O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ta’limda xalqaro aloqalar rivojlanmoqda
2017-05-25 | Ta’lim
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 20 apreldagi «Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida mamlakatimizdagi har bir oliy ta’lim muassasasi jahonning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatishi, o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalarni joriy qilishi bo‘yicha qator vazifalar yuklatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlar boshlab yuborilgan. Ular doirasida xalqaro ta’lim standartlari asosida fan dasturlari, zamonaviy o‘quv va o‘quv-uslubiy adabiyot hamda majmualarning yangi avlodi 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich ishlab chiqiladi va ta’lim jarayoniga keng joriy qilinadi. 350 dan ortiq xorijlik yuqori malakali pedagog va olimning mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari o‘quv jarayoniga jalb etilishi ham ko‘zda tutilmoqda.
2017-2021 yillar davomida dunyoning 38 davlatidagi 312 oliy ta’lim muassasasida professor-o‘qituvchilarimizdan har yili o‘rtacha 600 mutaxassis malaka oshirish (1 oydan 3 oygacha), 45 kishi stajirovka o‘tash (3 oydan 1 yilgacha), 40 xodim doktoranturada o‘qish (1 yildan 3 yilgacha), 75 talaba magistraturada o‘qish (1 yildan 2 yilgacha) imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Oliy ta’lim muassasalarining xalqaro aloqalari geografiyasi ham kengayib borayotir. Bugungi kunda Yevropa, AQSH, MDH davlatlari, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Hindiston, Malayziya, Indoneziya, Singapurning yetakchi oliy o‘quv yurtlari bilan mustahkam aloqalar o‘rnatilgan. Bu xalqaro tajriba almashish, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish, oliy ta’lim tizimi uchun yangi darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarni hamkorlikda ishlab chiqish, mavjudlarini qayta ishlash va boshqa yo‘nalishlarda yo‘lga qo‘yilgan.
Mamlakatimiz va Yevropa oliy o‘quv yurtlari “Tempus” hamda “Erazmus Mundus” xalqaro ta’lim dasturlari bo‘yicha hamkorlik qilib kelmoqda. Bu kabi dasturlarga barcha viloyatlar va Qoraqalpog‘istondan 56 oliy ta’lim muassasasi qamrab olingan.
E’tiborlisi, mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari va jahonning yetakchi o‘quv yurtlari o‘rtasida tuzilayotgan hamkorlik bo‘yicha memorandum, shartnoma va protokollar salmog‘i ham oshib borayotir. Ushbu jarayonni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti misolida ham ko‘rish mumkin.
– Bugungi kunda xorijning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan 35 memorandumimiz bor, – deydi universitetning xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Nozima Zufarova. – Ularning 15 tasi Prezidentimizning shu yil 20 aprelda qabul qilingan «Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarori ijrosi doirasida tuzildi.
Qaror samarasida 27 nafar talaba va professor-o‘qituvchi nufuzli xorijiy universitetlarda o‘z malakalarini oshirib keldi. Bugungi kunda 12 nafar talaba va ilmiy tadqiqotchi Xalqaro Yaponiya universiteti, Buyuk Britaniyaning Xaddesfild universiteti, Italiyaning Genuya universiteti, Ispaniyaning Las Palmas De Gran Kanariya universiteti, Germaniyaning Bremerxaven, Gretsiyaning Aristotel universiteti, Bolgariyaning Varna menejment universitetida bilim va ko‘nikmasini oshirmoqda.
Yaqinda bitiruvchi talabalarning amaliyotga tayyorgarligini yaxshilash va ish beruvchilarni salohiyatli kadrlar bilan ta’minlash maqsadida Buyuk Britaniyaning Bat universiteti eksperti Yen Krouford bilan davra suhbati tashkil etildi. “Erazmus plyus” dasturi tomonidan moliyalashtirilayotgan hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti ishtirok etayotgan “Staff Mobility towards Enhancement of Teaching Competence and Professional Development” (O‘qitish sifatini yaxshilash va malaka oshirish borasida o‘qituvchilar mobilligi) loyihasi doirasida Germaniyaning Bremen amaliy fanlar universiteti professori Volfgang Lukas, Gretsiyaning Aristotel universiteti xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sofiya Lagoteti va “Erazmus” loyihasi xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Ionna Georgeadu universitet talabalariga ingliz tilida iqtisodiyot fanlari bo‘yicha ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar, professor-o‘qituvchilarga “Strategik menejment” bo‘yicha o‘quv treninglar o‘tkazdi.
Ayni vaqtda esa AQSHning Vayoming universiteti bilan imzolangan memorandumga muvofiq bakalavr va magistratura, katta ilmiy xodim va izlanuvchilarning “Biznes boshqaruvi”, “Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti” yo‘nalishlarida talabalar, tadqiqotchilar hamda akademik xodimlar almashish ustida ish olib borilmoqda. Bunda onlayn ta’limni joriy etish, professor-o‘qituvchi va tadqiqotchilar o‘rtasida muzokarali tanishuv va ish jarayonlarini tashkil etish, nufuzli xorijiy ilmiy jurnallarda hammualliflikda maqolalar e’lon qilish, mutaxassislik bo‘yicha zamonaviy andozalarda ilmiy adabiyotlarni tayyorlash va chop etish, hamkorlik doirasida tadqiqot loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Joriy yil 26-30 iyun kunlari AQSHning Vayoming universiteti o‘qituvchisi Janel Silay ishtirokida “Tadqiqot ishlarini olib borish va uni tahlil qilish” mavzuida besh kunlik seminar-trening tashkil etish mo‘ljallanmoqda. Bu kabi tadbirlarni o‘tkazish uchun eng so‘nggi texnologiyalar asosida jihozlangan “Smart classroom” auditoriyasi tashkil etilgan.
Muxtasar aytganda, yuqorida nomi keltirilgan qaror oliy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalarga mos holda va xalqaro standartlar darajasida oliy malakali mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratishni yangi bosqichga ko‘tarmoqda.
Malohat Husanova, Yolqin Shamsiddinov (surat), O‘zA