O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Barkamol avlod – 2017” mash’alasi Jizzaxga keldi
2017-05-25 | Sport
Toshkent viloyatining Parkent tumanida joylashgan "Fizika-Quyosh" ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi Materialshunoslik institutining quyosh o‘chog‘idan alanga oldirilgan “Barkamol avlod – 2017” sport o‘yinlarining mash’alasi Jizzax shahriga kirib keldi.
Jizzaxgacha bo‘lgan 301 kilometr masofa oralig‘ida Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatlari hududlaridan o‘tish davomida shahar va qishloqlarda yoshlar, jamoatchilik vakillari ishtirokida “Barkamol avlod – 2017” mash’alasini kutib olishga, kuzatishga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Mash’ala Jizzax viloyati chegarasida jamoatchilik vakillari, yoshlar tomonidan karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda yosh avlodni sog‘lom va barkamol insonlar qilib tarbiyalashning muhim vositalaridan biri bo‘lgan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga doimiy e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
– Mamlakatimizda muntazam o‘tkazib kelinayotgan uch bosqichli “Umid nihollari”, “Barkamol avlod”, Universiada sport o‘yinlari biz, yoshlarning katta sportga kirib kelishimizda beqiyos ahamiyatga ega bo‘lmoqda, – deydi Do‘stlik qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji o‘quvchisi, dyuzdo bo‘yicha O‘zbekiston chempioni Shohista Anorova. – Bu e’tibor va g‘amxo‘rlikning ifodasini tumanimiz yoshlari erishayotgan natijalarda ko‘rib turibmiz.