O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston – Hindiston biznes-forumi
2015-03-11 | Iqtisodiyot
Toshkentda O'zbekiston va Hindiston farmatsevtika kompaniyalari vakillarining biznes-forumi bo'lib o'tdi.
Unda O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Sog'liqni saqlash vazirligi vakillari ham ishtirok etdi.
O'zbekiston va Hindiston davlatlari o'rtasidagi samarali hamkorlik farmatsevtika tarmog'ida ham izchil rivojlanib bormoqda.
Tadbirda O'zbekiston Respublikasining "Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to'g'risida"gi qonuni mamlakatimizda farmatsevtika sanoatini rivojlantirishda muhim huquqiy asos bo'lib xizmat qilayotgani ta'kidlandi. Ushbu hujjatga muvofiq, mamlakatimizda import o'rnini bosadigan tovarlar turini kengaytirish va soha korxonalarining eksport salohiyatini yuksaltirishga doir samarali chora-tadbirlar amalga oshirilayotir. "O'zfarmsanoat" davlat aksiyadorlik konserni bu borada alohida o'rin tutmoqda. Konsern tomonidan dori-darmonlar, biopreparatlar va tashxis uskunalarini ishlab chiqarish kengaytirilib, aholini zarur dorivor preparatlar bilan ta'minlash tizimi rivojlantirilmoqda.
O'zbekiston farmatsevtika kompaniyalari vakillari mamlakatimizning ushbu sohadagi salohiyati haqida so'z yuritdi. Yurtimizda 1150 ga yaqin turdagi dorivor o'simliklar o'sadi. Ana shu dorivor o'simliklardan 1400 dan ortiq zamonaviy dori-darmon vositalari ishlab chiqarilayotir. Ushbu yo'nalishda faoliyat ko'rsatayotgan sakkizta ilmiy-tadqiqot instituti olimlari yangi preparatlar yaratish ustida ishlamoqda. Bu esa ishlab chiqaruvchilarni ko'paytirish, mahalliy preparatlar tayyorlashni kengaytirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Sohaga investitsiyalar jalb etilayotgani samarasida dori-darmon va tibbiyot uskunalarini ishlab chiqarish muttasil kengayib bormoqda. Xususan, 2014-2016-yillarga mo'ljallangan investitsiya dasturi doirasida ellikdan ortiq biznes-loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
O'zbekiston farmatsevtika kompaniyalari Germaniya, Xitoy, Janubiy Koreya, Hindiston, Rossiya, Turkiya, Polsha, Bolgariya, Chexiya va boshqa mamlakatlarning yetakchi ishlab chiqaruvchilari bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelmoqda.
Hindiston ishbilarmonlari O'zbekiston farmatsevtika sanoatida erishilayotgan yutuqlarni yuqori baholadi va bu boradagi o'z tajribasi bilan o'rtoqlashdi.
– Ushbu biznes-forumning o'tkazilishi har ikki mamlakat uchun katta ahamiyatga ega, – deydi Hindiston farmatsevtika vositalari eksportini rivojlantirish kengashining (Pharmexcil) mintaqaviy direktori Abxay Singx. – Biz tajriba almashishdan tashqari, kelajakdagi hamkorlik yo'nalishlarini ham belgilab oldik.