O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Seulda O‘zbekiston sayyohlik salohiyati namoyish etildi
2017-06-07 | Turizm
Mamlakatimizning Janubiy Koreyadagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil qilingan tadbirda yetakchi sayyohlik kompaniyalari, vazirlik va idoralarning ikki yuzdan ortiq vakili qatnashdi.
Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, yurtimizga kelayotgan sayyohlar oqimini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi davlat dasturlariga muvofiq hududlarda turizmning zamonaviy infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda, yangi sayyohlik yo‘nalishlari ishlab chiqilib, buning uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish, yuksak xalqaro standartlarga mos keladigan tegishli infratuzilmani takomillashtirish va modernizatsiya qilish, yurtimizga kelayotgan mehmonlar uchun xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash va qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha bajarilayotgan keng ko‘lamli ishlar xususida batafsil ma’lumot berildi.
O‘zbekiston xalqining bebaho me’moriy yodgorliklari va boy madaniy merosini asrab-avaylash, ekologik, ekstremal, ov qilish, gastronomik, davolash-sog‘lomlashtirish turizmi, alpinizm, baliq ovlash, bayking kabi turli dam olish va ko‘ngilochar tadbirlar uyushtirish, Muynoq tumanida xalqaro turistik klaster tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi.
Koreya Respublikasi Turistik agentliklar assotsiatsiyasi raisi Yang Mu Song mazkur tadbir Janubiy Koreyaning turistik kompaniyalari va jamoatchiligi vakillariga O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatlari, jahonga mashhur arxitektura yodgorliklari va turfa madaniyati bilan tanishish imkonini berganini ta’kidladi.
– O‘zbekiston turizmni rivojlantirish uchun ulkan madaniy-etnografik, shuningdek, tarixiy salohiyatga ega, – dedi Yang Mu Song. – Bunday tadbirlar O‘zbekiston nufuzini yanada oshirish va Janubiy Koreyadan mamlakatingizga sayyohlar oqimining ko‘payishiga xizmat qiladi. Janubiy Koreya fuqarolarining O‘zbekistonga sayohat qilishini ko‘paytirish uchun sa’y-harakatlarni faollashtiramiz.
Koreys tilida namoyish etilgan “O‘zbekistonga yo‘l” filmi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Film orqali mehmonlar O‘zbekistonning boy tarixiy, madaniy va me’morchilik merosi, mamlakatimizda mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar, turizm infratuzilmasini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumotga ega bo‘ldi.
– Milliy an’ana hamda jadal taraqqiyotni o‘zida mujassam etgan O‘zbekiston Osiyo va Yevropani birlashtiradigan Buyuk ipak yo‘lining markazi hisoblanadi, – dedi Sejong universiteti professori Yung Ju An. – O‘zbekiston bilan Janubiy Koreyani ming yillik tarixiy rishtalar bog‘lab turibdi. Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabzning ko‘plab tarixiy-madaniy obyektlari YuNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgani O‘zbekistonning jahon sayyohlik bozorida katta mavqega ega ekanidan dalolat beradi.
Tashkil etilgan fotoekspozitsiyada ishtirokchilar yurtimiz tabiatining betakror go‘zalligi va xilma-xilligi, qadimiy shaharlari, noyob arxitektura yodgorliklari, diqqatga sazovor joylari va mamlakatimizning bugungi taraqqiyoti ko‘rsatkichlari bilan tanishdi. O‘zbekiston xalqining boy madaniyati va an’analarini ochib bergan amaliy-bezak san’ati buyumlari namoyishi ham ishtirokchilar e’tiborini tortdi.
– Kompaniyamiz O‘zbekiston bilan ko‘p yillardan buyon hamkorlik qilib kelmoqda, – deydi «Lotte Hotel & Resorts» kompaniyasi vitse-prezidenti Pak Je Xong. – O‘zbekistonda sayyohlik infratuzilmasini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani yurtingizga sayyohlar oqimining ko‘payishiga xizmat qilayotir.
– Mazkur tadbir joriy yilda turizm sohasidagi muhim voqealardan biri bo‘ldi, – deydi «Ameks travel» sayyohlik kompaniyasi prezidenti An Byong Chol. – Janubiy Koreyaning sayyohlik kompaniyalari va turoperatorlari O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati bilan yaqindan tanishish va o‘zbekistonlik hamkasblari bilan hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish uchun qulay imkoniyatga ega bo‘ldi. Ayniqsa, O‘zbekiston turizm sohasida ham jadal rivojlanayotgani, yurtingizda jahon madaniyati durdonalarini asrab-avaylash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotgani quvonarlidir.
Tadbir doirasida O‘zbekiston va Janubiy Koreya turoperatorlari ishtirokida B2B formatida o‘tkazilgan uchrashuvlarda mamlakatimizga sayyohlar oqimini ko‘paytirishga ko‘maklashish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Xususan, Koreya Respublikasining «Chanel A» va «SBS» ommaviy axborot vositalari vakillari Janubiy Koreya sayyohlik sanoati vakillarini mamlakatimizning sayyohlik salohiyati bilan tanishtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Ular O‘zbekistonning me’moriy yodgorliklari, boy tarixi, noyob madaniy merosi va o‘ziga xos an’ana va urf-odatlari to‘g‘risida axborotni tarqatishda yordam berishga tayyor ekanini ta’kidladi.