O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Andijonda tashkil etiladigan kichik sanoat zonasida 2 ming ish o‘rni yaratiladi
2017-06-03 | Siyosat
Davlatimiz rahbari Andijon shahridagi eski «Andijonmash» aksiyadorlik jamiyatida bo‘ldi. Bu yerda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan kichik sanoat zonasi loyihasi bilan tanishdi.
Bo‘sh turgan yer maydoni 19,16 gektar bo‘lgan mazkur hududda tashkil qilinadigan sanoat zonasida yengil sanoat, elektrokabel, charm-poyabzal mahsulotlari, eshik-rom, mebel, dori-darmon, plastmassa va qurilish materiallari ishlab chiqariladi, meva-sabzavot va poliz mahsulotlari qayta ishlanadi. 2 ming yangi ish o‘rni ochiladi.
Sanoat zonasida tadbirkorlar va tijorat banklari tomonidan 127 milliard so‘mlik 15 loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
“Engelberg Group” MChJning yangi fabrikasi ana shu loyihalardan biri. Alyumin profilli romlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona Turkiya va Germaniyadan keltiriladigan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanadi. “Rohat savdo servis” MChJ tomonidan suspenziyalar, tibbiy mazlar, ampulalar, sirop va tabletkalar ishlab chiqariladi.
Prezidentimizning 2017-yil 23-fevraldagi “Tadbirkorlarning ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishlarini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan viloyatda izchil ishlar olib borilmoqda.
Viloyatdagi xususiylashtirilgan va bo‘sh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Bu borada shahar va tumanlarda qo‘shimcha xatlov ishlari olib borilmoqda. Shu kunga qadar 5 ming 697 bino-inshoot xatlovdan o‘tkazildi, ularning 283 tasi bo‘sh turganligi aniqlangan. Shulardan 210 tasida yangi loyihalar amalga oshirish rejalashtirilgan.
Prezidentimizga taqdim qilingan loyihalar kichik va yirik GESlar qurish, gaz ta’minoti tizimini takomillashtirish, sement va ohak ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarga mo‘ljallangan.
Buloqboshi tumanida Xitoy texnologiyasi asosida yiliga 21 ming tonna kimyoviy cho‘ktirilgan bo‘r mahsuloti ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyiha Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi. Mahsulot to‘liq mahalliy xomashyo – ohaktoshdan olinadi. Korxona ishga tushgach, chet eldan sotib olinayotgan shu turdagi mahsulotga bo‘lgan talab qondiriladi, uni eksport qilish yo‘lga qo‘yiladi.
Davlatimiz rahbari loyiha tashabbuskorlari – tadbirkorlar bilan suhbatlashdi.
“O‘zfarmsanoat” kompaniyasi va tijorat banklari tomonidan 2017-2018-yillarga mo‘ljallangan farmatsevtika sohasini rivojlantirish dasturi loyihasiga Prezidentimiz alohida e’tibor qaratdi.
«Trastbank» tomonidan Andijon tumanida “Zamin Bio Health” jamiyatida yillik quvvati 10 million flakon insulin ishlab chiqarishga ixtisoslashgan loyiha amalga oshirilgach, 100 kishi ish bilan ta’minlanadi.
“O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi va tijorat banklari tomonidan 2017-2018-yillarga mo‘ljallangan mazkur sohani rivojlantirish dasturi loyihasi taqdimoti yaratiladigan ish o‘rinlarining ko‘pligi bilan e’tiborni tortdi.
Prezidentimiz “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi Andijon viloyatida amalga oshirishni rejalashtirgan loyihalar bilan tanishdi.
Bunda yengil avtomobillarning yangi modellarini ishlab chiqarish, uskuna va jihozlarni modernizatsiya qilish, yengil avtomobillar qismlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, yangi modeldagi avtomobillar uchun interer, shtamplangan, payvandlangan panellar, radiator, konditsioner tizimlari, o‘rindiqlar, ovoz so‘ndirgich tizimi qismlari, gaz chiqarish tizimlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Prezidentimiz loyihalarni yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Manba: O'zA