O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bemorlar viloyatning o‘zida davolanadi
2017-06-06 | Jamiyat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida Andijon shahrida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya va Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining filiallarini tashkil etish, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi, Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasini rekonstruksiya qilish va zamonaviy jihozlash ishlarini belgilab berdi.
O‘zA muxbiri bu borada amalga oshiriladigan ishlar va ularning ahamiyati xususida mutaxassislar bilan suhbatlashdi.
Ravshanbek Qurbonov, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi direktori:
– Prezidentimiz rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimi tubdan isloh etilmoqda. Kasalliklarni profilaktika qilish va samarali davolash maqsadida tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inlari takomillashtirilmoqda, joylarda zamonaviy shifoxonalar tashkil etilmoqda.
Kardiologiya yo‘nalishida ham aholini qamrab olish kengaymoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Xorazmda Rossiya Federatsiyasining A.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi ilmiy-amaliy markazi filiali tashkil etildi. Termiz, Qarshi va boshqa shaharlarda yangi klinikalar ochish bo‘yicha ishlar boshlab yuborildi.
Hozirgi kunda Andijon viloyati shifoxonasi va Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasida kardiologiya bo‘limlari mavjud bo‘lib, ular maslahat va tashxis xizmatlari ko‘rsatmoqda. Biroq ko‘pincha bemorlar Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi yoki boshqa shifoxonalarga yuborilmoqda. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida Andijon shahrida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazining filiali tashkil etilmoqda.
Prezidentimiz ushbu filial loyihasi bilan tanishar ekan, uning imkoniyatlari va samaradorligi bilan qiziqdi, qurilish va jihozlash ishlarining har bir jihatiga e’tibor qaratdi. Odamlar hayoti, salomatligiga daxldor bu ishni tezlashtirish, bemorlar va shifokorlar uchun barcha sharoitlarni yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Filial uchun davlatimiz tomonidan zarur mablag‘lar ajratildi. Buning evaziga xorijdan reanimatsiya, angiografiya va operatsiyalar uchun zamonaviy texnika va uskunalar olib kelinadi. Natijada bemorlar viloyatning o‘zida chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, zamonaviy texnologiyalar yordamida davolanadi.
Filialga malakali shifokorlarni jalb etish, bemorlarni avaylash uchun tumanlarda uning bo‘limlarini tashkil etish, zamonaviy texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan kadrlar tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.
Mazkur zamonaviy klinikaning tibbiy-ijtimoiy ahamiyati juda katta. Bu yurak-qon tomir kasalliklarini profilaktika qilish, erta aniqlash va samarali davolash imkonini beradi.
Anvar Alimov, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori:
– Endokrinologik kasalliklarning oldini olish va davolash jahon tibbiyotining dolzarb muammolaridan. Xususan, qandli diabet og‘ir asoratlar qoldiradigan, nogironlik va o‘limga olib keladigan xastalikdir. Shu bois uning oldini olish, aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib turish, tibbiy madaniyatni oshirish zarur.
Markazimiz tomonidan o‘tkazilgan ko‘riklar tahlili Farg‘ona vodiysida, xususan, Andijonda bu boradagi ishlarni kuchaytirishga ehtiyoj borligini ko‘rsatdi. Shu maqsadda Andijonda Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining filiali tashkil etilmoqda. Filial zamonaviy laboratoriya, diagnostika va davolash uskunalari bilan jihozlanadi. Bu yerga poytaxtimiz va Andijon viloyatidagi eng yaxshi mutaxassislar jalb etiladi. Andijon davlat tibbiyot institutida ushbu sohaga ixtisoslashgan shifokorlar tayyorlash kengaytiriladi.
Prezidentimiz topshirig‘iga muvofiq viloyat tumanlarida subfiliallar tashkil etiladi. Ixtisoslashgan tibbiy xizmat xalqimizga yanada yaqinlashtiriladi. Joylarda tibbiy ko‘riklar, targ‘ibot tadbirlari o‘tkazish, tibbiy va ovqatlanish madaniyatini yuksaltirishga katta hissa qo‘shadi.
Erkin Musaboyev, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti direktori:
– Virusli gepatitlar uzoq yillar davomida inson organizmida yashirin tarzda kechadi. Buning natijasida jigar sirrozi, gepatotsellyulyar karsinoma, ya’ni jigar saratoni kelib chiqadi. Bu nafaqat tibbiy, balki og‘ir ijtimoiy, iqtisodiy muammodir. Shu bois yuqumli kasalliklar, xususan, gepatit V va S viruslari tufayli kelib chiqadigan jigarning surunkali xastaliklariga qarshi kurashish dolzarb hisoblanadi.
Murakkab tomoni shundaki, boshqa kasalliklarni isitmasi oshkor qilishi mumkin. Gepatit esa kasallikning so‘nggi bosqichlarida, juda kech namoyon bo‘ladi.
Shu bois bu sohada eng muhimi diagnostikadir. U qanchalik keng qamrovli va tizimli bo‘lsa, belgilari yashirin davridayoq aniqlansa, kasallikni davolash shuncha oson bo‘ladi.
Andijon viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida ana shunday zamonaviy diagnostika tizimi joriy etiladi. Mavjud binolar rekonstruksiya qilinib, bemorlar va mutaxassislar uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi. Yangi shifoxonada aholi keng qatlamlari tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilib, shu yerning o‘zida davolanadi.