2017-2021-yillarda qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yilning 5-maydagi PQ-2343-sonli qarori bilan tasdiqlangan, 2015-2019-yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya sarfi hajmini qisqartirish, energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari Dasturi doirasida keyingi yillarda respublikamizning iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohasida energiya tejamkorligini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Maishiy uskunalarni ishlab chiqarish energetik menejmenti va energetik markirovkalash standartlari joriy etildi. Ko‘chalarni yoritish tizimida energiya iste’moli bo‘yicha samarali texnologiyalarni hamda uy-joy va ijtimoiy binolar uchun energiyani tejaydigan lampalarni joriy qilish ishlari olib borilmoqda, respublika hududida quvvati 40 Vtdan yuqori bo‘lgan cho‘g‘lanma lampalarni sotish to‘xtatildi.
Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining byudjetdan moliyalashtiriladigan muassasalarida energiya sig‘imi yuqori bo‘lgan isitish qozonlarini energiya tejamkorlariga almashtirilmoqda. Energetika tarmog‘ida zamonaviy gaz va bug‘ turbinali qurilmalarni joriy qilish bo‘yicha investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
2017-2021-yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlariga doir qabul qilingan Dastur doirasida 42 ta yangi gidroelektrostansiya qurish va ishlab turgan 32 ta gidroelektrostansiyani modernizatsiya qilish hisobiga 2025-yilga qadar respublikamizning ekologik toza gidroenergiya ishlab chiqarish quvvatlarini 1,7 barobarga oshirish nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, milliy iqtisodiyotning energiya sig‘imi yuqoriligicha qolmoqda, qayta tiklanuvchi manbalarni sanoat ishlab chiqarishiga jalb etish hisobiga yoqilg‘i-energetika balansini diversifikatsiyalash darajasi jahon tendensiyasiga javob bermaydi. Elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarishda birlamchi yoqilg‘i sifatida asosan tabiiy gaz va boshqa an’anaviy uglevodorod yoqilg‘i turlaridan foydalanilmoqda.
Elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining (quyosh, shamol va biogaz energiyasi, kichik tabiiy va sun’iy suv oqimlarining gidroenergiyasi) mavjud yuqori imkoniyatlaridan amalda foydalanilmayapti.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, ishlab chiqarishning energiya sig‘imini qisqartirish, milliy ilmiy-texnikaviy ishlanmalar va sinovdan o‘tgan xalqaro energotejamkor ilg‘or texnologiyalar tadqiqotlarini amaliyotga maqsadli joriy etish sohasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarni ro‘yobga chiqarish maqsadida:
1. Quyidagilar 2017-2021-yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:
qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish sohasida innovatsiya texnologiyalarini, ilmiy-texnikaviy ishlanmalarni joriy etish va energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi jihozlar va asbob-uskunalarni ishlab chiqarish va mahalliylashtirishni, jumladan, texnologiyalarni transfer qilish va muhandislik markazlarini tashkil etish yo‘li bilan kengaytirish;
qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalaridan, ikkilamchi energetika resurslarini energetik utilizatsiya qilishdan foydalangan holda, elektr energiya ishlab chiqarish, quyosh, shamol energiyasi, mikro va kichik gidroelektrostansiyalardan foydalanishning sinovdan o‘tgan texnologiyalari asosida energiya ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilish orqali yoqilg‘i-energetika balansini diversifikatsiyalash;
zamonaviy energiya samarador va energiya tejamkor texnologiyalari asosida mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash va yangilarini yaratish orqali ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar energiya sig‘imini kamaytirish.
2. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Fanlar akademiyasi, “O‘zbekenergo” AJ va “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari Dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb yuritiladi) ma’qullansin, Dastur quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirishga doir investitsiya loyihalari ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq;
2017-2021-yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish va energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari 3-ilovaga muvofiq;
2017-2021-yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida energiya sig‘imini kamaytirish va yoqilg‘i-energetika resurslarini tejashning maqsadli ko‘rsatkichlari 4 va 4a-ilovaga muvofiq;
2017-2021-yillarda byudjet tashkilotlarida energiya samarador isitish qozonlarini joriy etish jadvali 5-ilovaga muvofiq;
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining suv xo‘jaligi tashkilotlari nasos stansiyalarida energiya samarador nasoslar va elektrodvigatellarni joriy etish jadvali 6-ilovaga muvofiq.
