O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Vladimir Kolokolsev: O‘zbekiston ichki ishlar tizimidagi islohotlar bizda katta taassurot qoldirdi
2017-05-23 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlik keng ko‘lam kasb etgan. Mamlakatlarimizning huquqni muhofaza qiluvchi idoralari o‘rtasida ham yaqin aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil aprel oyida Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi barcha darajadagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tardi. Ichki ishlar vazirliklari o‘rtasidagi aloqalar ham yanada mustahkamlanmoqda.
Rossiya Federatsiyasi ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev mamlakatimizga tashrifi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlar haqida O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan uchrashuv juda mazmunli bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyevning huquq-tartibot tizimi va soha xodimlari faoliyatini chuqur bilishi meni hayratga soldi.
O‘zbekistonda jamoat tartibini saqlash, tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlashga qaratilayotgan e’tibor, soha xodimlariga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdik. Tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar bizda katta taassurot qoldirdi. Rossiya huquq-tartibot organlari faoliyatiga tatbiq etish mumkin bo‘lgan jihatlarni belgilab oldik.
Uchrashuvda ichki ishlar organlari faoliyatining asosiy mezoni jamoatchilik fikri bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi. Bu juda to‘g‘ri fikr. Tizim xodimlari faqat hisobot yoki statistika ma’lumotlariga asoslanib xotirjamlikka berilishi mumkin emas. Ularning ishi natijasini odamlar sezmaguncha huquq-tartibot organlari faoliyatini samarali, deb bo‘lmaydi.
Bugun imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida 2017-2018-yillarga mo‘ljallangan hamkorlikka oid hujjatni amaliy mazmun bilan to‘ldirib boramiz.