O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashining sessiyasi
2017-06-13 | Jamiyat
2017 yil 13 iyun kuni xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Nigmatovich Aripov qatnashdi va O‘zbekiston Respublikasi Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Samarqand faollariga, deputatlariga bildirgan fikrlari, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish borasidagi xato va kamchiliklarga to‘xtaldi.
Bundan tashqari, 2017 yilning mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingani munosabati bilan bu borada mahalliy hokimlik va boshqaruv organlari oldida turgan vazifalarga alohida e’tibor qaratdi. Rahbarlarning xalq ichiga kirib, aholi bilan samimiy muloqot qilishi, ularning dardu tashvishlarini tinglab, muammolarga yechim topishi xalqimizning davlatdan rozi bo‘lishi va turmushi farovonligiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Shu paytgacha viloyat hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Okbutayev Ximmat Kuchkarovichni vazifasidan ozod etish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tavsiyasiga binoan Jo‘rayev Turobjon Ikromovich Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tasdiqlandi.
«Zarafshon» gazetasi bosh muharriri Farmon Toshev, «Nuroniy» jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Hasan Normurodov va Samarqand shahridagi 21-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Sayyora Melikova qayd etilgan kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi farovonligini oshirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solib, mehnat qilishlarini bildirdilar.