Vazirlar Mahkamasi komplekslari, mas’ul ijrochilar – vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari rahbarlariga mazkur qaror bilan ma’qullangan Dasturdagi chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsiy mas’uliyat yuklansin.
Tegishli chora-tadbirlarning amalga oshirilishi uchun mas’ul bo‘lgan vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari har bir parametr va loyiha bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ning bir oy muddatda ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini ta’minlasin.
3. Energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasining yangilangan tarkibi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Respublika komissiyasiga (Aripov A.N.), zarur hollarda, ushbu qaror bilan ma’qullangan chora-tadbirlar Dasturining maqsadli va prognoz ko‘rsatkichlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqi berilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Fan va texnologiyalar agentligi, “O‘zbekgidroenergo” AJ, Quyosh energiyasi xalqaro instituti, “O‘zbekenergo” AJ Ilmiy-texnik markazi ikki oy muddatda qayta tiklanuvchi manbalar energiyasidan foydalanish, shu jumladan, quyosh energetikasini rivojlantirish, energiya samaradorligi sohasidagi mahalliy ishlanmalar va amaliy tadqiqotlarni, shuningdek, sinovdan o‘tgan xorijiy ilg‘or texnologiyalarni transfer qilish imkoniyatini tahlil qilish asosida iqtisodiyot va ijtimoiy soha tarmoqlarida qayta tiklanuvchi manbalar energiyasini maqsadli joriy qilish va quyosh energetikasini rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi “O‘zbekneftgaz” MXK, “O‘zbekenergo” AJ va “O‘zbekgidroenergo” AJ bilan birgalikda har yili yoqilg‘i-energetika resurslarini ishlab chiqarish va iste’moli prognoz ko‘rsatkichlarini shakllantirishda ularning hajmlarini ushbu qarorning 4 va 4a-ilovalariga muvofiq nazarda tutsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda byudjet tashkilotlarining xarajatlar smetasida, shuningdek, mahalliy byudjetlar qo‘rsatkichlarida Dasturga kiritilgan chora-tadbirlarning bajarilishi uchun zarur mablag‘larni asoslangan hisob-kitoblarga ko‘ra nazarda tutsin.
7. Belgilab qo‘yilsinki:
belgilangan quvvatlari tegishli ravishda 0,2 MVt va 30 MVt bo‘lgan mikro va kichik gidroelektrostansiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi iste’molchilar, shuningdek, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan va ikkilamchi energetik resurslardan foydalangan holda energiya ishlab chiqaruvchilar yagona elektr energetikasi va elektr energiyasi iste’molchilarining tarmoqlariga qonunchilik talablariga muvofiq blok-stansiyalar shartlarida ulanishlari mumkin;
qayta tiklanuvchi energiya manbalari va ikkilamchi energetik resurslardan foydalanadigan qurilmalar yagona elektr energetikasi tizimi operatorining dispetcherlik grafigida elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha qazilma yoqilg‘ilaridan foydalanadigan energiya ishlab chiqaruvchi quvvatlarga nisbatan ustuvorlikka egadir;
mavjud elektr tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va (yoki) kengaytirish uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalari uskunalarini (qurilmalarini) ulash bilan bog‘liq xarajatlar ushbu tarmoq egalari tomonidan, yagona elektr energetikasi tizimiga ulash nuqtasigacha esa – qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchi tomonidan amalga oshiriladi;
yagona elektr energetika tizimiga yetkazib berilayotgan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan (“O‘zbekgidroenergo” AJdan tashqari) ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblar uchun amaldagi tarif qiymatida (qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olmagan holda), yagona elektr energetika tizimi bo‘yicha elektr energiyasi birligini yetkazib berish tannarxiga kamaytirilgan qiymatda, shuningdek, hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining elektr energiyasi birligini taqsimlash va sotish qiymatiga kamaytirilgan holda, amalga oshiriladi.
Bunda qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olmagan holda hisob-kitoblar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 5-maydagi “2015-2019-yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya sarfi hajmini qisqartirish, energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida”gi PQ-2343-sonli qarori 5-bandining ikkinchi xatboshida nazarda tutilgan qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashdan ozod qilish bo‘yicha imtiyoz va preferensiyalarning amal qilish davrida amalga oshiriladi.
