O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston kibersporti yangi marralarni ko‘zlamoqda
2017-06-07 | Texnologiyalar
O‘zbekiston komputer va kibersport o‘yinlari assotsiatsiyasi “IeSF” xalqaro ye-sport federatsiyasining teng huquqli a’zosi bo‘ldi. Bu yurtimizda kibersportni yanada rivojlantirish va kibersportchilarimiz mahoratini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “Uzinfocom” komputer va axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish markazi, “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi, “IeSF” xalqaro ye-sport federatsiyasi, O‘zbekiston komputer va kibersport o‘yinlari assotsiatsiyasi vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston komputer va kibersport o‘yinlari assotsiatsiyasi prezidenti Z.Aliyev, “IeSF” xalqaro ye-sport federatsiyasi boshqaruvi a’zosi K.Surkont va boshqalar jahonda turli komputer o‘yinlari ishqibozlari soni yil sayin ko‘payib boryotganini ta’kidladi. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda o‘nlab iste’dodli yosh kibersportchilar xalqaro maydonda muvaffaqiyatli ishtirok etib, nufuzli turnirlarda sovrinli o‘rinlarni egallamoqda. O‘zbekistonlik geymerlar 2007 va 2009-yillarda Osiyo o‘yinlarida sovrindorlar qatoridan joy oldi. 2013-yilda Koreya Respublikasining Inchxon shahrida bo‘lib o‘tgan “AIMAG 2013” IV Osiyo o‘yinlarida hamyurtimiz Pavel Saprikin virtual futbol bo‘yicha bellashuvda xitoylik ye-sportchi bilan kurashda so‘nggi final bosqichining uchta uchrashuvi yakuni bo‘yicha g‘oliblikni ko‘lga kiritdi va shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy egalladi.
Mamlakatimizda xalqaro sport harakatining bir qismi sifatida kibersportni yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston komputer va kibersport o‘yinlari assotsiatsiyasi tashkil etildi. Ushbu tuzilma O‘zbekistonda kibersportni yanada rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish, innovatsion tarmoqlar uchun iste’dodli yoshlarni aniqlashga ko‘maklashish, kibersport bo‘yicha mamlakat chempionati, birinchiligi va kubogi musobaqalarini tashkil etish va o‘tkazish bilan shug‘ullanadi. Assotsiatsiya shuningdek, terma jamoamizning xalqaro musobaqalarda ishtirokini ta’minlaydi, komputer sporti o‘yinchilari, mutaxassislari va faxriylari huquq va manfaatlarini ijtimoiy himoya qiladi.
“IeSF” xalqaro ye-sport federatsiyasiga a’zo bo‘lish O‘zbekistonda ham “IeSF” qonun-qoidalari asosida har yili komputer o‘yinlari bo‘yicha rasmiy chempionatlar o‘tkazish, mamlakatimiz terma jamoasiga chempionatning “IeSF” versiyasi bo‘yicha final bosqichida ishtirok etish huquqini beradi.