O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qonun va adolat ustuvorligini ta’minlash – barcha ezgu maqsadlarimizga erishishning eng muhim sharti
2017-06-14 | Siyosat
Shu yil 13-iyun kuni Toshkent shahrida sud organlari tizimida odil sudlovni ta’minlash borasidagi ishlarning ahvoli, muammolar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari rahbarlari, Bosh vazir, Sudyalar oliy kengashi a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, mamlakatimiz huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari, viloyat, tuman va shahar sudlari sudyalari ishtirok etdi. Videokonferensiya aloqasi orqali yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimlari, huquq-tartibot idoralarining hududiy bo‘linmalari rahbarlari, faxriylar, jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Davlatimiz rahbari adolat xalqimiz uchun azal-azaldan tinch va farovon hayot mezoni, barcha ezguliklar manbai bo‘lib kelgani, Sohibqiron Amir Temur bobomiz “Kuch – adolatda” degan hikmatga amal qilib, davlat boshqaruvini tashkil qilish, el-yurtning tinchligi va obodligini ta’minlashga erishganini qayd etib, bugungi kunda mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat, fuqarolik jamiyati barpo etishda qonun va adolat ustuvorligini ta’minlash eng muhim vazifa bo‘lib qolayotganini ta’kidladi. Bu borada davlat hokimiyatining mustaqil tarmog‘i bo‘lgan sud tizimining o‘rni va ahamiyati g‘oyat katta. Bu haqiqatni biz bugungi kunda, mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida tobora chuqur his etmoqdamiz, dedi Prezidentimiz.
Yig‘ilishda istiqlol yillarida mamlakatimizda sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash va nufuzini oshirish, uni ilgarigi jazolovchi organdan inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qiladigan, jamiyatdagi demokratik o‘zgarishlarning muhim vositasi bo‘lgan institutga aylantirishga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirilgani qayd etildi. Bu borada hali o‘z yechimini topmagan kamchilik va muammolar atroflicha tahlil qilinib, muhim amaliy xulosalar chiqarildi.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini oshirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish sud-huquq sohasidagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilangan. Harakatlar strategiyasi amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan Konstitutsiyamizning 7 moddasiga sud-huquq sohasidagi islohotlar bilan bog‘liq prinsipial o‘zgartishlar kiritilgani, sudyalikka nomzodlarni tanlash va lavozimga tayinlash tizimini tubdan takomillashtirish, yuqori malakali sudyalar korpusini shakllantirish maqsadida sudyalar hamjamiyatining yangi organi – O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashkil etilgani bu yo‘nalishdagi islohotlar izchil davom ettirilayotganining tasdig‘i sifatida e’tirof etildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sud hokimiyatining fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy sudlov sohasida yagona oliy organi sifatida davr talablari asosida yangidan shakllantirilgani, odil sudlovning mazmun-mohiyatiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan holat – sudlar tomonidan jinoyat ishlarini qo‘shimcha tergovga qaytarish amaliyotiga chek qo‘yilgani tizim rivoji yo‘lida muhim qadam bo‘lgani qayd etildi.
Ayni paytda qo‘lga kiritilgan natijalar bilan kifoyalanib qolmasdan, soha rivojiga tanqidiy yondashish, hayotning o‘zi oldimizga qo‘yayotgan bir-biridan muhim va dolzarb vazifalarni samarali hal qilish yo‘llari va mexanizmlari haqida bildirilgan aniq takliflar, amaliy tashabbuslar asosida sud idoralari, sudyalar faoliyatini butunlay yangicha asosda, samarali tashkil etish lozimligiga alohida e’tibor qaratildi.
Keyingi paytda mamlakatimiz fuqarolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasiga bo‘layotgan murojaatlarning katta qismi aynan sud idoralari va sudyalar faoliyati bilan bog‘liq ekani bu yo‘nalishda ko‘plab muammolar mavjudligidan dalolat beradi, dedi davlatimiz rahbari.
Sud tizimida adolat tamoyillariga nechog‘li rioya qilinayotgani haqida atroflicha to‘xtab o‘tildi.
Asosiy maqsadimiz, dedi Shavkat Mirziyoyev, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish orqali xalqimizning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini qat’iy mustahkamlash, sudni tom ma’noda “Adolat qo‘rg‘oni”ga aylantirishdan iboratdir.
Bugungi kunda xalqimiz kutayotgan adolatli qarorlar qabul qilishga har tomonlama qodir, irodasi mustahkam, yuksak kasb va ma’naviy fazilatlarga ega bo‘lgan sud xodimlari tarkibini shakllantirish eng muhim vazifa bo‘lib qolmoqda. Shu ma’noda o‘z sohasini yaxshi bilmaydigan, puxta kasb va hayot tajribasiga, yuksak ma’naviy-axloqiy saviyaga ega bo‘lmagan yurist kadrlar hech qachon sudya lavozimiga tayinlanmasligi kerak.