Hududiy elektr tarmoqlari korxonalari “O‘zbekenergo” AJ va mahalliy ijro hokimiyati organlari bilan kelishgan holda, qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida elektr energiya ishlab chiqaruvchi iste’molchilardan elektr energiya sotib olish bo‘yicha shartnomalar tuzish huquqiga egadir.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi hamda Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi bilan birgalikda loyihalar tashabbuskorlariga yer uchastkalarini ajratishda va loyiha tashabbuskorlari murojaatlariga asosan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi uskunalarni qurish loyihalarini vakolatli davlat organlari bilan “yagona darcha” tamoyili orqali kelishishda qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘maklashsin;
qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi uskunalarni qurish va foydalanishga topshirishda ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish muddatlariga ijro etilishi yuzasidan nazoratni ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (Ibragimov G‘.I.) uch oy muddatda uglevodorod yoqilg‘isini qazib olish, qayta ishlash, transportirovka qilish, taqsimlash, uglevodorod yoqilg‘isidan foydalanish, uni qayta ishlash orqali energiyani sanoat turlariga aylantirish, issiqlik va elektr energiyasidan foydalanish holati ustidan davlat nazorati tizimini takomillashtirish bo‘yicha choralar ko‘rsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 6-apreldagi F-4891 farmoyishi bilan tashkil qilingan Tovarlar (ishlar, xizmatlar) hajmi va tarkibini tanqidiy tahlil qilish, import o‘rnini bosadigan ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish Komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan ro‘yxatga asosan, respublikamizda ishlab chiqarilmaydigan, Dasturga kiritilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun chetdan olib kelinadigan texnologik uskunalar, xomashyo, materiallar, butlovchi va ehtiyot qismlar, texnologik hujjatlar 2022-yilning 1-yanvarigacha bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlari bundan mustasno) ozod qilinsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi Dasturni amalga oshirish uchun loyiha tashabbuskorlari murojaatlariga asosan xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy hukumat fondlari va tashkilotlarining grantlari, kreditlari va maqsadli mablag‘larining jalb qilinishini doimiy ravishda ta’minlasin.
12. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, “O‘zbekneftgaz” MXK, “O‘zbekenergo” AJ va “O‘zbekgidroenergo” AJ manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha texnologiyalarni joriy qilish, energiya samaradorligini oshirish, yoqilg‘i-energetika resurslaridan tejamli va oqilona foydalanish masalalarini doimiy ravishda keng yoritib borsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 5-maydagi “2015-2019-yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya sarfi hajmini qisqartirish, energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida”gi PQ-2343-sonli qarorining 2-4, 6-bandlari, shuningdek, qarorga 1-6-ilovalar o‘z kuchini yo‘qotgan, deb hisoblansin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonunchilikka mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.I.Ibragimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 26-may
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
“2017-2021-yillarda qayta tiklanuvchi energetikani
yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari
va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish
chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga
SHARH
So‘nggi yillarda respublikamizning iqtisodiyot tarmoqlarida va ijtimoiy sohasida energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Muqobil energiya manbalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2013-yil 1-martdagi Farmoni va “2015-2019-yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya sarfi hajmini qisqartirish, energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida”gi 2015-yil 5-maydagi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan:
energiya samaradorligi va energiyaning qayta tiklanuvchi manbalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil etildi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tarkibida respublika komissiyasining ishchi organi sifatida energiya samaradorligini oshirish bo‘limi tashkil etildi;
Toshkent shahrida Quyosh energiyasi xalqaro instituti faoliyat ko‘rsata boshladi;
Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida O‘zbekistonda quyosh energetikasini rivojlantirishning “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi;
Namangan viloyatining Pop tumanida Koreya Respublikasining Savdo, sanoat va energetika vazirligi ko‘magida 2014-yilning dekabr oyida quvvati 130 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektrik stansiyasi qurildi va ishga tushirildi, ushbu stansiya yagona elektr energetikasi tarmog‘iga ulangan va yiliga 234,3 ming kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega;
Surxondaryo, Namangan va Navoiy viloyatlarida yirik quyosh fotoelektrik stansiyalarini qurish bo‘yicha loyihalar tayyorlanmoqda;
Jahon banki ishtirokida O‘zbekiston Respublikasining shamollar Atlasi ishlab chiqildi, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida quvvati 750 kVt bo‘lgan tajribaviy shamol energoqurilmasini qurish bo‘yicha investitsiya loyihalari yakunlovchi bosqichiga kirdi.
