O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

26 milliard 400 million so‘m va 7 million 300 ming dollarlik shartnomalar imzolandi

2017-05-25 | Iqtisodiyot

Namanganda viloyatdagi yirik sanoat korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yilda xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilgan tadbirda Namangan viloyatidagi yirik va kichik ishlab chiqarish korxonalari, xususiy tadbirkorlar bilan birga, mamlakatimizning boshqa hududlaridan korxonalar ham o‘z mahsulotlarini namoyish etdi. 

– Prezidentimiz rahnamoligida ishlab chiqarishni kengaytirish, ichki iste’mol bozorini eksportbop va import o‘rnini bosadigan mahsulotlar bilan to‘ldirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Namangan viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari A.Ortiqov. – Bu yo‘nalishda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar qatorida korxonalar o‘rtasida o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash yo‘lida xalqaro va mamlakat miqyosida tashkil etilayotgan yarmarkalar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Buni viloyat sanoat salohiyatining o‘sib borayotgani misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Jumladan, 2009-yili 52 turdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, ayni paytda bu ko‘rsatkich 90 turdan ortiqni tashkil etmoqda. 

Viloyatda turli liboslar, parfyumeriya, charm mahsulotlari, plastmassa buyumlari, santexnika jihozlari, avtomobil chiroqlari, quritilgan sut va mevalar, qadoqlangan tabiiy sharbatlar, pishloq, sariyog‘, kungaboqar yog‘i kabi mahsulotlar ishlab chiqarish rivojlanmoqda. 

– Yarmarkada 270 dan ziyod subyekt o‘zida ishlab chiqarilayotgan 1 ming 200 dan ortiq turdagi mahsuloti bilan ishtirok etdi, – deydi viloyat iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i B.Matmusayev. – E’tiborlisi, yarmarka tibbiyot sohasida foydalaniladigan EKG lentasi, 5 turdagi elektr himoya vositasi, travertin qurilish ashyosi, diodli lampa kabi 22 turdagi yangi mahsulotlar bilan boyidi. Yarmarkada umumiy qiymati 26 milliard 400 million so‘mlik ichki va 7 million 300 ming dollarlik tashqi shartnomalar imzolandi. 

– Sanoat yarmarkasi o‘ziga xos reklama vositasi sifatida tadbirkorlarga katta ko‘makdosh bo‘lmoqda, – deydi “Namangan temir-beton mahsulotlari zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari B.Boqiboyev. – Bugungi tadbirda “Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyatining 1 milliard 150 million so‘mlikdan ziyod shartnoma paketini qo‘lga kiritishga erishdik. 

Yarmarkada mamlakatimizning turli viloyatlaridan kelgan tadbirkorlar o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash yuzasidan fikr almashdi.

 

Akramjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA

Поделиться