O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro hamkorlik: amaliyot va samara
2017-05-24 | Jamiyat
Andijonda “Jarrohlikning dolzarb muammolari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ), Andijon davlat tibbiyot instituti hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda yurtimizdagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, tibbiy ilmiy markazlar mutaxassislari, xorijlik olimlar, iqtidorli talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini yuksaltirish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xodimlar bilim va malakasini oshirish, kasalliklarni erta aniqlash va davolashda fan yutuqlaridan keng foydalanish borasida izchil ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.
– Bugun nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo jarrohlik amaliyotida zamonaviy texnologiyalar, ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanish, jarrohlikka ilg‘or tajribalarni joriy etish muhim masaladir, – deydi Andijon davlat tibbiyot instituti rektori vazifasini bajaruvchi Madaminjon Madazimov. – Mazkur anjuman ana shu yo‘nalishdagi hamkorlik ishlarini takomillashtirish va yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, ilg‘or ish usul va tajribalarni ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbirda jarrohlik amaliyotida yangi texnologiyalardan samarali foydalanish, xastaliklarni erta aniqlash va davolash, ilmiy-tadqiqot ishlarini sifat jihatidan yanada yuqori darajaga ko‘tarish, xorijlik mutaxassislar bilan hamkorlikni, xalqaro aloqalarni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Rossiya, Germaniya, Ukraina, Qirg‘izistondan kelgan olimlar, mutaxassislarning mavzuga doir ma’ruzalari tinglandi.
Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasida Sankt-Peterburg tibbiyot universiteti mutaxassislari tomonidan laparoskopiya yordamida o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotini anjuman ishtirokchilari bilan birga Farg‘ona, Namangan viloyatlari jarrohlari onlayn tarzda kuzatdi. Ilmiy-anjuman davomida xorijlik olimlar ishtirokida 16 ana shunday jarrohlik amaliyoti amalga oshirildi.
– O‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan bir necha yildan buyon hamkorlik qilib kelamiz, – deydi Sankt-Peterburg tibbiyot universiteti professori Igor Bakulin. – Mamlakatingizda aholi salomatligini muhofaza qilish borasida e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, jarrohlik sohasida erishilayotgan yutuqlar alohida tahsinga sazovor.
Anjuman doirasida yurtimizda faoliyat olib borayotgan qator tibbiyot va farmatsevtika kompaniyalari tomonidan dori-darmonlar, jarrohlik amaliyotida qo‘llanadigan asbob-uskunalar va vositalar ko‘rgazmasi tashkil etildi.