2016-yil yakunlari bo‘yicha iqtisodiyot tarmoqlarida 2016/2017-yil kuz-qish mavsumida energoresurslarni tejash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni hisobga olgan holda, 1210,3 million kVt.soat elektr energiyasi va 991,2 million kub metr tabiiy gazni iqtisod qilishga erishildi, bu esa tarmoqlarning 2016-yildagi iste’molining mos ravishda 5,1 va 3,6 foizini tashkil etadi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 2015-yilda yalpi ichki mahsulotning energiya sig‘imini 10,8 foizga, 2016-yilda 7,2 foizga va 2017-yilning birinchi choragida 12,7 foizga qisqarishiga erishildi.
Shu bilan birga, hozirgi kunda muqobil energiya manbalaridan foydalanishni jadal rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator o‘z yechimini kutayotgan masalalar mavjud.
Respublika hududlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari energiyasidan foydalanish bo‘yicha zaxiralar to‘laligicha ishga solinmagan, ular bo‘yicha hududiy manzilli dasturlar ishlab chiqilishi zarur.
2030-yilga borib 2016-yilga nisbatan yalpi ichki mahsulotning energiya sig‘imini ikki barobarga qisqartirish bo‘yicha qo‘yilgan topshiriqlarni hisobga olgan holda, korxona va tashkilotlarga energiya sarfi hajmini qisqartirish bo‘yicha aniq maqsadli parametrlarni belgilash zarurati mavjud.
Ushbu muhim vazifalarni inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori 2017-2021-yillarda yalpi ichki mahsulotning energiya sig‘imini yanada qisqartirish, mahsulot tannarxini kamaytirish va qayta tiklanuvchi manbalar energiyasidan foydalanishni kengaytirishga yo‘naltirilgan.
Iqtisodiyotni energiya resurslari bilan ikkita vazifani hal etish orqali ta’minlanishi nazarda tutilmoqda. Birinchidan, qayta tiklanuvchi energiya resurslaridan keng foydalanish orqali yoqilg‘i balansini diversifikatsiyalash. Bunda an’anaviy yoqilg‘i turlarini qayta tiklanadigan energiya turlariga almashtirish hisobiga ularning elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarishdagi hissasini kamaytirish nazarda tutilmoqda. Ikkinchidan, iqtisodiyot tarmoqlarida ishlab chiqarishning energiya sig‘imini qisqartirishning uzoq muddatli dasturini amalga oshirish, sanoat faoliyati hududlarining ekologik holatini yaxshilash orqali erishiladi.
Yaqin istiqbolda ustuvor vazifa sifatida iqtisodiyotning energiya va resurs sig‘imini qisqartirish, ishlab chiqarishga energiyani tejaydigan texnologiyalarni keng joriy qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, mehnat samaradorligini oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan jadal foydalanish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish issiqlik va elektr energiyasi kabi energiyaning sanoat turlarini olishni ta’minlashga yo‘naltirilgan bo‘lib, bu uglevodorodlarning o‘rnini bosishga va ularni yuqori likvidli mahsulotlar, xususan, polimerlar, yoqilg‘ining sintetik turlarini ishlab chiqarishga yo‘naltirish imkonini beradi.
Xususan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Fan va texnologiyalar agentligi, “O‘zbekgidroenergo” AJ, Quyosh energiyasi xalqaro instituti, “O‘zbekenergo” AJ Ilmiy-texnik markazi ikki oy muddatda qayta tiklanuvchi manbalar energiyasidan foydalanish, jumladan, quyosh energetikasini rivojlantirish, energiya samaradorligi sohasidagi mahalliy ishlanmalar va amaliy tadqiqotlarni, shuningdek, sinovdan o‘tgan ilg‘or xorijiy texnologiyalarni transfer qilish imkoniyatini tahlil qilish asosida iqtisodiyot va ijtimoiy soha tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini maqsadli joriy qilish va quyosh energetikasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishi va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritishi belgilangan.
