan tumandagi 63 ko‘p qavatli uy-joyga xizmat ko‘rsatuvchi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyati qoniqarsiz ahvolda ekani aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘layotgani ta’kidlandi. Aholi bandligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan muassasalarning ish samaradorligi talab darajasida emasligi, kommunal to‘lovlardagi kamchiliklar, huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlari 114 tadan 155 ga o‘sgani tanqid qilindi.
Bildirilgan taklif-mulohazalar, muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.