Yig‘ilishda adolat va ma’naviyat – o‘zaro chambarchas bog‘liq tushunchalar ekani, ma’naviyat bo‘lmagan joyda hech qachon adolat bo‘lmasligi, shuning uchun ham sudyalar, yurist kadrlarni tayyorlash va sudyalik lavozimiga tayinlashda bu masalaga alohida e’tibor qaratish lozimligi uqtirib o‘tildi.
Aynan ma’naviy fazilatlarning yetishmasligi tufayli ayrim sudyalar o‘rtasida qonunga zid harakatlar sodir etish, nopoklik, ta’magirlik, odamlarning dardu tashvishlariga loqayd qarash, adolat mezonlariga xilof ravishda qarorlar qabul qilish holatlari uchrab kelayotgani qattiq tanqid qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sobiq rahbarlari aynan ana shunday o‘ta muhim masalalarga vaqtida e’tibor qaratmagani tufayli sohada jiddiy kamchilik va muammolar vujudga kelgani afsuslanarli holat ekani ta’kidlandi. Oliy sudning yangi rahbarlari oldiga bunday kamchilik va muammolarni tezlik bilan bartaraf etish, sud organlari va sudyalar faoliyatini qonun va adolat talablari asosida samarali tashkil etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.
Ayniqsa, fuqarolarning sud idoralarida sarson-sargardon bo‘lishining oldini olish, ishlarni o‘z vaqtida ko‘rmasdan, odamlarni ovora qilgan sud xodimlariga munosib baho berish zarurligi qat’iy ta’kidlandi. Shu maqsadda ilgari surilgan muhim bir fikr – har bir sudya tomonidan aholi bilan joylarda bir oyda kamida bir marta ochiq muloqotlar tashkil etish haqidagi taklif ishtirokchilar tomonidan to‘liq ma’qullandi.
Sudya lavozimida faoliyat ko‘rsatayotgan sud xodimlari o‘z faoliyati yuzasidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida axborot berishi bilan bog‘liq amaliyotni yo‘lga qo‘yish vaqti kelgani qayd etildi. Bundan buyon sudyalar faoliyatiga, birinchi navbatda, xalqning o‘zi baho beradi, dedi davlatimiz rahbari.
Yig‘ilishda sudyalarni kasbga tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish masalasi ham atroflicha muhokama qilindi. Prezidentimiz tomonidan bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida ixtisoslashgan o‘quv muassasasi – Odil sudlov akademiyasini tashkil etish haqida bildirilgan taklif yig‘ilish qatnashchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Tadbirda yana bir muhim taklif – xalq oldida obro‘-e’tibor qozongan sudyalarning hayot yo‘li, odil sudlovni amalga oshirishdagi ijobiy tajribalarni ommalashtirish uchun “Sudyalar klubi” va “Sud himoyasida” ruknlari ostida markaziy telekanallar va gazetalarda muntazam ravishda turkum ko‘rsatuv va maqolalar e’lon qilib borish haqida amaliy fikr ilgari surildi va yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan ma’qullandi.
Huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida bu boradagi ishlarni mahalla, korxona va tashkilotlarda sayyor sud majlislarida ko‘rish ko‘lamini kengaytirish, sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, jumladan, elektron sud stenografiyasi, videokonferensaloqani keng joriy etish, sud qarorlari ijrosini so‘zsiz ta’minlovchi idoralararo elektron ma’lumot almashish tizimini shakllantirish, odil sudlovni amalga oshirish jarayonini doimiy o‘rganib, muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ularni bartaraf etish masalalari ham muhokama qilinib, ularning har biri bo‘yicha aniq tavsiya va amaliy ko‘rsatmalar berildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik bugungi kunda davlat boshqaruvi organlarida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha insonlar qatori sudyalar faoliyatining ham kundalik qoidasi bo‘lib qolishi zarurligini alohida ta’kidladi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan sud organlari xodimlari, davlat boshqaruvi idoralari rahbarlari, jamoatchilik vakillari mamlakatimizda sud-huquq sohasi rivoji yo‘lida ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, bugungi yig‘ilishda har tomonlama chuqur asoslab berilgan dolzarb vazifalarni amalga oshirish borasida o‘zaro hamjihatlikda, samarali ish olib borish va belgilangan maqsadlarga erishish O‘zbekiston sudyalar hamjamiyati, sud-huquq tizimida xizmat qilayotgan barcha xodimlarning g‘oyat mas’uliyatli va sharafli vazifasi ekanini ta’kidladi.
Yolqin Shamsiddinov (surat), O‘zA