Bundan tashqari, qarorda quyidagilar tasdiqlangan:
qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirishning maqsadli parametrlari, bunda 2025-yilga kelib elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatlari tarkibida qayta tiklanuvchi energiya manbalarining hissasini 12,7 foizdan 19,7 foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda, jumladan, gidroelektrostansiyalar bo‘yicha 12,7 foizdan 15,8 foizga, quyosh energetikasi bo‘yicha 2,3 foizga, shamol energetikasi bo‘yicha 1,6 foizga;
qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarining ro‘yxati, bunda 2017-2025-yillarda umumiy qiymati 5,3 milliard dollar bo‘lgan 810 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda;
2017-2021-yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida va ijtimoiy sohada qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish va energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari, unda normativ-huquqiy hujjatlarni, manzilli dasturlarni ishlab chiqish va boshqa ustuvor vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha 28 ta chora-tadbir ko‘zda tutilgan;
2017-2021-yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida ishlab chiqarishning energiya sarf hajmini qisqartirishning maqsadli parametrlari, bunda 25 ta yirik tashkilot va korxona bo‘yicha sanoat mahsulotlari (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarishda energiya sarfining solishtirma normalarini qisqartirishning prognoz ko‘rsatkichlari belgilangan;
2017-2021-yillarda byudjet tashkilotlarida energiya iste’moli jihatidan samarador isitish qozonlarini joriy qilish jadvali, bunda Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining 6333 ta byudjet tashkilotining 17251 ta isitish qozonini almashtirish ko‘zda tutilgan;
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining suv xo‘jaligi tashkilotlari nasos stansiyalarida energiya iste’moli jihatidan samarador nasoslar va elektrodvigatellarni joriy qilish grafigi, bunda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining suv xo‘jaligi tashkilotlarida 879 ta nasos va 1523 ta elektrodvigatelni almashtirish ko‘zda tutilgan.
Ushbu ishlarni moliyalashtirish uchun 2017-2021-yillarda davlat byudjetidan 314,1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.
Ushbu qaror doirasida qabul qilingan chora-tadbirlarninig amalga oshirilishi quyidagilarni ta’minlash imkonini beradi:
qonunchilik va normativ bazani takomillashtirish, shuningdek, energiya tejaydigan texnologiyalarni, zamonaviy hisoblash uskunalarini joriy qilishga va yoqilg‘i-energetika resurslaridan yanada oqilona foydalanishga aholini va xo‘jalik yurituvchi subyektlarni keng jalb qilish;
2025-yilga kelib elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari tarkibida qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini 12,7 foizdan 19,7 foizga yetkazish;
ishlab chiqarishning energiya sig‘imini keskin qisqartirish (9 792,0 tonna shartli yoqilg‘i yoki yiliga 8-10 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda);
Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining 6333 ta byudjet tashkilotida 17251 ta isitish qozonini zamonaviy energiyani tejaydiganlariga almashtirish va 56,5 million kub metrdan ortiq tabiiy gazni tejash;
Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining suv xo‘jaligi tashkilotlarida 1523 ta energiyani ko‘p iste’mol qiluvchi elektrodvigatelni va 879 ta nasosni almashtirish va 807,3 million kVt.soatdan ortiqroq elektr energiyasini tejab qolish;
energiyani tejaydigan texnologiyalarning kirib kelishini kengaytirish, soliq va bojxona imtiyozlari berish hisobiga qayta tiklanuvchi manbalardan energiya hosil qiluvchi uskunalarni qo‘llagan holda energiyadan foydalanishni rag‘batlantirish;
qayta tiklanmaydigan uglevodorod resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotning raqobatdoshligini oshirish, shu asosda iqtisodiyot tarmoqlarini va aholini yoqilg‘i-energetika resurslari bilan barqaror ta’minlab borish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya iste’moli jihatidan samarador texnologiyalarni transfer qilish, ushbu sohadagi uskunalar va butlovchi qismlarni mahalliy korxonalarda ishlab chiqarish;
aholi uchun kafolatlangan energiya resurslarining ochiqligini ta’minlash, ayniqsa, uzoq qishloq hududlarida aholining hayot sifatini yaxshilash va ularning farovonligini oshirish.